“Qanaqa bolasan, o‘zi?”
Ma’lumki, bola ilk tarbiyani oilada oladi. Jigarbandingizning maktabda o‘qishi, o‘rtoqlari orasida o‘zini tuta olishi, o‘qituvchining topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarishi – bularning bari uning bolalikda oilada olgan tarbiyasi bilan bevosita bog‘liq.
Shu o‘rinda, bolaga faqat talabchanlik qilish bilan cheklanib qolmaslik kerak. Ota-ona farzandining qalbini jarohatlaydigan, uni qattiq xafa qilishi mumkin bo‘lgan, eng asosiysi, bolaning kelajagiga “bolta uradigan” so‘zlardan ehtiyot bo‘lishi, ularni mutlaqo ishlatmasligi kerak. Quyida ularning ayrimlari haqida ma’lumot beramiz.
- “Men seni yomon ko‘raman”. Bu iboraning boshqacha shakli ham bor – “Agar gapimga quloq solmasang, men seni yomon ko‘raman”. Bu kasal so‘zlar bolada “Men yomon bolaman, hech kimga kerak emasman. Faqat yaxshi ishlarim uchungina meni taqdirlashadi, agar xatoga yo‘l qo‘ysam, meni hech kim qo‘llamaydi” degan noto‘g‘ri tasavvurning uyg‘onishiga sabab bo‘ladi. Bu esa farzandni ota-onasidan uzoqlashtiradigan asosiy salbiy omillardan biridir.
- “Qo‘lingdan kelmaydi! Kel, yaxshisi o‘zim”. Tanqid ruhida aytilgan ushbu ibora dilbandingizni o‘zini past baholashiga zamin yaratadi. Bola o‘z dunyosida bu tanqidga nisbatan “demak, men uddalay olmayman, qo‘limdan kelmaydi, omadsiz bolaman” kabi noto‘g‘ri qarashni yuzaga keltiradi.
- “Nega sen faqat 4 ga o‘qiysan? Qachon 5 baho olasan?” Bu tanqid bola uchun juda og‘riqli sanaladi. Farzandingizda “ota-onam uchun yetarli darajada yaxshi bola bo‘la olmayapman” degan noto‘g‘ri fikr paydo bo‘ladi. Dilbandingizni a’lo baho olishida sizning ham hissangiz borligini aslo unutmang. Uni maqtab qo‘yish esa ziyon qilmaydi.
- “Do‘sting Jasurbek juda yaxshi bola, sen bo‘lsa…”. Bolalar uchun bu kabi taqqoslashlar ularning murg‘ak qalbiga juda og‘ir botadi. Birinchidan farzandingizda uning “yaxshi” do‘stiga nisbatan nosog‘lom kurash yuzaga keladi, ikkinchidan unda qizg‘anish, ota-onasining mehriga nisbatan shubha uyg‘onadi.
- Shaxsiyatga tegish. “Ahmoq”, “anqov” kabi qo‘pol so‘zlarni ishlatish. Bola o‘zi uchun doimo ideal sanalgan ota-onasining bu kabi gaplariga ishonadi. Natijada esa o‘zini xuddi ular aytganidek tuta boshlaydi. Ota-ona qanday qilib hech narsaning uddasidan chiqa olmaydigan farzand tarbiyalaganini tushunganida, afsuski juda kech bo‘ladi.
- “Qanaqa bolasan, o‘zi?”. Bu kabi iboralarni tez-tez takrorlayversangiz, farzandingizning fe’l-atvorini erkin shakllanishiga to‘siq bo‘lasiz. Uni ma’lum bir qolipga solib qo‘yasiz. Kelajakda u odamlar orasida o‘zini noqulay his qiladi, xato qilayotganday tuyulaveradi. O‘z qobig‘iga o‘ralib oladi. Unutmang, odamovi, no‘noq bolalarning aksariyati bu kabi iboralarni hayotlari davomida juda ko‘p bor eshitishgan.
- “Jim bo‘lasanmi, yo‘qmi?” Odatda kattalar bolaning tixirlik qilib so‘rayotgan narsasini berib, undan “qutulib” qo‘ya qolishadi. Bu holda unda nimanidir so‘rab injiqlik qilsagina hamma narsaga erishish mumkin ekan, degan tushuncha yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi va u keyinchalik ota-onasining ta’qiqlarini jiddiy qabul qilmaydi.
Xurshida HUSENOVA