Ona va bola salomatligi jurnalistlar nigohida
Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamkorligida “Ona va bola salomatligi muhofazasi mavzusini yoritish masalalari”ga ixtisoslashgan jurnalistlar uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbir “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi va YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan ishlab chiqilgan “Ona va bola salomatligi masalalarini yoritishda O‘zbekiston OAV salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Seminarda bu yo‘nalishda yuqori malakali jurnalistlar, tahlilchilar va sharhlovchilarni tayyorlash, ularning mahoratini oshirish masalasining muhimligi ta’kidlandi. Loyiha O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishda OAVning rolini mustahkamlash, mamlakatning barcha hududlaridagi jurnalistlarning professionallik darajasini oshirish, ularning onalik va bolalik muhofazasi masalalariga ixtisoslashuviga ko‘maklashishga alohida ahamiyat qaratilgan. Bu esa o‘z navbatida OAVning davlat tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan ijtimoiy sherikligi va hamkorligini kengaytirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.
Ikki yil davom etadigan loyiha doirasida o‘tkaziladigan davra suhbatlari va seminarlarda sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalaridan yetakchi mutaxassislar ishtirok etadi. Ular jurnalistlar bilan maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish, joylarda uchrab turgan muammolar va ularni hal etish yo‘llari haqida mulohaza yuritadilar, shuningdek, bu mavzularda sifatli materiallar tayyorlashda maslahat yordamlarini ko‘rsatadi.
Shu bilan birgalikda seminar-treningda “Ona va bola salomatligi masalalarini yoritishda O‘zbekiston OAV salohiyatini oshirish” loyihasi haqida qisqacha ma’lumot berildi, “Ona va bola salomatligi muhofazasi yo‘lida qilinayotgan ishlar, bu borada joylarda uchrayotgan ayrim muammolar, ularni bartaraf etishda OAV mas’uliyatini oshirish” masalalari haqida ma’ruzalar tinglandi.
Mayna HASANOVA