Bilim va ma’rifat haftaligi
Mamlakatimiz aholisini axborot-kutubxonalar bilan ta’minlashni tashkil etishdagi sa’y-harakatlarda barcha jabhalar, ayniqsa, ta’lim, ma’rifiy sohalarga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, axborot-kutubxona muassasalarining faoliyatini davr ruhi bilan hamohang yo‘lga qo‘yish, ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tayotgan “INFOLIB – 2016” V Milliy axborot-kutubxona haftaligi ham buning dalilidir.
Mazkur haftalikda turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlarining vakillari, hududlar va tarmoqlardagi axborot-kutubxona muassasalarining xodimlari, o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar, o‘quvchilar ishtirok etdi.
Milliy axborot-kutubxona haftaligidan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish, madaniy-ma’naviy merosimizni asrash, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga internet orqali sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, aholining turli qatlamlariga kutubxona xizmatini ko‘rsatishda ma’rifat maskanlarining ijtimoiy-madaniy rolini oshirishdan iboratdir.
Bu yilgi haftalikning o‘ziga xos jihati yurtimizning turli hududlari, vazirlik va idoralar tarkibidagi axborot-kutubxona maskanlari faoliyatini keng va atroflicha o‘rganish, tahlil etish, ilg‘or ish tajribasini ommalashtirishdir. “Mustaqillikning 25 yili: mintaqalar rivojlanishi dinamikasi” nomli videomuloqot, “Eng yaxshi axborot-kutubxona muassasasi mutaxassisi – 2016” tanlovi, “Axborot-kutubxona resurslari katalogizatsiyasining dolzarb masalalari” mavzuidagi trening, “O‘zbekiston axborot-kutubxona muassasalarining bibliografik faoliyati: rivojlanish istiqbollari” mavzuidagi o‘quv-seminar, “Zamonaviy axborot texnologiyalari asosida axborot-kutubxona resurslarini saqlash, restavratsiya va konservatsiya qilish, elektron bazasini yaratish” o‘quv-seminari, “Axborot-kutubxona sohasida marketing” nomli treninglar o‘tkazilmoqda.
Milliy kutubxona, Xalq ta’limi vazirligi, YUNYeSKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligidagi “O‘quvchining axborot madaniyati” nomli o‘quv-metodik kompleksi taqdimoti 1-4-sinf o‘quvchilarining kitobxonlik, internet va boshqa manbalardagi ma’lumotlardan foydalanish madaniyatini oshirishga xizmat qilmoqda. “ZiyoNET” tarmog‘ida masofaviy ta’lim vositalari” nomli o‘quv dasturlar taqdimoti pedagoglar, talabalar, maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlar uchun birdek qiziqarli bo‘lishi shubhasiz. Turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, she’rxonlik, musiqa kechalari, yangi adabiyotlar taqdimoti, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, sportchilar bilan uchrashuvlar, ma’rifiy filmlar namoyishi bo‘lib o‘tadi.
Xorijiy davlatlarning elchixonalari, Britaniya kengashi, Toshkentdagi Gyote instituti bilan hamkorlikdagi tadbirlarda xorijiy ma’rifiy dasturlar haqida to‘laqonli ma’lumotlar berildi. Shuningdek, milliy hunarmandchilik, tasviriy san’at, shaxmat bo‘yicha tashkil etilgan mahorat saboqlari bolalarning bilimlarini yanada boyitdi. Haftalik doirasida kutubxona o‘qish zallarida yangi adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi, nashriyotlar va kitob savdosi tashkilotlarining mahsulotlari yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilari o‘rtasida “Kitob ummoni bo‘ylab sayohat” nomli adabiy savol-javob o‘yini, “Ta’lim sohasidagi huquqingizni bilasizmi? ” nomli viktorina, “Jonajon yurtim – mening rasmlarimda”, “O‘zbekiston kelajagi – mening tasavvurimda” deb nomlangan badiiy, adabiy tanlovlar yoshlarning tafakkurini charxlashga xizmat qiladi.
Haftalik doirasida tashkil etilgan o‘quv-seminarlarda soha muassasalarining rivojlanishi, kitoblarni saqlashda axborot-kutubxona markazlarining roli, turli vazirlik va idoralar, o‘quv dargohlari axborot-kutubxona maskanlarining o‘zaro hamkorligi kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.
N. NORBOBOYEV