Gripp kasalligini oyoqda o‘tkazmang, uning asoratlari hayot uchun xavfli

Gripp – eng tez tarqaladigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida uchraydi. Bu xastalik uchun mavsumiylik xos bo‘lib, asosan kuz va qish oylarida kuzatiladi. Kasallik ko‘rsatkichlarining mavsumiy ko‘tarilishi yilning noyabr-mart oylariga to‘g‘ri keladi.

Ushbu virusning A, V va S turlari mavjud. Kasallik manbai faqat bemor odam hisoblanadi. Virus atrofdagi sog‘lom odamlarga asosan havo-tomchi yo‘li bilan bemor aksirganda, yo‘talganda, gaplashganda tez yuqadi. Bu dardning birinchi belgilari paydo bo‘lgunga qadar, bir necha soatdan 3 kungacha vaqt o‘tadi va u to‘satdan, o‘tkir boshlanadi.

 

Emlashdan oldin barcha emlanuvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart. Tibbiyot xodimi tomonidan ruxsat berilgandagina emlanish kerak.

 

Gripp kasalligiga barcha yoshdagilar moyil bo‘ladi. Ayniqsa, zaif, ya’ni immun tizimi past bo‘lgan bolalar, keksa yoshdagi kishilar, homilador ayollar hamda surunkali xastaliklar bilan og‘riganlarda bemorlik tez rivojlanadi va og‘ir kechadi.

Xastalik nafas yo‘llarining yallig‘lanishi bilan boshlanib, keyinchalik bemorda tana harorati 38-40 darajaga ko‘tariladi. Unda bosh va tomoq og‘rishi, xastaning burni bitishi va undan suyuqlik ajralishi, yo‘tal, mushaklarda og‘riq kuzatiladi. Dardmand odam holsizlanadi, ishtahasi buziladi, ba’zi hollarda qusadi. Kasallik bemorlarda yengil, o‘rta va og‘ir shakllarda kechadi. Uning eng xavfli asoratlari o‘pka to‘qimalarining yallig‘lanishi – pnevmoniya (zotiljam), meningit (miya pardasining yallig‘lanishi), meningoensefalit (miya pardasi va uning moddasi yallig‘lanishi), otit (o‘rta quloqning yallig‘lanishi, sinusit (burun yondosh bo‘shliqlarining yallig‘lanishi), nefrit, piyelonefrit (buyrakning yallig‘lanishi) kabi bo‘ladi. Shuning uchun ham xalqimiz tomonidan “Gripning o‘zi emas, balki uning asoratlari yomon” degan fikr bejiz aytilmagan. Ba’zida dardning yengil shakllari bilan og‘rigan bemorlar atrofdagilar uchun ko‘proq xavf tug‘diradi. Chunki, bunday bemorlar aksariyat hollarda uyida davolanmasdan, kasalligiga yetarli darajada e’tibor bermay, uni oyoqda o‘tkazadilar.

 

Respublikada grippga qarshi emlash 1970 yillarda boshlangan bo‘lib, unda gripga qarshi vaksina faqat intronazal, ya’ni burun orqali tomizilgan. Ilmiy izlanishlar olib borilishi natijasida hozirda vaksinalarning yangi turlari ishlab chiqarilgan.

 

Kuz va qish mavsumi boshlanishini e’tiborga olgan holda yurtdoshlarimizga gripga qarshi emlanish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lar edik. Shuningdek, mavsumga xos kiyinish shart. O‘z vaqtida ovqatlanish va dam olish ham organizmda immunitetni mustahkamlaydi. Qolaversa, xonalarni vaqti-vaqti bilan shamollatib turish va ularni kunda nam latta bilan tozalash kerak. Ishlab chiqarish korxonalari, davolash-profilaktika va o‘quv muassasalari, tashkilot va idoralar hamda turar joy binolarida issiqlik rejimiga rioya qilish darkor. Barcha xonalarning issiqlik harorati 22 darajadan past bo‘lmasligi lozim.

Yana o‘qing:  HARAKATLI O‘YINLAR – BOLALAR BUYRAK KASALLIKLARIDA ShIFOBAXSH OMIL

Kasallikni erta aniqlash maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablarning kirish joylarida ertalabki filtrni tashkil etish kerak. Gripp va o‘tkir respirator kasalliklariga xos bo‘lgan belgilar aniqlangan shaxslarni jamoaga qo‘ymaslik shart.

 

Emlashga tibbiy cheklovlar bo‘lmasa, 6 oydan boshlab barcha sog‘lom fuqarolarni gripga emlash mumkin.

 

Bemor bolalarni izolyatorga joylashtirish hamda ularning ota-onasiga va hududiy poliklinika shifokoriga xabar berish darkor.

Ertalabgi filtr ishini amalga oshiradigan hamda gripp va o‘tkir respirator kasalliklarga gumon qilinib, izolyatorga yotqizilgan bemorlarni parvarish qiladigan xodimlarning maxsus respirator yoki doka niqoblar bilan ta’minlanishi nazoratga olinadi.

O‘quv-tarbiya muassasalarida xonalarni tanaffusda shamollatish rejimi tashkil qilinishi kerak. Maktabgacha ta’lim muassasalarida har kuni bolalarni kamida 2 marta toza havoga sayrga olib chiqish zarur. Barcha o‘quv-tarbiya muassasalarida sanitariya-targ‘ibot ishlarini olib borish maqsadga muvofiq. Uyushgan jamoalarda, konsert zallari, kinoteatr, o‘quv va ish joylarini kuniga 3-4 marotaba shamollatib turish, xonalarda dezinfeksiya moddalarini qo‘llangan holda namli latta bilan tozalash ishlarini olib borish shart.

 

Gripp vaksinasi 1 yil davomida kasalikka qarshi immunitetni paydo qiladi va shu davr ichida odamni ushbu xastalikdan asraydi.

 

O‘zingiz va atrofdagilar sog‘lom bo‘lishini xohlasangiz, gripp va o‘tkir respirator kasalliklariga gumon qilsangiz, darhol shifokorga murojaat qiling.

Gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiya (O‘RVI) bilan og‘rigan barcha bemorlar harorat ko‘tarilganda, albatta, yotishi va shifokorni uyiga chaqirishi lozim. Kasallikni oyoqda o‘tkazmaslik, bemorning tuzalishida muhim hisoblanadi. Shifokor maslahati va tavsiyalari asosida ish tutish, agar bemor uy sharoitida davolansa, unga alohida xona, idish-tovoq, sochiq, o‘rin-ko‘rpa ajratilishi shart. Bemorga qarayotganlar burun va og‘izlarini respirator yoki dokali niqob bilan to‘sishlari va qo‘llarini tez-tez sovunlab yuvib turishlari darkor.

Xasta odamga ko‘proq quruq mevalar qaynatmasi, meva va sabzavot sharbatlarini ichirish hamda yengil hazm bo‘ladigan oqsil va vitaminlarga boy taomlarni iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Bemor jamoat joylari (ishxona, o‘qish, kinoteatr, konsert zallari, yig‘ilishlar, mehmondorchilik)ga bormasligi lozim. Xasta inson o‘zboshimchalik bilan davolanish og‘ir asoratlarga olib kelishini unutmasligi zarur.

 

Emlangandan so‘ng nojo‘ya o‘zgarishlar kuzatilsa, darhol tibbiyot xodimlariga murojaat qilish zarur.

 

Yana o‘qing:  Zumradoylar – shirintoylar

Kasallikni oldini olishda tanani chiniqtirish, badantarbiya bilan muntazam shug‘ullanish, ochiq havoda sayr qilish hamda o‘z vaqtida ovqatlanish muhim ahamiyatga ega. Sovuq kunlarda issiq kiyinish, albatta ko‘chaga bosh kiyimsiz chiqmaslik, oyoqlarni issiq bo‘lishi muhimdir. Kasallik avj olgan paytda (dekabr, yanvar, fevral) oylarida nafaqat epidemik jihatdan ahamiyatga ega korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilari, balki barcha fuqarolar uchun og‘iz-burniga maxsus niqob taqishni tavsiya etamiz.

Xastalik qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, u inson salomatligi va uning turmush tarziga jiddiy putur yetkazadi. Shu bois, sog‘ligimizga bo‘lgan mas’uliyatni chuqur his etgan holda mavsumiy kasalliklardan o‘zimizni ehtiyot qilaylik. Unutmang, kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal.

 

Dilorom TURSUNOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemilogiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: