Eng ko‘p medal vakillarimizda
Samarqand eshkak eshish kanalida o‘tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo ochiq kubogi va parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati yakunlandi.
Uch kun davom etgan musobaqalarda dunyoning 14 davlatidan kelgan 200 dan ortiq sportchi g‘oliblik uchun bahslashdi. Dastlab, parakanoe bo‘yicha birinchi Osiyo chempionati o‘tkazilib, unda mamlakatimiz sportchilari 2 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, eng yaxshi natijani qayd etdi.
Osiyo ochiq kubogi bahslari har galgidek murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolari 11 ta oltin, 10 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Musobaqa davomida vakillarimizga qozog‘istonlik sportchilar asosiy raqib bo‘ldi va yakunda ular 7 ta oltin, 7 ta kumush, 4 ta bronza medaliga ega bo‘ldi. Mazkur bahslarda Qirg‘iziston termasi a’zolari, Tailand va vyetnamlik sportchilar ham munosib ishtirok etdi.
O‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarda ham oltin medallar uchun yurtimiz vakillari hamda qozog‘istonlik sportchilar o‘rtasida qizg‘in bahs bordi. Yakunda terma jamoamiz a’zolari 10 ta oltin, 14 tadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Musobaqa doirasida Osiyo kanoe federatsiyasi tomonidan parakanoeni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
T. ORTIQOVA