DUNYo RANGLAR OG‘USHIDA
Har bir inson o‘z dunyoqarashini, ichki kechinmalarini, hattoki, orzu-umidlari va armonlarini o‘zicha his etib, o‘ziga xos ifoda etadi. Kimdir o‘ylarini nasr va nazm orqali bayon etsa, yana kimdir musiqa yordamidan foydalanadi. Tasviriy san’atga umrini bag‘ishlagan, uni qurshab turgan dunyoni go‘zal ranglar jilosi bilan tasvirlagan rassom Aziza Mamatova o‘z ijodi mobaynida ulug‘ allomalarimiz, davlat arboblari, zamonamizning yirik olimlari va mashhur kishilarning portretlarini yaratdi.
Rassom A.Mamatova 1947 yil 15 aprelda O‘zbekistonning qadimiy va go‘zal shaharlaridan biri Qo‘qonda ziyoli oilasida dunyoga kelgan.
1973 yil Rossiya Badiiy Akademiyasi qoshidagi I. Repin nomidagi Sankt-Peterburg rang-tasvir, haykaltaroshlik va arxitektura institutini, 1980 yil aspiranturani tamomladi.
Rassom ayolning ijodida portret janri yetakchilik qiladi. U o‘z asarlarida go‘zallik orqali san’atning ezgulikka boshlovchi qudratini, hayot davomiyligini namoyish qilishga harakat qiladi. Rassom asarlarida inson siymosidagi milliy ruh ufurib turadi. Mustaqilligimizning 21 yillik bayrami munosabati bilan “Temuriylar tarixi muzeyi”da rassomning “Vaqt va inson” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan edi. Aziza Mamatovaning qator asarlari Angliya, AQSH, Mongoliya, Rossiya davlatlari muzey va galereyalaridan o‘rin olgan.
Portret janri ustasining bebaho san’at asarlari orasida mohirona tasvirlangan yozuvchi Chingiz Aytmatovning siymosi alohida o‘rin egallaydi. Sababi, mo‘yqalam ustasi adibning portretini shu qadar jonli va ta’sirli ishlaganki, go‘yo yozuvchining jonli siymosi qarshingizda turgandek. O‘ttiz sakkiz yillik faoliyatida o‘nlab tasviriy san’atda ko‘zga ko‘ringan ijodkorlarni tarbiyaladi. 1994 yilda Azizaxon Mamatova “Turkiston allomalari” turkum portretlari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga, 1997 yilda Vatanimiz sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan o‘g‘lonlar siymosini badiiylik bilan tasvirlagani uchun O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi diplomiga sazovor bo‘ldi.
Qator yillardan buyon Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida yosh musavvirlarga ustozlik qilayotgan Aziza Mamatova o‘z shogirdlariga rassomlik mahorati va sirlarini o‘rgatib boradi. Mahoratli va tajribali ustozning izidan borayotgan iqtidorli talabalarning intilishlariga havas qilsang arziydi.
Zahroxon MUSAYEVA