VAQT INTIZOMI
Hayot – inson uchun eng bebaho boylik. U yillardan, oylar va kunlardan tashkil topadi. Zero, o‘tib borayotgan har soniya aziz umrimizning ajralmas qismidir. Uni qanday o‘tkazyapmiz-u nimalarga sarf etyapmiz? Shunisi muhim.
Har kuni umr daftarimizdan yangi bir sahifa ochilgani kabi, atrofimizdagi olamning surati ham har kuni yangilanadi. Bu yangilanish insonni tafakkurga chorlaydi. Umrning o‘tib borayotganini tafakkur qilgan inson undan oqilona foydalanib qolishga, xayrli ishlarga shoshilishga, uni isrof qilmaslikka intiladi.
Mazkur haqiqatni teran tushunib yetganlar inson hayoti uchun vaqt intizomi qanchalar zarurligini ta’kidlashgan. Bu haqda ko‘pdan-ko‘p ilmiy amaliy izlanishlar qilingan. Ularning barchasida umumiy bir ma’noga e’tibor qaratiladi.
HOMILADORLIKDA VAQT TARBIYASI
Unga ko‘ra insonning vaqt intizomi haqidagi masala ustida bosh qotirish o‘sha inson dunyoga kelishidan avval boshlanishi kerak. Avvalo uning bo‘lajak ota-onasi vaqt intizomi haqida mukammal nazariy tushunchani egallab hamda uning amaliyotiga tayyor bo‘lishlari lozim. Chunki, homila ona qornida paydo bo‘lgach, unga onaning ayrim xususiyatlari o‘ta boshlaydi. Bu esa, avvalo, vaqt intizomiga bo‘lg‘usi onaning o‘zi qat’iy rioya qilishi zarurligini taqozo etadi. Farzand tug‘ilib, o‘zi mustaqil harakatlana boshlagunicha unga onasining qat’iy vaqt intizomi ostidagi davriy parvarishi juda zarur. Homiladorik davrida tabiat go‘zalliklarini tomosha qilish, yaxshi fe’l-atvorli insonlar suhbatining ijobiy ta’siri va, ayniqsa, bo‘lajak onaning xushxulqi go‘dakka irsiyat orqali o‘tadi. Go‘dak tug‘ilgach, esini taniy boshlaganidan eng go‘zal odob-axloqqa o‘rgatiladi. Aqlini taniy boshlaganida esa uning kelajagi uchun eng muhim va eng zarur bo‘lgan bilimlar beriladi. Mustaqil fikrlash, ish yuritishga o‘rgatilib boriladi. Voyaga yetib, mukammal bo‘lgunicha shu zaylda tarbiya qilinadi. Shundan keyingina farzand umrining ma’lum pallasiga yetganda o‘z hayotining barcha jihatlarini inobatga olib, o‘z hayot nizomini tuzib chiqish imkoniga ega shaxsga aylanadi. Aks holda, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan farzandlarning qimmatli vaqtlari behuda o‘tib, yelga sovuriladi.
Vaqt bilan bog‘liq muammolar, avvalo, vaqt hodisasining mazmun-mohiyatini va uning xususiyatlarini to‘g‘ri anglamaslik hamda taqsimotini kundalik hayotga tadbiq eta olmaslik vositasida paydo bo‘ladi. Bulardan xabardor bo‘lmagan kishi vaqtni to‘lig‘ligicha o‘z bilganicha tasarruf qilishga kirishadi. Natijada esa bir qator salbiy holatlar yuzaga keladi. Vaqt bilan bog‘liq muammolarning aksari vaqtning qat’iy intizomi masalasiga e’tiborsizlik oqibatidir. Bu hol ayniqsa, yoshlarda juda ko‘p uchraydi. Oldindan aniq belgilab olingan tartib-rejalarsiz yashash va faoliyat yuritishga bora-bora inson ko‘nikib qoladi. Bu so‘zni alohida ta’kidlayotganimizning sababi shundaki, bir necha yillik tartib-rejalarsiz o‘tayotgan umr o‘z egasini hech o‘ylantirmay,tashvishlantirmay, hatto ajablantirmay qo‘ydi. Bunday kimsalarga vaqtning shiddat bilan o‘tib, tugab borayotgani ham ta’sir qilmaydi. Ular kecha va kunduzning almashinishi, fasllar va yillar o‘tishini, o‘z hayotining so‘nib bitishini bir chekkada turib, loqayd, befarq kuzatib turuvchi tomoshabin kabidir. O‘z hayotini bunday g‘aflat va loqaydlikda o‘tkazuvchilar millat uchun ham jamiyat uchun ham juda xavfli.
UMR IMKONIYATI
Vaqtni tartibga solish bilan hordiq chiqarish va dam olishga ham imkon yaratiladi. Chunki, inson uzoq ishlasa, jismonan toliqqani kabi, ma’naviy jihatdan ham charchaydi. Shu bois maroqli hordiq chiqarishga ham vaqt ajratib turishi kerak. Uzoq vaqt muntazam shug‘ullanish insonni zo‘riqtirib qo‘yadi, ish va o‘qishga bo‘lgan rag‘bat va ishtiyoqini susaytiradi.
Jamiyatimizda vaqt masalasiga to‘g‘ri yondashuvni ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilayotgani hammamizga ma’lum. Ya’ni, davlat bosh islohotchisi sifatida ta’lim-tarbiya bilan shug‘ullanuvchi har bir muassasa yosh avlodni qat’iy vaqt intizomiga o‘rgatish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Bo‘sh vaqtni samarali o‘tkazish uchun ham muayyan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar, to‘garaklar, mazmunli dam olish ishlari amaliyotga kiritilgan. Har bir inson o‘ziga berilgan vaqtdan unumli foydalangan holda, o‘z ustida doimiy izlanishlar olib borishi, mukammallik sari intilib yashamog‘i lozim. Binobarin, hayot ne’mati insonga bir martagina beriladi. Qilinishi zarur ishlarga ulgurishi, belgilab qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun vaqtning mazmun-mohiyatini anglab, ahamiyatini idrok qilish, uning bir lahzasini ham noto‘g‘ri sarflamaslik, isrof qilmaslik nihoyatda muhim. Bu masala insonlarning shaxsiy ishlari emas, har bir oilaning va jamiyatning oldida turgan eng dolzarb masalalardan biridir.
G‘ulomjon BOBOJONOV