Maqsad aniq bo‘lsa, ishda unum bo‘ladi
Ma’lumki, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, yosh tadbirkorlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, ushbu qaror kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, korxonalarni texnik va texnologik yangilash, milliy hunarmandchilik, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish hamda ayollarning bandlik darajasini oshirishda salmoqli o‘rin tutmoqda. Quvonarlisi, bugungi kunga kelib, ishlab chiqarish va milliy hunarmandchilik yo‘nalishida kichik korxona tashkil etib, yurtimiz ayollarini ish bilan ta’minlayotgan tadbirkor xotin-qizlar safi tobora kengayib bormoqda.
Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi “Bahor ilhomi” oilaviy korxonasi rahbari Gulbahor Ruhiddinova ham yurtimizning yosh va izlanuvchan tadbirkor ayollaridan sanaladi. U mo‘jazgina tikuvchilik sexini tashkil etganida, kasb-hunar kollejini tamomlagan yoshgina qiz edi. 2013 yilda “Kamolot” YOIH tomonidan o‘tkazilgan “Yosh tabirkor – yurtga madadkor” tanlovida qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgach, Gulbahor bankdan 45 mln. so‘mlik kredit oldi. So‘ng ushbu mablag‘ hisobiga o‘z shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘ydi.
– “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovida g‘olib bo‘lishim, o‘z kuchimga bo‘lgan ishonchimni yanada mustahkamladi, g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shdi. Bankdan olgan kredit evaziga 24 dona zamonaviy tikuv mashinalarini xarid qilib, 25 nafar malakali tikuvchi va kollej bitiruvchilari bilan ishni yo‘lga qo‘ydim. Bugungi kunga kelib esa 40 nafar tikuvchi va 10 dan ortiq shogirdlar bilan samarali faoliyat yuritib kelmoqdamiz. Asosan, tabiiy tolali matolardan bolalar uchun turli kiyim-kechaklar tayyorlaymiz. Kelajakda ko‘plab ish o‘rinlari yaratib, o‘z mahsulotlarimizni nafaqat ichki, balki tashqi bozorga ham olib chiqishni maqsad qilganmiz.
Gulbahor shu kunga qadar O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Yosh mutaxassislar” tanlovining respublika bosqichi, “Tashabbus – 2014”ning viloyat bosqichi hamda O‘zLiDePning “Ishbilarmon ayol” loyihasida faxrli o‘rinlarni egallab, yurtimizning intiluvchan yoshlaridan ekanini isbotladi. Shuningdek, u mamlakatimizda tashkil etilgan turli xalqaro ko‘rgazmalarda o‘z mahsulotlari bilan faol ishtirok etib, ko‘plab hamkorlar bilan ikkitomonlama shartnomalar imzolashga muvaffaq bo‘lmoqda.
Maqsadi aniq, puxta rejaga asoslangan ish hamisha barokatli bo‘ladi. Quvonarlisi, yurtimizda Gulbahor Ruhiddinova kabi bilimli va izlanuvchan yoshlar talaygina. Ular esa yaratilgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalangan holda tinmay izlanmoqda va bu orqali yurtimiz ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotir.
Mayna HASANOVA