“G‘uncha” bag‘ridagi shodon bolalar

Yoz faslini bolajonlar o‘zgacha intiqlik bilan kutadilar. Bu vaqtga kelib, ular maktabdagi saboqlarni yakunlab, ta’tilga chiqishadi. So‘ngra sevimli maskanlari – yozgi oromgohlar tomon oshiqadi.

Ha, oromgohda dam olishning ham o‘ziga xos gashti bor. Yangi do‘stlar, tog‘ yon-bag‘irlariga sayohat, ko‘ngilochar o‘yinlar… Xullas, unda o‘tgan har bir kun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ladi.

Psixologlarning ta’kidlashicha, yozgi oromgohlarda dam olish bola tarbiyasi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Xususan, unda mustaqil fikrlash, harakat qilish qobiliyati rivojlanadi. Shuningdek, u tengdoshlari bilan bevosita muloqotga kirishadi, natijada bolada hayotga, atrof-muhitga bo‘lgan munosabat o‘zgaradi. Soddaroq qilib aytganda, murg‘ak vujudda kattalarga xos xatti-harakatlar shakllanib boradi.

Shu bilan birga, bu fasl bolalarning sog‘lig‘ini mustahkamlash uchun ham eng yaxshi davrdir. Ularning tabiat qo‘ynida dam olishi, yangi taassurotlarni boshdan kechirishi, harakat erkinligi uchun tabiiy sharoitlarni yaratilishi yosh o‘g‘il-qizlar uchun ham jismonan, ham ruhan rivojlanishi va organizmni tashqi ta’sirlarga chidamli bo‘lishiga yordam beradi.

O‘tgan yillardagi kabi joriy yil ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan “Respublika oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish Konsepsiyasi” talablari asosida bolalarni sog‘lomlashtirish mavsumini namunali tashkil etish va uyushqoqlik bilan o‘tkazish ishlari rejadagidek olib borilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “2016 yilgi sog‘lomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik va bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish” mavzuiga bag‘ishlangan o‘quv-uslubiy seminarlar tashkil etilib, bolalarni sog‘lomlashtirish ishlariga aloqador bo‘lgan barcha xodim va mutaxassislarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalari oshirildi.

– Joriy yilgi mavsumga tayyorgarlik ishlari o‘tgan yilgi mavsum tugashi bilanoq boshlangan edi. Unga ko‘ra bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta’minlash bo‘yicha Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhi tomonidan oromgohlarda, eng avvalo bolalar xavfsizligini ta’minlash, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni uzluksiz ravishda yetkazib berish, malakali kadrlarni jalb etish va dam olish maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova. – Shuningdek, barcha turdagi oromgohlar maxsus ishlab chiqilgan tavsiyalar, uslubiy-qo‘llanmalar, bolalar uchun mo‘ljallangan filmlar, qo‘shiq va she’rlar to‘plamidan iborat kompakt-disklar, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari uchun ssenariylar to‘plamidan iborat kitoblar bilan ta’minlandi.

Yana o‘qing:  7 kun davomida

Darhaqiqat, joriy yilda mamlakatimiz miqyosida 1 ming 204 ta oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ulardan 213 tasi statsionar, 851 tasi kunduzgi, 140 tasi esa mehnat va dam oldirish oromgohlaridir. Ushbu dam olish maskanlarida 292 ming 46 nafar o‘g‘il-qizlarni sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarining 40 ming nafardan ortig‘i hamda Orolbo‘yi mintaqasi, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan 4500 nafar bolajonlarning bepul dam olishi tashkil etilmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi Xumson tog‘ yon bag‘irlarida joylashgan “G‘uncha” oromgohida ham ushbu mavsumda 900 nafar bolajonlarning maroqli dam olishlari rejalashtirilgan. Aytish joizki, ushbu maskanda bolalarning har bir kunni o‘ziga xos, ko‘ngilli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

1979 yilda tashkil topgan ushbu dam olish maskaniga tashrif buyurar ekanmiz, bu yerdagi bolajonlarning yuz-ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, bolalik davriga qaytgandek bo‘ldik. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, oromgohda dam oluvchilarning 60 nafarini Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hisoblanishar ekan. 10 gektar yer maydoniga ega bo‘lgan ushbu sihatgohda ular har yili miriqib dam olishadi, yetti turdagi to‘garaklarda hunar o‘rganishadi.

– Oromgohda dam olishni yaxshi ko‘raman, – deydi qoraqalpog‘istonlik Guloyim Ayimbetova – Har yili ko‘plab do‘stlar orttiraman. Ular bilan qadrdon bo‘lib ketganmiz. Bu safar ham yana o‘sha do‘stlarim bilan birga dam olmoqdamiz. Ular bilan sport to‘garaklariga qatnashamiz, sayohatlarga chiqamiz.

Bolalar bilan suhbat qurar ekanman, biri qo‘yib, biri o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi. Shu vaqt oromgoh rahbari ham suhbatimizga qo‘shildi.

– Yil davomida o‘qish bilan band bo‘lgan bolalar yoz mavsumida maroqli dam olishni istaydi. Demak, oromgohda o‘tgan har bir kun ular uchun unutilmas bo‘lishi kerak. Shularni hisobga olgan holda bu yil ham dam olish maskanimizda ko‘plab ko‘ngilochar va sport tadbirlarini o‘tkazishni rejalashtirayapmiz, – deydi “G‘uncha” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi direktori Yuliya Matenova. – Sport musobaqalari, festivallar, turli ko‘rik-tanlovlar, taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari shular jumlasidandir. Shuningdek, chet tili, xoreografiya, biser, yumshoq o‘yinchoqlar yasash, rasm chizish, kulolchilik, shaxmat-shashka to‘garaklarida ham bolajonlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishayotir.

Yana o‘qing:  Suzish havzalari – orombaxsh

Oromgohdan qaytarkanmiz, bu go‘shada maroqli hordiq chiqarayotgan bolajonlarga chindan-da havasimiz keldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: