Mahallada tibbiy ko‘rik
aholi salomatligini saqlashda muhim omil
– Mahalla faollari xonadonimizga kelib, poliklinikada tibbiy ko‘rik bo‘layotgani, unda qatnashishim kerakligi haqida aytishganda, bu men uchun ortiqcha ishdek tuyulgandi, – deydi Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani, “Yangi hayot” mahallasida yashovchi Oyzoda opa Muqimova.
– Ammo qishloqdoshlarimdan qolmay, deb poliklinikaga bordim. Ko‘rik davomida menda kasallikning yashirin shakllari mavjudligi aniqlandi. Agar vaqtida oldi olinmasa, asorati yomon bo‘lishini aytishdi. Shundan so‘ng davolandim. Agar tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganimda ham sog‘lig‘imga, ham hamyonimga jiddiy zarar yetishi aniq edi.
Darhaqiqat, mazkur maqsadda respublikamiz miqyosidagi mahallalarda hududdagi oilaviy poliklinika, fuqarolar yig‘in qoshidagi xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiya va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro hayriya fondi tibbiy-ijtimoiy markaz hududiy filiallarining patronaj brigada shifokorlari tomonidan yilida ikki marta 15-49 yosh oralig‘idagi ayollar uchun muntazam tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda. Har bir oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish xususida maslahat va tavsiyalar berib borilayotir.
Shu bilan birga bugungi kunda respublikamizda mahallalar tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy savodxonligini yuksaltirish, oilalar ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirish, yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish bo‘yicha mahalla diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanidagi “Yangi hayot” qishloq fuqarolar yig‘inida ham bu borada ibratli ishlar amalga oshirilayotir. Mahalla raisi Norpo‘lat aka Karimovning aytishicha, mazkur go‘shada fuqarolar yig‘inlari faollari bilan hamkorlikda onalik va bolalikni himoya qilish, oilada sog‘lom muhitni shakllantirish, turli kasalliklarning oldini olish yuzasidan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazilyapti. Har bir xonadon uchun alohida oila daftari tutilgan. Unda oila a’zolarining salomatligi, qanday kasalliklarga chalingani qayd etilib, mahalla vakillari tomonidan maslahat va zaruriy ko‘rsatmalar berilib, nazoratga olinadi. Shuningdek, oilada tibbiy madaniyatni shakllantirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani bois, shifokorlar hamkorligida har bir xonadonda ro‘zg‘or tutimining gigenik holatlari o‘rganib chiqilmoqda.
Toshkent viloyati, Olmaliq shahridagi Bobur mahallasida ham tibbiyot xodimlari tomonidan har haftada bir marotaba mahalla raisi va sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari bilan hamkorlikda aholinining tibbiy madaniyatini oshirish masalasida seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatning yanada yuksalishiga zamin yaratmoqda. Jumladan, ushbu mahallada sog‘liqni saqlash va FHDYo xodimlari ishtirokida “Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish”, “Yosh va keksa, tez-tez va ko‘p tuqqan ayollarning noxush homiladorligining oldini olish”, “Tug‘ruqlar orasidagi maqbul oraliqqa rioya etish zaruriyati” mavzularda seminarlar, uchrashuvlar o‘tkaziladi.
– Bobur mahallasida aholi reproduktiv salomatligini yaxshilashda avvalo, mutaxassislarimizning bilimiga ko‘proq tayanamiz. Shu sabab diniy ma’rifat va ma’naviy axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar doimiy harakatdagi o‘quv seminarlarida reproduktiv salomatlik masalalari bo‘yicha o‘qitiladi. Buning natijasida ular olgan bilimlarini mahallada o‘z ish faoliyatida qo‘llashmoqda, tibbiy madaniyatni oshirishda milliy urf-odatlarni targ‘ib va tashviq qilishmokda, – deydi Bobur mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akrom Ibodullayev.
Shuningdek, hozirda mahallalarda “Mahalla” jamoat fondi hamkorligida “Sog‘lom ona-sog‘lom bola”, “Sog‘lom farzand kelajakning poydevori” mavzularida buklet va eslatmalar tarqatilmoqda. Bundan tashqari “Sog‘lom ona – sog‘lom bola”, “Sog‘lom farzand – sog‘lom jamiyat poydevori” mavzularida tadbirlar tashkil etilmoqda hamda eslatma va bukletlar orqali aholi turli qatlamlarining tibbiy madaniyatini oshirish borasidagi targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga sog‘lom bola tug‘ilishi va tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanib, har tomonlama barkamol, yetuk farzandlarni tarbiyalagan namunali oilalarning hayotiy tajribalarini targ‘ib etish maqsadida mahallalarda ko‘rik-tanlovlar ham o‘tkaziladiki, bu oilalarning yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri