Yosh iste’dodlar tanlovi
Mamlakatimizda o‘tkazib kelinayotgan turli xalqaro tanlov va festivallar O‘zbekistonning boy madaniy merosini jahon uzra keng targ‘ib etish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ularning milliy musiqa merosini o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida damli va zarbli cholg‘u asboblari ijrochiligi bo‘yicha “San’at g‘unchalari”xalqaro tanlovi boshlandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. Unda yurtimizdagi madaniyat, musiqa va san’atga ixtisoslashgan umumta’lim maktablari, litsey va kollejlar o‘quvchilari hamda MDH mamlakatlaridan kelgan yosh iqtidor egalari fleyta, goboy, klarnet, fagot, saksofon, truba, valtorna, trombon, tuba kabi damli va zarbli cholg‘u asboblari yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etmoqda.
– O‘zbekistonlik yosh ijrochilarning chiqishlarini kuzata turib, ularning iste’dodiga qoyil qoldim, – deydi ozarbayjonlik Asaf Mailov. – Men ham festivalda bor iqtidorimni namoyish etib, sovrindorlar safidan joy olishga harakat qilaman.
Tanlov shu yilning 16 mayiga qadar davom etadi.
N. NORBOBOYEV