Chiroyli “qalpoqcha”lar jozibasiga uchmang
zaharli qo‘ziqorinlardan ehtiyot bo‘ling
Bahor faslidagi yog‘ingarchiliklar tufayli zamburug‘, ya’ni qo‘ziqorinlarning unib-o‘sishi uchun qulay sharoit vujudga keladi. Bugun yer yuzida ularning 100 mingdan ziyod botanik turi bo‘lib, shulardan 200 turigina iste’mol uchun yaroqlidir.
O‘zbekiston hududida esa qo‘ziqorinlarning 200 dan ziyod turi o‘sadi. Biroq, shulardan 25 turinigina iste’mol qilsa bo‘ladi. Qo‘ziqorinlar ma’danli moddalar, oqsil hamda “S” va “V” guruhlariga mansub vitaminlarga juda boydir. Ammo respublikamiz hududida o‘sadigan zamburug‘larning 150 dan ziyod botanik turlari zaharli hisoblanadi. Ularni aslo iste’mol qilib bo‘lmaydi.
Bu turlarga mansub qo‘ziqorinlar tarkibida gelvelat kislotasi, fallotoksin, ammonitotoksin va boshqa zaharli moddalar bo‘lib, ularga qanchalik ishlov berilmasin, tarkibidagi zaharli moddalar yo‘qolib ketmaydi. Ular qizdirishga juda ham turg‘un, qaynatilganda zararsizlanmaydi, oksigen ta’sirida oksidlanmaydi va me’da-ichak fermentlari ta’sirida parchalanmaydi. Oqibatda bunday qo‘ziqorinlarni iste’mol qilgan kishilar zaharlanadi.
Respublikamiz hududida zaharli zamburug‘larning “lepiota”, “muxamor” va “lojni’y openok” (“buramali qo‘ziqorin”) kabi turlari ko‘p uchraydi. Ular bog‘larda, qabristonlarda, sayhon joylarda, daraxtlar tevaragida o‘sadi. Bu kabi zamburug‘lar ham iste’molga yaroqli bo‘lgan qo‘ziqorinlarga o‘xshab, soyabon shaklida o‘sadi.
Tarkibida faqat gelvelat kislotasi bor bo‘lgan zamburug‘lar turiga “smorchok” va “strochok”lar kiradi. Gelvelat kislotasi suvda yaxshi eriganligi sababli, bu turga mansub zamburug‘larni avval suvda qaynatib, so‘ng taom tayyorlash mumkin.
Shaharlararo avtomagistral yo‘llari yoqasida, kimyoviy moddalar ishlab chiqarish korxonalari yoki ular saqlanadigan omborlarga tutash hududlarda o‘sgan iste’mol uchun yaroqli bo‘lgan qo‘ziqorin turlarini ham tanovul qilish mumkin emas. Chunki, qo‘ziqorinlar atmosfera havosi, kimyoviy moddalar bilan zaharlangan suv va tuproqdagi zaharli kimyoviy moddalarni o‘ziga singdirib olish xususiyatiga ega. Shuning uchun terilgan joyi noma’lum bo‘lgan qo‘ziqorinlarni aslo xarid qilmang.
Respublikamizdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan ba’zi shirkatlarga maxsus issiqxonalarda iste’mol uchun yaroqli bo‘lgan “veshanka” va “shampinon” nomli qo‘ziqorin turlarini yetishtirish va ularni sotishga ruxsat berilgan. Bu qo‘ziqorinlar va ulardan tayyorlangan konserva mahsulotlari sanitariya-epidemiologiya xizmati laboratoriyalarida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, ular inson sog‘ligi uchun zararsiz ekanligi ma’lum bo‘lgandan keyingina gigiyenik sertifikat beriladi. Ana shunday tekshiruvdan o‘tgan qo‘ziqorin va undan tayyorlangan mahsulotlarni savdo shoxobchalari orqali xarid qilishingiz mumkin.
Zaharli zamburug‘larni bilmay iste’mol qilgan bemorlarning oradan bir necha soat vaqt o‘tgach, ko‘ngli ayniydi, tez-tez qayt qiladi. Me’da-ichak faoliyati buziladi. Qorinda og‘riq paydo bo‘lib, butun a’zoi badani bo‘shashib ketadi.
Zamburug‘lar tarkibidagi zaharli moddalar jigar, buyrak, me’da osti bezi va markaziy asab tizimi a’zolarini qattiq shikastlaydi. Qo‘ziqorindan zaharlanish alomatlari vujudga kelgan taqdirda bemorga 5-6 piyola iliq nimtatir sho‘r suv ichirilib, uni sun’iy qayt qildirilib, me’dasi yuvilishi kerak. Agar me’da yuvilib, undagi zaharli moddalardan xalos etilmasa, bu moddalar qonga so‘riladi va zaharlanish yanada og‘ir kechadi. Bu bemorlarni uy sharoitida bilib-bilmay davolash og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Buning oldini olish uchun zudlik bilan shifokorga murojaat qilishni unutmang.
Bahodir TOSHPO‘LATOV,
Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat sanitariya nazorati markazi “Ovqatlanish gigiyenasi” bo‘limi mudiri