IMMUNITETNI OSHIRISHDA MUHIM MAHSULOTLAR
Farzandingiz salomatligini yanada mustahkamlash uchun quyidagi mahsulotlarni tavsiya etamiz.
Sut
Ushbu mahsulotlar farzandlarimizning kunlik ratsionida albatta, bo‘lishi shart. Sut foydali xususiyatga ega bo‘lib, ushbu mahsulotda oqsil, yog‘, uglevod va mineral moddalar juda ko‘p bo‘ladi. Bu esa bolalarning sog‘lom o‘sishiga yordam beradi. Lekin go‘dakka haddan tashqari yog‘li sut berish tavsiya etilmaydi. Sutning 1, 5 yoki 2, 5 foizlisini xarid qilish maqsadga muvofiq.
Yogurt va kefir
Ushbu mahsulotlarni xarid qilishda dastlab, ularning tabiiyligiga e’tibor qaratish lozim. Eng yaxshisi ularni uy sharoitida tayyorlagan maqsadga muvofiq. Foydali xususiyatlariga keladigan bo‘lsak mahsulot tarkibida mavjud bo‘lgan sut kislotasidagi tirik bakteriyalar (probiotiklar) ichakdagi optimal bakterial florani saqlab turish uchun juda zarur. Bundan tashqari ular immunitetni ko‘tarishda ijobiy xususiyatga ega. Kefir xarid qilayotganingizda bolaning yoshini ham hisobga olish zarur. Kefirni 8 oylikdan boshlab, yogurtni esa 1, 5 yoshdan keyin berish tavsiya etiladi.
Asal
Asal qadimdan o‘zining shifobaxsh xususiyatlari bilan ma’lum va mashhur. U qon-tomir tizimiga, yurakka ijobiy ta’sir qiladi, immunitetni mustahkamlaydi va gripp va O‘RVI(o‘tkir respirator virusli infeksiyalar)ni davolaydi. Antibakterial xususiyatga ham ega. Biroq, asalni bolaga berishda ayrim me’yor va qoidalarni ham inobatga olish kerak. Agar bolada toshma paydo bo‘lsa, yoki uning qorni og‘risa, shu shirinlikni berishni to‘xtatish lozim. Farzandingiz uchun jo‘ka (lipa) va grechka asalini tanlang. Asalni qaynagan iliq suvga bir qoshiqdan solib haftada ko‘pi bilan 2 marta berish tavsiya etiladi.
Baliq
Baliq bolalar uchun juda foydali hisoblanib, u organizmga to‘yinmagan yog‘ kislotalarini yetkazib beradi. Ular bolaning asab tizimi va miya faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi hamda immunitetning mustahkamlanishiga yordam beradi. Baliqlar ichida laqqa baliq, losos, forel(xonbaliq), paltus, treska, skumbriya va seldlarni xarid qilgan ma’qul. Immunitetni kuchaytirish uchun pediatrlar baliq moyini tavsiya etishadi. Shuningdek, unda kalsiyni yaxshi o‘zlashtirishda zarur bo‘ladigan D vitamini ko‘p. Ammo, baliq mahsuotlarini allergik kasalliklarda iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
So‘k (tariq) yormasi
Ushbu yorma vitaminlar va mineral moddalarga boy bo‘lib, u yaxshi hazm bo‘ladi hamda ovqat hazm qilish tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Biroq, bunda ham bolada glyutenga allergiya bo‘lsa, uni berish tavsiya etilmaydi.
Olma
Ushbu meva o‘zining foydali tarkibini deyarli uzoq vaqt davomida saqlaydi. Olma me’da-ichak tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Ichakdagi bakterial florani tartibga soladi. U anemiya (kamqonlik), charchoq, yuqori haroratda shifobaxsh ta’sirga ega. Gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) avj olgan davrda viruslarni nobud qiladi. Bemorlikda va bola kasallikdan keyin oyoqqa turganida olma bersangiz uning immunitetini mustahkamlaydi.
Bola immunitetini oshirishda muhim mahsulotlarga yana lavlagi, sabzi, piyoz, sarimsoq kabi sabzavotlar va petrushka ko‘katini ham kiritsak bo‘ladi.
Birinchi toifali pediatr Nasiba KAZAKXONOVA tavsiyalari asosida Gulnoza EGAMBERDIYEVA tayyorladi.