HAMJIHATLIK VA AHILLIK TIMSOLI
Milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni o‘zida mujassam etgan umumxalq bayrami Navro‘z ajib tarovatini har yon taratib yurtga qutlug‘ poyqadamini bosib kelar ekan, ko‘ngillarga huzur inadi. So‘rilardan joy olgan nuroniylarning chehrasini quyosh nuri siypalaydi.
Shukronalik tuyg‘usi nigohlarda balqiydi. Qutlug‘ kunda qaysi go‘shaga nazar solmang, yangilanish va bunyodkorlik ishlaridan ko‘zimiz quvonadi.
Bahorning ilk kunlarida yurtimizning barcha go‘shalarida boshlanadigan ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari Navro‘z ayyomi arafasida yanada keng quloch yozadi. Bu ayniqsa, xalqimizning noyob qadriyatlaridan biri bo‘lgan hashar tadbirlarida o‘zining yorqin ifodasini topadi. Bobo nabirasini yetaklab umid bilan yerga nihol qadaydi. Yillar davomida bolamning umri azim chinordek bo‘lsin deya niyatlar qiladi. Ekkan ko‘chatimning hosilidan insonlar bahramand bo‘lsin deydi. Atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtiradi. Bu bayram kishilarning ekologik ong va madaniyatini yuksaltirishga, tabiat oldidagi insoniy burch va mas’uliyatni chuqur anglashga ham o‘rgatadi. Shu bois ushbu bayram tadbirlariga ayniqsa, yoshlarni keng jalb qilish orqali ularni milliy qadriyat va an’analarga hurmat, tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish ruhida kamol toptirish alohida ahamiyatga ega. El orasida birdamlik, mas’ullik hissini yanada yuksaltirish maqsadida yurt bo‘ylab hashar ishlari amalga oshirildi. Atrof-muhitni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bilan birgalikda nogironlar, yolg‘iz qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish kabi qator ishlar amalga oshirildi.
Ushbu tadbirlarni tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, korxona va tashkilotlarning xodimlari, shuningdek, barcha mahallalar aholisi ishtirok etdilar. Hashar kunlari mahallalarda 150 dan ziyod ijtimoiy, savdo va maishiy ob’yektlar, shundan, 19 ta mahalla idoralari, mahalla guzarlari, 22 ta bolalar maydonchasi hamda bolalar sport maydonchalari, 95 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 14 ta ishlab chiqarish sexlari foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan hashar kunlari “O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga 25 tup daraxt mening tuhfam” shiori ostida tizimda mehnat qilayotgan xodimlar o‘z ish joyi atroflari, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari, sanatoriylar hududlariga 75 mingga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, 200 mingdan ortiq gullar ekildi, maydonlar tozalanib, tartibga keltirildi.
Hashar kunlari munosabati bilan yurtimizning ko‘plab hududlarida yangi qurilish inshootlari foydalanishga topshirildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, qariyalar bor joyda qut-baraka, o‘zaro ahillik bo‘ladi. Bayram arafasida yolg‘iz qariyalarimizni yo‘qlash ehtiyojmand oilalar, nogironlarning uy-joylarini ta’mirlash, moddiy yordamlar ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratish ma’naviyatimizning qanchalik yuksakligini anglatadi.
Darhaqiqat, yangilanish va uyg‘onish faslining ulug‘ bayramlaridan biri bo‘lgan Navro‘z fayzu baraka, mehr-oqibat va hamjihatlik timsolidir. Bu ayyomda olam va odam tabiat in’om etgan poklik, obodlik, yaratuvchanlik fazilatlari bilan yashnaydi. Ajdodlarimizdan asrlar osha meros bo‘lib kelayotgan va tobora sayqallanib borayotgan bunday tadbirlarda yer, suv, havo, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, tabiat go‘zalliklarini asrab-avaylashdek ezgu qadriyat mujassamdir.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod”muxbiri