ENDI KIYIM-KEChAKLAR HAM “AQLLI”
“CES – 2016” iste’molchilar elektronikasi ko‘rgazmasida qator qurilmalar bilan birga, “aqlli” kiyim-kechaklar ham taqdim etildi.
Mazkur ko‘rgazmada quyosh batareyalari o‘rnatilgan sumkalar namoyishi ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu sumka yordamida smartfon, planshet va boshqa gadjetlarni quvvatlantirish mumkin. U olti burchakli quyosh batareyalariga ega bo‘lib, energiya ichki akkumulyatorga to‘planadi. Shuningdek, “Aqlli” kiyim-kechaklar tasnifiga kiruvchi erkaklarning NFC-datchiklariga ega ish kostyumlari, golf va fitnes uchun kiyimlar ham iste’molchilarga namoyish etildi.
Ushbu datchiklar potensial mijozlar yoki sheriklar bilan tez axborot almashish imkonini beradi. Sport kiyimlari esa jismoniy faollik ko‘rsatkichlarini kuzatib boruvchi sensorlar va GPS modullar bilan jihozlangan. Yana bir yangilik – Welt “aqlli” kamaridagi datchiklar belni o‘lchaydi, organizmning faoliyat ko‘rsatkichlarini kuzatib, parhez va jismoniy faollik bo‘yicha maslahat beradi.