BOLA NUTQIDAGI NUQSON
Uni qanday bartaraf etamiz?
Bola onggi, uning tafakkuri, nutqining to‘g‘ri rivojlanishi kelajagi uchun nechog‘li muhim ekanini bilasizmi!? Chunki, beg‘ubor farishta misol bolajonning ravon so‘zlashi uning o‘ziga nisbatan nafaqat ishonchini orttiradi, balki ota-onasi ko‘nglini ham tog‘dek ko‘taradi.
– Farzandim Sa’dulloning o‘zini tutishidan xavotirlanayapman, – deya Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan 20-Oilaviy poliklinika nevropatologi Mavluda Qosimovaga bir zum umidvor nigoh qadaydi bolakayning onasi. – Ukasini tug‘ruqxonadan olib kelganimizdan buyon shu ahvol. Bironta o‘yinchog‘ini unga berish tugul dadasi yoki mening chaqaloqni erkalashimiz unga aslo yoqmaydi. Qovog‘i soliq, hatto, gapirishni ham unutib qo‘yayotgandek, ba’zan churq etmay o‘tiraveradi. Bir nima so‘rasak asabiylashib, yig‘laganicha javob qaytarmaydi. Uning nima istayotganini bilolmay qoldik.
Onaning bu gaplaridan so‘ng qanday maslahat berar ekan, deb men ham shifokorni jon qulog‘im bilan eshitishga shaylandim.
– Bola besh yoshgacha hamma narsani tushunib, teran anglaydi. Unga aslo “hali bu hech narsani tushunmaydigan go‘dak” deb qaramaslik lozim. Oiladagilarning barcha e’tibori chaqaloqqa qaratilgani bois o‘g‘lingiz ruhiy tushkunlikka tushib qolgan. Shu boisdan ba’zan gapirishni ham istamay qoladi. Odatda ota-onaning mehri barcha farzandlarga birdek bo‘lishi kerak. Bolangizni aslo yolg‘iz qoldirmang. Uning tengdoshlari bilan muloqot qilishini ta’minlashingiz ijobiy natija beradi. Shuning uchun bolaning maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnagani eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Farzandingizga kerakli muolajalarni tavsiya qilaman, ammo davoni avvalo unga ko‘proq mehr ko‘rsatishdan boshlaysiz. Shifokorning bu so‘zlaridan bir muddat o‘ylanib qolgan ayol sekingina unga rahmat deganicha o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Mavluda opa nega ba’zi bolalar bir yoshga to‘lmasdan gapirib ketishadi-yu ayrimlari esa kechroq tilga kiradi. Umuman bola necha yoshda gapira boshlaydi? – deya shifokorni savolga tutaman men ham fursatdan foydalanib.
– Bola uch oyligidan boshlab “gu-gu” lay boshlaydi. U bir yoshgacha 20 ta so‘zni bilishi kerak. U ikki yoshga kirganida 40- 60 tagacha so‘zni gapira oladi. Uch yoshga kirgach esa jumlalarni qo‘shib so‘zlay olishi lozim. Kichkintoy uch yoshga kirganida ham gapira olmasa albatta shifokorga murojaat qilish shart. Bolaning salomatligi mustahkam bo‘lib, oilada sog‘lom muhit shakllansa hamda kattalarning mehribonligi bois yaxshi so‘zlay oladi.
– Kichkintoy duduqlanib gapirganda qanday davo choralari ko‘riladi?
– Duduqlanishga – qo‘rquv, kasallik, so‘zlashuvdan orqada qolish, salbiy emotsional holatlar, stress (ruhiy zo‘riqish) sabab bo‘ladi. Oiladagi nosog‘lom muhit, turli shikastlar, kattalar tomonidan bolani qo‘rqitish, qorong‘u xonaga bolani kiritish holatlari ham bunga sabab bo‘lishi mumkin. Bola so‘zni buzib talaffuz qilishining yana bir sababi kattalar unga so‘zlarni qisqa, buzib gapirishi natijasida yuzaga keladi.
Ayrim bolalar qattiq hayajonlanganda, asabiylashganda duduqlanib gapiradi. Bunday holat odatda bolakay 2-5 yoshlarda bo‘lganida kuzatiladi. Ayrim bolalar logonevroz xastaligiga duchor bo‘lgani bois ham shunday so‘zlashi mumkin. Bu holda kasallikning turiga qarab logopedik yoki nevrologik yo‘l bilan davolanadi. Kichkintoyni duduqlanishdan davolashda, avvalo, uning uzoq va tinch uxlashiga e’tibor qaratish zarur.
U bilan muloqotga kirishganda sekin, hamda yumshoq so‘zlashish talab etiladi. Maktab davrida bunday o‘quvchilarga o‘qituvchi shirin so‘z bilan muomala qilishi kerak. Logoped tomonidan alohida mashg‘ulotlar o‘tkazilishini ta’minlash zarur.
Bunday bolalarga nisbatan kasallik belgilariga qarab, ya’ni, simptomatik va tinchlantiruvchi davo tayinlanadi. Bundan tashqari har bir oilaviy poliklinikalar qoshida fitobar ochilgan bo‘lib yosh bolalarga olma, malina sharbatidan tayyorlangan kislorodli ko‘pik berilayapti. Na’matak va har xil dorivor giyohlardan tayyorlangan bunday damlamalar miyada qon aylanishini yaxshilab, immunitetni ko‘taradi.
Qadimda buvilarimiz ko‘p yig‘loqi bolani og‘ziga irim qilib oyog‘idagi kalishining orqa tarafini tekizib urib qo‘yishar, go‘yo bu bilan ko‘p yig‘lashning bexosiyatligini bartaraf etishardi. Shuningdek, go‘dak tug‘ruqxonadan uyiga keltirilganida onajonlarimiz dastlab chaqaloqning yo‘rgagini ochib katta farzandlarga mittivoyning jajjigina oyoqchalarini ko‘rsatishardi. Chaqaloqning opa-akalari uni ota-onasidan yoki oilaning kattalaridan qizg‘anmasligi uchun shunday qilingan.
Yoki yumushidan ortmayotgan kelinchakka qaynonasi, ammasining idishini chayib ichirgin, buning yaxshi garpira olmayapti, deganicha nabirasining keyinchalik tili burro bo‘lishini ta’kidlab qo‘yishni aslo unutmasdi. Darhaqiqat, ba’zi bolalarning tili biyron, ayrimlarining esa nutqida nuqsoni bo‘ladi.
Shajarasining davomchisi – har bir farzandning to‘rt muchasi sog‘-omon holda voyaga yetishi faqatgina farzand oila ko‘zgusi ekanini qalban his etgan kattalarning e’tibori sababli amalga oshiriladi.
Go‘dak misoli nihol. Uni to‘g‘ri parvarishlash esa oila atalmish serhosil bog‘ning bog‘bonlariga bog‘liq. Bu bog‘bonlar esa albatta ota-onalardir.
Bolaga so‘zlarni qisqartirib aytish aslo mumkin emas. Aksincha, u bilan so‘zlarni to‘liq talaffuz etib hamda xush muomala tufayli ijobiy natijaga erishiladi.
Jamila HAYDAROVA