“Shirin” kasallikning achchiq oqibatlari
Xalq orasida qandli diabet xususida odamlarda tushuncha mavjud. Ammo uning qandsiz diabet turi ham borligini ko‘pchilik bilmaydi. Hozircha biz qandli diabet xususida so‘z yuritamiz. Ikkinchi xastalik haqida esa keyinchalik ma’lumot beramiz.
Shunday qilib, “shirin” kasallik – qandli diabetning ikki turi tafovut qilinadi: 1–va 2-tur.
1-tur qandli diabet – bu insulin mutloq yetishmovchiligi bilan kechadi. Bu xastalik ko‘proq virusli infeksiyalar, epidparotit, gripp, virusli gepatit, qizamiqdan keyin rivojlanadi.
2-tur qandli diabet – insulinning nisbiy yetishmovchiligi bo‘lib, bu ko‘proq ortiqcha vazn, oilaviy genetik moyillik, stress (ruhiy zo‘riqish) va turli travma (shikast)lardan keyin rivojlanadi. Kasallik ko‘p suv ichish, chanqash, ko‘p peshob ajralishi, ozib ketish bilan boshlanadi. Bemor davolanmagan hollarda og‘ir asoratlar (ko‘z, buyrak, bemorning asab tizimi va yurak qon-tomir tizimining zararlanishi)ga olib keladi.
Qandli diabet mudhish oqibatlarga olib keluvchi kasalliklar o‘rtasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Diabet bilan kasallangan insonlarda insult va infarkt, diabet xastaligi mavjud bo‘lmagan insonlarga nisbatan ikki marta ko‘p uchraydi.
Bunday patologik holatning birinchi ta’riflari kasallikning eng ko‘zga ko‘ringan klinik belgilari – peshob orqali ko‘p suyuqlik yo‘qotish (poliuriya) va qondirib bo‘lmaydigan tashnalik (polidipsiya) bilan berilgan. Qadimda qandli diabet kasalligi tabiblar tomonidan tanada suyuqlik ushlab qolish xususiyatining yo‘qolishi bilan kechadigan patologik holat sifatida ta’riflangan.
Bu xastalik hususida tibbiyot ilmi sultoni, mashhur bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino ham “Tib qonunlari” asarida batafsil ma’lumot bergan. Qandli diabetning kelib chiqishiga insulin yetishmovchiligi sabab bo‘lishini keyinchalik bir necha olimlar o‘z kashfiyotlarida ochib berishdi. 1889 yili Jozef fon Mering va Oskar Minkovski me’da osti bezi olib tashlangan itlarda qandli diabet kasalligi belgilari paydo bo‘lishini aniqladilar. 1910 yilda Edvard Albert Sharpey Shefer me’da osti bezida joylashgan Langergans orolchalari ajratib chiqaradigan kimyoviy modda yetishmovchiligi diabetni keltirib chiqaradi degan taxminga bordi. Bu moddani u insulin, lotincha “insula” – orol deb nomladi. Me’da osti bezining endokrin faoliyati va insulinning diabet rivojlanishidagi rolini 1921 yilda Frederik Banting va Charlz Gerbert isbotladi. Ular me’da osti bezi olib tashlanishi natijasida diabet xastaligi rivojlangan itlarga sog‘lom itlar me’da osti bezi – Langergans orolchalari ekstraktini yuborish orqali kasallik belgilarini yo‘qotish mumkinligini ko‘rsatdilar. Banting va Best qoramol me’da osti bezidan ajratib olib, tozalangan insulinni birinchi bor 1922 yil bemorlarda sinashdi. Bu kashfiyotlari uchun olimlar 1923 yilda tibbiyot yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Shundan so‘ng qandli diabetni insulin bilan davolash jadal rivojlanib bordi.
Qondagi insulin miqdorini aniqlash usullari ishlab chiqilgandan so‘ng shu narsa ma’lum bo‘ldiki, qandli diabet bilan og‘rigan bir qator bemorlarda qondagi insulin miqdori kamayishi emas, balki oshishi kuzatilgan. 1936 yilda janob Garold Persival Ximsvort tomonidan chop etilgan maqolada birinchi bor 1–va 2–tur diabet alohida kasallik deb e’tirof etildi. Bu diabet to‘g‘risidagi farazlarni yana o‘zgartirib, butunlay insulin yetishmovchiligi bilan kechadigan 1-tur va nisbatan insulin yetishmovchiligi bilan kechadigan 2-tur diabet kasalligi borligini ko‘rsatdi.
2006 yildan boshlab 14 noyabr BMT tomonidan “Xalqaro diabet kuni” sifatida nishonlanmoqda. Frederik Grant Banting ushbu sanada tug‘ilgan.
Bemorlar antik davrda ham qandli diabet bilan o‘rta asrda ham kasallanishgan. Lekin o‘sha davrda ham tabiblar xastallik haqida aniq tasavvurga ega bo‘lganlar. Diabetni madorning qurishi va ishtahaning pasayib ketishi, og‘iz qurib, qondirib bo‘lmas chanqoqlik, tez va ko‘p miqdorda peshob ajralishi, uning shirinroq ta’mga ega bo‘lishi va bemorning kuchli ozib ketishi kabi belgilardan ajratib olishgan. Ba’zi odamlarda – asosan yoshlarda, bu belgilar tez, hatto bexosdan paydo bo‘lib, kasallik kuchli namoyon bo‘lgan. Ular go‘yoki bu tuzalmas dardga mahkum etilgadek o‘zlarini his etishgan. Hozirgi zamon tushunchalariga ko‘ra bu bemorlar birinchi tur qandli diabet bilan og‘rigan bo‘lib, ular surunkali holatning og‘irlashishidan emas, balki diabetik komaga tushib, ketoatsidozdan nobud bo‘lganlar. Boshqa turdagi (2-tur) bemorlar balog‘at yoshi, hatto, keksaygan davriga yaqin og‘riganlar. O‘tmishdagi tabiblar ularni och qoldirish, jismoniy tarbiya va shifobaxsh o‘simliklardan tayyorlangan dorivor vositalar bilan davolaganlar.
Zamonaviy tibbiyotda davo vositalarini tanlashda kasallikning og‘ir-engil kechishi, asoratlari bor-yo‘qligi hisobga olinadi. Chunonchi, bemorda irsiyat sababli yoshlik paytida insulin yetishmaganida uning o‘rnini bosish maqsadida insulin yuboriladi. Keksalarda va ko‘proq vazni og‘ir kishilarda insulin nisbatan yetishmaganda shifokor tavsiyasiga ko‘ra parhezga amal qilish va qondagi qand miqdorini kamaytiruvchi vositalardan foydalanish lozim. Kasallik yengil kechganda ko‘pincha parhez buyuriladi. Uglevodlar kam iste’mol qilinadi, ular o‘rniga go‘sht, kartoshka, qora non va boshqa mahsulotlarni iste’mol qilsa bo‘ladi. Yog‘li ovqatlar miqdori kamaytiriladi. Kasallik zo‘rayib ketganda bemorga sariyog‘ va boshqa yog‘ mahsulotlari berilmaydi. Ovqat kaloriyasining deyarli 20 foizi oqsillardan iborat bo‘lishi kerak. Xasta kishi iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari vitaminlar, ayniqsa, S va V guruh vitaminlariga boy bo‘lishi lozim. Bemor ovqatni kuniga 5-6 marta bo‘lib-bo‘lib yeyishi kerak. Insulin bilan davolanishga o‘tgan bemorlar uchun ta’siri 6-8 soatdan 30-36 soatgacha uzaytirilgan insulinlar ishlatiladi. Shifokorning qa’tiy nazoratiga amal qilgan bemorlar kun tartibi va parhezga doir tavsiyalarga aniq rioya qilishi, laboratoriya tekshiruviga o‘z vaqtida kelib turishlari zarur.
Kandli diabet bilan xastalangan bemorlar uchun diyetoterapiya (parhez bilan davolash) bu davolanishning asosiy usuli hisoblanadi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, bemor doimiy ravishda shifokorning tavsiyalarga rioya qilishi, parhez taomlar iste’mol qilishi, sog‘lom turmush tarziga katta e’tibor qaratish, qandli diabetning 2-turida doimiy ravishda dori vositalarini ichib yurish, diabetni kompensatsiya qilishga erishish mumkin. Bu esa o‘z navbatida bemor hayotining yanada yaxshilanishiga olib keladi. Qandli diabetning 1–va 2-turi bilan og‘rigan har bir bemor uchun chuqur tibbiy ko‘rik, laborator tahlillar o‘tkazilishi kerak. Endokrinolog va diyetolog tomonidan davolash va diyetoterapiya bemorga individual tanlanishi zarur.
2-tur qandli diabetda parhez bilan davolashning asosiy maqsadi:
Qonda qand (glyukoza) mikdorini me’yorda saqlanishi va organizmda metabolik jarayonlarni uglevod va yog‘ almashinuvini yaxshilashga qaratilgan. Hozirgi kunda eng yaxshi variant ratsionda oddiy va tez hazm bo‘ladigan uglevodlar va kam yog‘ saqlovchi mahsulot ishlatiladi.
Iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari va ovqatdan energiya, bemor yo‘qotadigan energiyaga to‘g‘ri kelishi kerak. Bemor tez-tez besh marta va kam miqdorda ovqatlanishi kerak. Oxirgi ovkatlanish kechki uyqudan kamida 3 soat oldin bo‘lishi zarur.
Bemor har kuni parhez oziq-ovqatlarni iste’mol qilish bilan birgalikda jismoniy mashqlarni bajarishi kerak. Eng kamida u 1, 5 soat toza havoda piyoda yurishi darkor. Demak, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar shifokor bergan ko‘rsatmalarni vaqtida bajarsa parhezni buzmasa, doimiy jismoniy mashqlarni bajarish bemor umrini uzoq bo‘lishi va sog‘lig‘i mustahkam bo‘lishini kafolatlaydi.
O‘tkir MAVLONOV,
Buxoro viloyat endokrinologiya dispanseri poliklinika mudiri,
oliy toifali shifokor