“G‘UNCHA”KUNLARI DAVOM ETMOQDA
Bolalarning sevimli nashri bo‘lmish “G‘uncha” jurnali tomonidan poytaxtimizdagi 59-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida “G‘uncha kunlari” o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi bolalar shoirasi Umida Abduazimova hamda taniqli ijodkorlar Dilshod Rajab va Shukrulla Abdullayev bolalar davrasida mehmon bo‘ldi.
Tadbir davomida ijodkorlar bolalarga o‘qish, bilim olishning afzalliklari, adabiyotga mehr qo‘yish kelajak poydevori ekanini ta’kidlab, bu borada “G‘uncha” jurnali ularning yaqin do‘sti ekanini aytib o‘tishdi. Umida Abduazimova, Dilshod Rajab kabi atoqli shoirlar ijod namunalaridan o‘qib berdi. Shukrulla Abdullayev esa o‘zining hikoya va ertaklari mazmun-mohiyatini bolalar bilan o‘rtoqlashdi. Shu kuni topishmoq, tez aytishlardan foydalanib “G‘uncha” ijodkorlari tomonidan turli viktorinalar uyushtirildi. O‘quvchilar ham “G‘uncha” jurnalida chop etilgan va o‘zi ijod qilgan she’rlardan o‘qib berdi.
Xuddi shunday tadbir Olmazor tumanidagi 243-umumta’lim maktabida ham tashkil etildi. Tadbirda bolalarning sevimli yozuvchisi, bir necha o‘nlab qiziqarli kitoblar muallifi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev o‘quvchilar bilan uchrashdi.
B. HALIMOV