BAYRAM KEChASIDA VATAN MADHI
Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani 27-umumta’lim maktabida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan sana munosabati bilan “Ona tilim – faxrim, iftixorim” mavzuida musiqali tadbir o‘tkazildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad ona tilimizning so‘z boyligi, uning qadr-qimmati hamda turkiy tillar orasidagi o‘rni haqida kengroq to‘xtalib, yoshlar ongida o‘z ona tiliga bo‘lgan hurmatni yanada oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida kamol toptirishga xizmat qilishdan iborat.
Bayram tadbirida o‘quvchilar o‘zlari tayyorlagan mavzuga doir qiziqarli ma’ruzalar bilan ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar respublikamizda nashrdan chiqqan yangi adabiyotlar, ularning salmog‘i va badiiy ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi. Yig‘ilganlar maktab kutubxonasi videotekasidagi filmlarni tomosha qilishdi. Tadbir davomida mazkur dargohda yurtimizda chop etilgan adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, o‘quvchilar o‘rtasida darslik va adabiyotlarni yuritish tanlovi bo‘lib o‘tdi. Shu kabi adabiy-badiiy kechalarning muntazam o‘tkazib borilishi o‘quvchilar o‘rtasida ijodkorlik ruhiyati qaror topishiga, ular orasida yangi iste’dodlarning kashf etilishiga zamin bo‘ladi.
Tadbir doirasida o‘quvchilar ona tilimizni ulug‘lovchi badiiy asarlardan sahna ko‘rinishi namoyish etishdi. She’rlarni yoddan aytib, ona tilimizni madh etuvchi kuy qo‘shiqlardan ijro etishdi.
Abdunabi TURSUNOV,
G‘allaorol tumani 27-umumta’lim maktabining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari