OILA SALOMATLIGI – JAMIYAT KO‘ZGUSI
Ona yurt tinchligi, uning farovon va mustahkam bo‘lishi oiladan boshlanadi. Oila tinchligi va mustahkamligi esa ikki yoshning dunyoqarashi, fikrlash doirasi va tarbiyasiga bog‘liq.
Yaqinda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Xorazm viloyat bo‘limi jamoasining mazkur yo‘nalishda olib borayotgan ishlari bilan tanishish maqsadida Xorazm viloyatida ijodiy safarda bo‘ldik.
O‘zbekiston Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi raisi Komila Sobirova, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi direktori Nargiza Sharipova, viloyat “Oila” ilmiy markazi direktori Jamila Matchonova, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimi Ikrom Yunusovlar bilan hududdagi qator bilim maskanlarida bo‘lib “Sog‘lom avlod” gazetasi kunlari tadbirlarini o‘tkazdik.
Jumladan, Urganch tumanidagi 1-son umumta’lim maktabi, Gurlan tumanidagi 6-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab, Yangibozor tumanidagi 10-son ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida “Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish” mavzusida suhbat o‘tkazildi. O‘quvchilarning bilim saviyasi, sog‘lom turmush tarzi borasidagi bilimlari, o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazayotganliklari bilan qiziqdik.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi direktori N.Sharipova jamg‘arma faoliyati, maqsad va vazifalari bilan bolalarni yaqindan tanishtirdi. Bugungi kunda barcha bilishi kerak bo‘lgan reproduktiv salomatlik, immun tanqisligi sindromi nimalarga olib kelishi, uning oldini olish uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish hamda yuqumli kasalliklarning turlari, ulardan qanday saqlanish mumkinligi haqida tushunchalar berdi.
Jamg‘arma faoliyatidan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2009-2013-yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorning bajarilishi bo‘yicha “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi tasarrufidagi “Ambulans” TIP brigadasi jamoasi “Mustahkam oila yili”da Shovot, Xonqa, Qo‘shko‘pir, Gurlan, Urganch tumanlari va Hazorasp tumaniga qarashli Tuproqqal’a mavzesi mahallalari hamda Sarimoy hududi, shuningdek, Urganch shahridagi mahalla va tashkilotlarda bo‘lib, kam ta’minlangan oilalar, reproduktiv yoshdagi ayollar hamda o‘smir yoshdagi qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar. Funksional tashxis usulida aniqlangan kasalliklar bo‘yicha o‘smir yoshdagi qizlar, reproduktiv yoshdagi ayollar hamda boshqalarga ambulator hamda statsionar davolanish uchun tavsiyalar berildi.
Shuningdek, yil bo‘yi aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Reproduktiv salomatlik”, “Erta va qarindosh-urug‘lar orasidagi nikohning salbiy oqibatlari”, “Nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikning ahamiyati”, “Skrining mohiyati”, “Oila mustahkamligi”, “Men sog‘lom turmush tarafdoriman” mavzularida ma’ruzalar o‘qildi. Shuningdek, yoshlar ongini g‘oyaviy tahdid va past saviyali “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’sirlaridan asrash maqsadida ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda tushuntirish ishlari olib bordilar.
Urganch shahridagi “Ko‘zi ojizlar jamiyati”da, maxsus 5-, 6-sonli maktabgacha ta’lim muassasalari, 26-son mahallada, Urganch tumanidagi “Oilaviy bolalar uyi”da bo‘ldilar. Ayniqsa, Ogahiy nomidagi viloyat teatrida kam ta’minlangan oilalarga sovg‘alar ulashib bayramona kayfiyat baxsh etdilar.
Kelajakka e’tibor
“Mustahkam oila yili”da oilalarga, oilaviy sport bilan shug‘ullanishga e’tibor kuchaydi. Joriy yilda “Oila kuni” munosabati bilan viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Xorazm viloyat Kengashi, viloyat “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamg‘armasi hamkorligida “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” mavzusida stol tennisi sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Xiva shahridagi nogiron bolalar o‘rtasida “Sog‘lom avlod uchun” kubogi uchun futbol musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Bolajonlarga jamg‘arma tomonidan sovg‘alar, vitamin va gigiyenik anjomlar tarqatildi.
Viloyat “Olimpiya zahiralari” kollejida 15-16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Futbolimiz kelajagi” respublika kubogi musobaqasining viloyat bosqichi g‘oliblariga jamg‘arma tomonidan uch turdagi muruvvat yordami sifatida dori-darmonlar, gigiyenik anjomlar va bolalar oyoq kiyimlari tarqatildi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Kamalak jilosi”, “Yer kurrasida tinchlik” rasmlar ko‘rik-tanlovlari, umumta’lim maktablari orasida “Salomatlik burchagi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichini o‘tkazilishiga ham jamg‘arma xodimlari munosib hissa qo‘shdilar.
Bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab “Siz bizning kelajagimiz” mavzusida Urganch shahridagi 26-son mahallada, 96-maktab-internatda, “Oila va bolalarni qo‘llab-quvvatlash Assotsiatsiyasi” qoshidagi “Farzandga e’tibor” o‘quv markazi, 6-son maktabgacha ta’lim muassasasi, Nogironlar jamiyatida ro‘yxatda turgan kam ta’minlangan oila farzandlari uchun bayram tadbiri uyushtirildi.
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, ta’lim-fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Xorazm viloyat kengashi bilan hamkorlikda bolajonlarning yozgi dam olish mavsumida bolalar oromgohlarida dam olayotgan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalar farzandlariga viloyat Xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli Yangibozor tumani sport maktab-internati qoshidagi “Shunqor” oromgohining 140 nafariga jamg‘arma tomonidan muruvvat yordami va kitobchalar topshirib bolalarga quvonch baxsh etdilar.
“Avesto” bog‘ida o‘tkazilgan “Namunali mahalla” ko‘rik-tanlovi ishtirokchilariga 40 dona, shuningdek, viloyat imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamiyatida “Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!” shiori ostida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilariga kiyim-kechak, oyoq kiyimlari va kompleks vitaminlar tarqatildi.
Viloyat “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro hayriya jamg‘armasi hamda “Ambulans” shifokorlari tomonidan “Aholining reproduktiv sog‘ligini mustahkamlash”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola» , “OITS va giyohvandlik”, “Sil kasalligi profilaktikasi”, “Yod tanqisligi» va “Skrining – bu nima?” mavzularida viloyatning har bir tumani, chekka qishloq hududlaridagi aholi o‘rtasida suhbatlar uyushtirildi. Respublika “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan muruvvat yordami sifatida keltirilgan kiyim-kechak, oyoq kiyimlari, oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyenik anjomlar hamda kompleks vitaminlar kam ta’minlangan oilalar, reproduktiv yoshdagi ayollar, o‘smirlar hamda imkoniyati cheklangan fuqarolarga tarqatildi.
Yaqinda Urganch shahridagi 29-, 30-mahallalarda o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijasida aniqlangan kamqonlik, me’da-ichak tizimi, buyrak xastaliklari bo‘yicha aholiga zarur dori-darmon, multivitaminlar tarqatildi. 30-son mahalla raisi Roviya opa Suvonova o‘tib borayotgan “Mustahkam oila” yilida uchastka shifokorlari bilan hamkorlikda “Sog‘lom ona – sog‘lom bola”, reproduktiv salomatlik, yoshlar o‘rtasida erta nikohning oldini olish va uning salbiy oqibatlari to‘g‘risida o‘tkazilgan tadbirlar haqida gapirdi. Besh nafar farzandning onasi Oyshajon Qurbonova, Feruza Ro‘zimova, Iroda Xudarganovalar tibbiy-ijtimoiy xodim Oybibi opa Solayeva, UTT shifokori Yulduz Mehmonova ayniqsa, jamoa rahbari Nargiza Sharipovalarga bugungi tibbiy ko‘rik uchun o‘z minnatdorchiligini bildirishdi.
Bugungi kunda jamg‘arma UTT, EKG, kolposkopiya, audiometriya, tezkor laboratoriya (gemoglobinni aniqlash) tibbiy uskunalari, dori-darmonlar, vitaminlar bilan ta’minlangan. “Ambulans” avtomashinasi bilan mutaxassislar uzoq chekka qishloqlarga borib, yuqorida qayd etganimizdek, kam ta’minlangan aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, turli kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
Xorazm viloyati.
Muallif olgan surat