NAFOSATNING QUVONCHI

Ko'kda yulduzlar charog'on bo'lishi, uni yanada yorqinroq ko'rinishi uchun samo musaffo, uning sarhadlari esa keng bo'lmog'i lozim. Jumladan, hayotda ham har bir inson o'z iste'dodini namoyish etishi uchun unga zarur imkoniyat, e'tibor darkor.

Vatandagi har bir yosh, misoli yulduz. Uni chaqnab ziyo taratishi uchun yurt tinch va farovon bo'lmog'i lozim. O'z sohasida iqtidorini ko'rsata olgan, zukko qizlarga kuni kecha 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti topshirilishi bu go'zal qizlarning kelajakda o'z sohasi bo'yicha yanada porloq yulduz misoli ziyo taratishiga zamin bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

1996-yili Buxoro viloyatining Qorako'l tumanida tug'ilgan Nafosat Jo'rabekova ham bu yili ana shunday e'tirofga munosib deb topilgan baxtli qizlardan biri.

Nafosat Ulug'bek aka va Nasiba opalarning erka qizi bo'lishiga qaramasdan ancha mustaqil, tirishqoq, chet tillarga nisbatan ishtiyoqi baland bo'ldi. Qizalog'ida iqtidor va intiluvchanlikni ko'rib, ota-onalari Nafosatni Buxoro shahridagi 53-sonli ixtisoslashtirilgan Davlat umumiy o'rta ta'lim maktabida tahsil olishiga imkoniyat yaratib berishdi. Orzulari osmon qiz Nafosat o'qish chog'ida ingliz va rus tillarini mukammal o'rganib, taniqli yozuvchi va adiblarning kichik-kichik hikoyalarini tarjima qilib turar, shunday hikoyalardan ilhomlanib o'zi ham nasr yo'nalishida qalam tebratardi.

2012-yil Nafosat uchun omadli keldi. O'z ijod mahsulini ingliz tiliga tarjima qilib, “Beg'ubor olam” nomi ostida nashrdan chiqardi. Kitobda iqtidorli qizning o'y-hayollari, ichki kechinmalarining ingliz tilidagi tarjimalari o'rin olgan bo'lib, o'quvchi va o'qituvchilar orasida iliq kutib olindi.

Izlanuvchan ijodkor qiz ijod qilish davomida qalami charhlanib, so'z boyligi ortib bordi. O'tgan yilning o'zida “Kelajak ovozi” tanlovining respublika bosqichida nasr yo'nalishida g'oliblikni qo'lga kiritdi.

“Mustahkam oila yili”ga bag'ishlanib o'tkazilgan “Mustahkam oila – oqibatli bolalar” nomli insholar tanlovida faxrli ikkinchi o'rinni egalladi.

Ota-onasining daldasi, ustozlarining ko'magi va o'gitlari unga kuch va ilhom bag'ishladi. Shuningdek, “Vatan yagonadir” maqolalar tanlovining respublika bosqichidagi g'alabasi ham o'z ustida tinimsiz izlangan qizaloqqa qo'yilgan munosib baho bo'ldi.

– Ota-onam zehnli, ziyoli va ilm qadrini baland tutadigan tanti insonlardir. Shuning uchun biz farzandlardan ko'p kitob bilan oshno bo'lshimizga, ilm yo'lini mahkam tutishimizga undaydilar. Mening kichik bir mehnatimni yuqori baholab, yuksak mukofotga munosib deb topgan ona xalqim, elim, jumladan, Yurtboshimizdan chuqur minnatdorman, — deydi Nafosat. – Onam Nasiba Jo'raуeva tumanimizdagi 15-o'rta ta'lim maktabida biologiya fanidan o'quvchilarga saboq beradi. Ustozlarim, shuningdek, volidamning muallimlik faoliyatini kuzata turib, ularga juda havasim keladi. Men ham kelajakda o'z hayot yo'limni o'qituvchilik sohasi bilan bog'lashga qaror qildim. Zero, ustozlik ham ona misoli insonlarga ma'naviy hayot bag'ishlaydi.

Яна ўқинг:  MUVAFFAQIYATLARIMGA QANOTSAN VATAN!

N. Jo'rabekovada Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining topshirilishi barobarida uning zimmasiga katta mas'uliyat ham yuklatildi. Nafosat hozirda Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-akademik litseyning 1-bosqichida tahsil olmoqda.

Uning oldiga qo'ygan galdagi vazifasi o'zbek xalqining mumtoz she'riyatini chet tillariga tarjima qilib, uni dunyoga tanitmoq va millatimiz she'riyati naqadar so'zga boy va maftunkorligini namoyish etmoqdir.

Ma'rifat TOLIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: