QANOT YOYAYOTGAN TASHABBUS
Eski Qovunchida Namunali tibbiyot xonasi o‘z faoliyatini boshladi
Azaldan xalqimizda yoshi ulug‘ insonlarni qadrlash, ularga muruvvat ko‘rsatish ulug‘ qadriyat hisoblanadi. Mustaqillik bayramining 24 yilligi arafasida Toshkent viloyatining Yangi yo‘l tumanidagi Eski Qovunchi qishloq fuqarolar yig‘ini qoshida namunali tibbiyot xonasining ochilishi ham ana shunday xayrli qadamlardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida aholi, ayniqsa keksalar, ayollar salomatligini asrash, yoshlar orasida sog‘lom oilani shakllantirish, tibbiyot xodimlarining aholi bilan ishlashdagi mas’uliyati va munosabat madaniyatini yuksaltirish, mahalla ahliga qulayliklar yaratish maqsadida ushbu “Namunali tibbiyot xonasi” tashkil etildi.
– Joriy yilning “Keksalarni e’zozlash yili” deb nomlanishi yurtimizda, nuroniylarga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat va ehtiromning bir ko‘rinishidir. Eng ulug‘, eng aziz ayyom arafasida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan bizning Eski Qovunchi qishloq fuqarolar yig‘ini qoshida “Namunali tibbiyot xonasi”ning tashkil etilishi tumanimiz aholisi tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi. Homiy tashkilotlar ko‘magida qarovsiz, tashlandiq xona ta’mirdan chiqarilib, tadbirkor Otabek Jiyanboyev rahbarligidagi “Magnum mediko servis” MCHJ tomonidan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. O‘ylaymanki, bunday tibbiyot xonalarining mahallada tashkil etilishi nafaqat qariya, nuroniylarni, balki barcha yoshdagi aholini, xotin-qizlar, bolalarning ham salomatligini nazorat qilish va mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi Yangiyo‘l tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zamira Alimova.
Ha, keksalarni e’zozlash, ularga ehtirom ko‘rsatish azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Ko‘p yillik mehnati bilan yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, ayni chog‘da keksalik gashtini surayotganlarga ko‘rsatilayotgan alohida hurmat-ehtirom davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ular hayotiga o‘zgacha ma’no bag‘ishlamoqda.
Eski Qovunchi qishlog‘ida umrguzaronlik qilayotgan yetti nafar farzand, 20 nafar nevarayu evaralarning suyukli bobosi Qahhorbek ota Usmonov ellik yil qishloq xo‘jaligi kollejida yoshlarga ta’lim-tarbiya bergan. Bugungi kunda u keksalik gashtini surmoqda. – Avvallari tibbiy tekshiruvlar uchun uch chaqirim uzoqlikda joylashgan tibbiyot xizmat ko‘rsatish tuman poliklinikasiga borardik. Biz keksalarni o‘ylab, uzog‘imizni yaqin qilish maqsadida “Namunali tibbiyot xonasi”ni tashkil etgan barcha rahbarlarga, homiy tashkilotlar mutasaddilariga, xususan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi xodimlariga barcha hamqishloqlarimiz nomidan minnatdorlik bildiramiz, deydi otaxon biz bilan suhbatlashar ekan.
Tibbiyot xonalari birlamchi tibbiy-sanitariya va profilaktik yordam ko‘rsatishni, shuningdek, o‘quvchilarning salomatligi va jismoniy rivojlanishi, ovqatlanish tartibi va sifati, tibbiy profilaktika tadbirlarini va sanitariya-gigiyena normalariga rioya qilishni targ‘ib etish, yoshlar ongiga tibbiy madaniyatni singdirish maqsadida tashkil etilgan. Tibbiyot xonasiga biriktirilgan shifokor hamda hamshiralarning vazifasi ham shundan iborat. Shuningdek, mahalla faollari ham hamshiralar bilan birgalikda haftaning har bir kunida belgilangan reja bo‘yicha xonadonlarga chiqadilar. Ular mazkur Eski Qovunchi qishlog‘ida istiqomat qilayotgan olti mingdan ziyod oila a’zolari salomatligi, xonadonlardagi shaxsiy gigiyena qoidalariga qanday amal qilinayotgani bilan tanishib, ularni nazorat qilib borishadi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bunday tibbiyot xonalarini Respublikaning barcha hududlarida ham tashkil etishni rejalashtirgan.
Bu kabi tashabbuslar mahalla ahliga qulaylik yaratish bilan birga aholi, ayniqsa, yoshlar orasida tibbiy madaniyatni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri