KICHKINTOYLAR KO‘NGLI ShOD

Qo‘shni kelin sho‘xgina qizchasini goh qo‘shnilarnikidan izlab yurar, goh do‘konga chiqsa ham ko‘tarib olib rosa xunob bo‘lardi. Qizaloq bog‘chaga chiqa boshladi-yu, onasi ancha tinchib qoldi. Bola ham uyda kechgacha faqat onasi bilan o‘tiraverib rosa zerikkan ekanmi, ortiqcha xarxasha ham qilmadi. Axir, bu maskanda tengdoshlaridan iborat jamoa, yayrab o‘ynashi uchun sharoit, qolaversa, kun tartibi va ma’naviy muhit mavjud.

Ammo, ba’zi oilalar buni tushunishmaydi chog‘i, yaqinda bolam bilan kasalxonada davolanganimizda xonadoshim shu haqida hasrat qilgandi. Aytishicha, uning ikki nafar bog‘cha yoshiga yetgan farzandi bo‘lib, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga yoki biror to‘garakka qatnashtiraylik desa, uyidagilari ruxsat berishmas emish. Qaynonasi “Kechgacha uydasiz, yoningizda yurib katta bo‘laveradi, ortiqcha pul sarflamanglar”, der ekan. Yuqorida aytgan qo‘shnim Muxlisaxonning qaynonasi esa aksincha, nabirasi ikki yoshga to‘ldi deguncha, “Bog‘cha bolasi boshqacha bo‘ladi, ona ham keyingi homiladorlikkacha dam oladi”, – deb hujjatlarini o‘zlari tayyorlab berdilar. Hozir bu qizaloqning biyron so‘zlashi, har kuni bog‘chasini maqtab kelishini eshitsangiz edi. Goh ertalab badantarbiya qilishganini, goh peshinda na’matak damlamasi ichishganini aytadi.

Onasi esa qizchasining gaplariga kulib:

– Bu maxmadonaning tarbiyachisini aytmaysizmi, Lola opa barvaqt kelib xonalarni shamollatib isiriq tutatib qo‘yadilar. Bog‘chaga kirishingiz bilan magnitofonda yangrayotgan sho‘x-shodon qo‘shiq, rang-barang bayroqchalarning hilpirashi bolalarning e’tiborini tortadi. Kulib turgan tarbiyachilar, mehmon kutayotgan xonadondek hovlilari supirilib stolga yozilgan oppoq dasturxon ustidagi gullar hamma-hammasi kayfiyatni ko‘taradi.

Bu suhbatimizdan so‘ng mahallamizda joylashgan Shayxontohur tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 185-maktabgacha ta’lim muasasasi bilan tanishishga ahd qildim.

Hamma ham o‘zinikini maqtaydi-da, demang, ushbu maskanda yosh avlod salomatligi borasida qilinayotgan ishlar haqiqatdan aytishga arzigulik. Ko‘pgina yangi tashabbuslarni amalga oshirayotgan muassasa rahbari Munira opa G‘iyosovaning aytishlaricha, bog‘chadagi har bir masala, holat tarbiyachilarga bog‘liq. Chindan ham Muslima qizning bog‘cha opasi Lola opa Bashirova mana yigirma besh yildirki shu bog‘chada mehnat qilib kelmoqdalar. Eng kichik yoshdagi bolalar guruhiga bu fidoyi, mehribon tarbiyachining tayinlanishi ham ularning uzoq yillik ish tajribalari, kasbiy fazilatlarga boy inson ekanliklaridandir. Ikki-uch yoshdagi bolalarga hatto shaxsiy gigiyena qoidalarini o‘rgatib, turli sog‘lomlashtirish soatlari, mashg‘ulotlarini o‘tkazib kelayotgan Lola opaning kasbdoshlari-yu, ikki yuzi qip-qizil, bardam, epchil bolajonlarni ko‘rib yurtimizdagi har bir maktabgacha ta’lim muassasalari sog‘lomjonlar bog‘chasiga aylanishini istadim. Zero, farzandlarimiz bog‘cha yoshidanoq sog‘lom bo‘lishsa, zuvalasi pishiq bo‘lsagina ertaga ular chindan ham barkamol avlod bo‘lib yetishishadi.

Yana o‘qing:  M U Sh T I P A R

Sayyora QODIROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: