“Kampirdevor” bitiklari

O`zbekiston Respublikasi dunyoning arxeologik yodgorliklarga boy mintaqalaridandir.

1970- yili Samarqandda O'zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida maxsus Arxeologiya instituti tashkil etilgani o`lkamiz tarixini o`rganishda muhim ahamiyat kasb etdi. Qirq yildan ortiqroq vaqt mobaynida o'zbek arxeolog-qadimshunoslari tomonidan o'nlab dunyo miqyosidagi yirik kashfiyotlar amalga oshirildi. O'zbekiston zamini dunyo madaniyati va sivilizatsiyasining eng qadimiy beshiklaridan biri ekani ilmiy asosda isbotlandi.

– Hozirgi kunda Arxeologiya instituti Fransiyaning ilmiy tadqiqotlar milliy markazi (SNRS), jahonning eng mashhur Luvr muzeyi, Italiyaning Rim, Bolonya va Neapol universitetlari, Ger­maniya Arxeologiya instituti, Yaponiyaning “Yapon madaniyatini o'rganish”, “Buyuk ipak yo'li” xalqaro ilmiy markazlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritib kelmoqda, – deydi O'zbekiston Res­publikasi Fanlar akademiyasi Arxeo­logiya instituti ilmiy kotibi, tarix fanlari nomzodi Abdusobir Raimqulov. – Tashkil etilgan xalqaro ekspeditsiyalar ona Vatanimizning tarixi naqadar boy ekanini yana bir bor isbotladi. Samarqanddagi Afrosiyob, Dobu­siya,­ Qofirqal'a, Toshkent vohasi­dagi Obi Rahmat, Surxon­daryodagi Eski Termiz, Jarqo'ton, Buxoro vohasidagi Oyoqog'itma, Kampir­devor, Poykent, Romitan, Vardonze, Qashqadaryodagi Sangirtepa, Yalpoqtepa, Andijondagi Mingtepa, Jizzax shahridagi Qaliyatepada olib borilayotgan qazishma ishlari bunga misol.

Darhaqiqat, hamkorlik ishlari natijasida 2003-2013-yillar davomida Toshkent viloyatidagi Obi Rahmat g'orida neandertal davri odamlari – Homo sapiens o'tish davri odamining suyak qoldiqlari topildi. Uning atrofidan toshdan yasalgan turli xil mehnat qurollari, hayvon suyaklari va ularni olovdan foydalanganliklari haqida guvohlik beruvchi kul va ko'mir parchalari borligi aniqlandi. Eng muhimi, dunyo olimlarining odamzod paydo bo'lishi bilan bog'liq ko'pgina jumboqlariga yechim topildi.

Keyingi yillarda yurtimiz tarixining noyob yodgorliklaridan yana biri – “voha devorlari” qaytadan o'rganilmoqda. Ularning orasida o'zining uzunligi, ahamiyati va saqlanish darajasi jihatidan Buxoro vohasini o'rab olgan “Kampirdevor” alohida o'ringa ega. Buyuk Xitoy devori kabi xususiyatga ega ushbu devorlar qadimgi Marv va Balxda, Baqtriya bilan So'g'd chegarasida joylashgan “Temir darvoza” atroflarida, Samarqand Sug'ididagi “Devoriy qiyomat “Ust­ru­shona, Choch, Farg'ona hamda Xorazm vohalari chegara­larida ham aniqlangan.

So'nggi ikki yil davomida esa “Kampirdevor”da arxeologik ishlar olib borilib, devorning saqlanib qolgan qismlari 250-280 km masofaga cho'zilgani, Buxoro So'g'dining qadimgi voha chega­ralari qaerdan o'tgani aniq­landi. Mazkur yodgorlik va uning atrofidagi qal'alarning birinchi qurilish davri asosan milodning IV-V asrlariga to'g'ri keladi. Ular Buxoro vohasi hamda Qizilqumning cho'l hududlarida yashovchi ko'chmanchi aholiining hujumlariga qarshi kurashish maqsadida qurilganini ko'rsatmoqda.

Яна ўқинг:  ҲАР ҚАТИДА ГЎЗАЛЛИК МУЖАССАМ

Yana shunday qadimiy arxeologik yodgorliklardan biri Samarqand hokimlarining qarorgohi Qofirqal'a yodgorligidir. U Samarqand tuma­nida qadimgi Darg'om kanali­ning chap qirg'og'ida joylash­gan. Ark, shahriston va rabotdan iborat. Yodgorlikning atrofi mustah­kam mudofaa devori bilan o'ralgan.

Qashqadaryo vohasining Shah­risabz tumani hududida joylashgan Yumaloqtepa yodgor­ligidan topilgan ostadonlar ham o'sha davr odam­larining ma'naviyati haqida tushun­chalar beradi. Ularning tashqi yuza­siga diniy va dunyoviy maz­munga ega bo'lgan bosma suratlar tushi­rilgan.

Tasvirlarda o'lim hodisasidan keyin yuz beradigan voqealar – narigi dunyodagi “samoviy sud” holatlari, chinvat ko'prigi (Qil ko'prik)dan o'tish, uning oldida oltindan yasalgan adolat tarozisini ushlab turgan ma'bud Viraz, Mehr va Rashn ma'budlari, vafot etgan odamning ruhini narigi dunyoga olib borgan oq ot aks ettirilgan.

Istiqlol sharofati tufayli bebaho qadriyatlarimiz tiklanib, ona Vatanimiz tarixini o'rganish, uni xolisona baholash, shu bilan birga ajdodlarimizning boy madaniy meroslarini targ'ib qilish imko­ni­yatiga ega bo'ldik. Bunday keng ko'lamli ishlar yosh avlodni o'z yurtiga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mayna HASANOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: