QO‘ZIQORIN QAYLALI BONFIL
Kerakli mahsulotlar: 500 gramm mol go‘shti, 4 ta kartoshka, 3 ta sabzi, 2 ta piyoz, 2 bo‘lak sarimsoqpiyoz, 4 osh qoshiq kungaboqar yog‘i, 2 osh qoshiq zaytun yog‘i, ta’bga qarab tuz, rozmarin, qora murch, timyan(arpabodyon). Qayla uchun: 300 gramm qo‘ziqorin (shampinyon), 1 qoshiq kungaboqar yog‘i, 100 gr. qaymoq, 2 osh qoshiq un, yarim stakan suv, tuz, qora murch.
Tayyorlanishi: 2 soat oldin yumshoq mol go‘shtiga zaytun yog‘i surib, rozmarin va qora murch sepib yelim paketga o‘rab qo‘yamiz. Kartoshka, sabzi, piyoz va sarimsoqpiyozni to‘rtburchak yoki doira shaklda to‘g‘rab, ustidan 2 qoshiq kungaboqar yog‘i, tuz, timyan, murch solib qo‘lda yaxshilab aralashtiramiz. Go‘shtni qovurganda burishib shaklini yo‘qotmasligi uchun siqib, ip bilan bog‘lab chiqish kerak bo‘ladi. Tovaga 2 osh qoshiq yog‘ solib go‘shtni har tarafi qizarib chiqquncha qovuramiz va alohida likobchaga olamiz. So‘ng sabzavotlarni solib ozgina qovuramiz. Ustidan go‘shtni qo‘yib, 250 darajada oldindan isitilgan gazpechiga qo‘yamiz.
Qayla uchun tovada yog‘ni qizdirib, mayda to‘g‘ralgan qo‘ziroqinlarni solamiz, so‘ng un solib yaxshilab aralashtiramiz. Tuz, murch va suv yoki go‘sht suvi solib o‘rta olovda qo‘ziqorinlarni pishirib, ustidan qaymoqni qo‘shamiz. Quyuq qayla holiga kelguncha yaxshilab aralashtiramiz.
Go‘shtni yupqa parraklarga kesib, ustidan qo‘ziqorinli qaylani quyib chiqamiz. Garnirga esa pishgan sabzavotlarni qo‘yamiz.
GULOYIM