Ko‘zda mehr, so‘zda sehr bor
O‘quvchining ma’naviy salohiyati uning bilimi va zukkoligi bilan o‘lchanadi.
Tabiiyki, bu jarayon ta’lim-tarbiyaning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bilan baholanadi. Bu esa o‘qituvchidan ijodkorlik va yuksak malakani talab etadi.
O‘qituvchi ta’lim-tarbiya berish jarayonida avvalo o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom muhitni yarata olishi lozim. Shuningdek, faqat bilim berish bilan chegaralanib qolmasdan, insoniy fazilatlar, tarbiya asoslari to‘g‘risida ham tushunchalar berib borishi lozimki bu kelajakda o‘quvchi uchun dasturilamal bo‘ladi.
O‘qituvchi dars jarayonida o‘quvchilar fikr-mulohazalari, istak-xohishlarini hisobga olishi, ularning bilimiga, xulqiga xolisona baho bera olishi kerak.
Har bir bolada daho yashirin, degan edi allomalardan biri. Shunday ekan o‘quvchi qanday bahoga o‘qishidan qat’iy nazar unda ma’lum qobiliyat mavjud bo‘ladi. O‘qituvchining vazifasi esa uning mazkur iqtidorini anglay olishi, o‘quvchiga o‘z qobiliyatini namoyon qilishi va rivojlantirishi uchun turtki berishi lozim.
O‘qituvchi o‘z o‘quvchisiga “Ishon va tekshirib ko‘r” usulida yondashmog‘i lozim. Masalan: Yolg‘on gapirgan bolaga “Nimaga yolg‘on gapirasan?” “Sen yolg‘onchisan”, deb emas, balki “Bilaman, sen yolg‘onchi emassan, lekin bu safar yolg‘on gapirding. Men seni boshqa bunday qilmasliginga ishonaman”, deb murojaat etishi darkor. Bu ishonch bolaga juda katta mas’uliyat yuklaydi. O‘zini yolg‘onchi emasligiga ishonishiga urinib ko‘radi. Yolg‘on gapirish odatini tashlaydi.
Yana bir misol. She’r yodlab kelmagan o‘quvchiga – Nega yodlamading? – deb past baho bersak, u o‘z bilimiga nisbatan hukm qilganidan ranjiydi va ruhiyati cho‘kadi. Uning uchun a’lo bahoga erishish va muvaffaqiyat onlari uzoqlashganday tuyuladi. Agar bu holatga boshqacha yondoshsak “she’rni yodlamabsan, sen buni uddalay olarding, urinib ko‘rmabsan. Ertaga albatta bu she’rni yodlab kelasan”, deb unga imkon va ishonch berilsa o‘quvchi mas’uliyatni his qilishni boshlaydi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” deydi dono xalqimiz. O‘quvchilar o‘qituvchidan bilim olish barobarida uning harakatidagi ijobiy va salbiy sifatlarni o‘zlariga yuqtira boradi.
Shunday ekan, bolajonlarimiz xushfe’l, olijanob, yuksak ma’naviyatli, bilimli, aqlan va jismonan sog‘lom bo‘lishlari uchun ularni bolalikdan ma’naviy dunyosini boyitishimiz, ularga samimiy tuyg‘ularimiz orqali mehrimizni berib, qalblarini ezgulik ruhi bilan to‘ldirib, Vatanga oilaga va yaqinlariga nisbatan mehrli, sadoqatli va g‘amxo‘r qilib tarbiyalamog‘imiz lozim.
Dilfuza HAYDAROVA,
Qarshi shahridagi 41-ixtisoslashtirilgan
davlat umumta’lim maktabining o‘qituvchisi