NOZIK BARMOQLARDAN SEHRLI TARANNUM
– Musiqa menga ilhom bag‘ishlaydi, – deydi V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi “Fortepiano” bo‘limining 9-sinfida tahsil olayotgan o‘quvchilardan biri Aziza Botirova.
– Men o‘zbek bastakorlaridan Muxtor Ashrafiy, Rustam Abdullayev, Elyor Nazarovning “Tanovor”, Bahodir Solihovlarning hamda chet el bastakorlaridan I.Bax, L.Betxoven, G.Gendel, S.Rahmaninov, K.Debyussilarning musiqiy asarlarini jon dilimdan sevib ijro etaman. Bizga saboq berayotgan barcha ustozlarimizning mehr va talabchanlik bilan bizga saboq berayotganligi bois tengdoshlarim qatori men ham qator xalqaro nufuzli ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli erishib ishtirok etib kelmoqdaman.
U olti yoshidan beri ushbu musiqa maktabida tahsil olmoqda. Yosh musiqachi ustozi Marat Gumarovdan musiqa tinglash, fortepiano chalish bo‘yicha tahsil olmoqda. Ustozlarining u haqidagi fikrlari ijobiy. Shuning uchun ham Aziza o‘zining kamchiliklarini tezda anglab, to‘g‘irlab oladi. Qator yillardan beri turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib o‘z iqtidorini namoyon etib kelmoqda.
Aziza 2008 yili Moskvada “Yangi nomlar”deb atalgan “Mahorat darsi”da ishtirok etgan bo‘lsa, 2011 yilda Italiyaning Barletto shahrida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rik-tanlovida 2-o‘rin sohibasi bo‘ldi. Shu yili Rossiyaning Samara shahrida o‘tkazilgan Yuriy Bashmetovning “Mahorat darsi”da ishtirok etish nasib etdi. Musiqa olamining sir-sinoatlari bilan yaqindan tanishdi. Yangi do‘stlar orttirdi. Ayniqsa, u italiyalik mashhur professor Mariza Tanzini bilan tanishgani haqida to‘lqinlanib gapirdi. M.Tanzini Toshkentga kelganida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari Xiva va Buxoroga ham sayohat qildi. Sayohat chog‘ida unga A.Botirova hamrohlik qildi. Joylarda yosh musiqachilar uchun “Mahorat dars”larini o‘tkazib kelishdi. Bu sayohat uning yodida yorqin xotiralar qoldirdi.
Keyinchalik 2012 yilda Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan N.Rubinshteyn ijodiga bag‘ishlangan xalqaro tanlovidagi ishtiroki Azizaga omad keltirdi. Yosh musiqa shaydosi bu tanlovda 1-o‘ringa munosib deb topildi. 2013 yilda Italiyaning Peruja shahrida bo‘lib o‘tgan “Assiomi” deb nomlangan xalqaro tanlovda esa oliy sovrin – Gran pri sohibasi bo‘ldi.
2014 yil ham Aziza uchun omadli keldi. U yana Italiyaning Filodelfiya shahrida o‘tkazilgan “Citta di Filadelfia” xalqaro tanlovida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu yutuqlarning barchasida albatta uning ota-onasi hamda ustozlarining ham munosib hissalari bor.
Kelajakda musiqa olamida o‘ziga xos o‘rniga ega bo‘lish uchun intilayotgan Aziza Botirovaga bu yo‘lda doimo izlanishi uchun omad tilab qolamiz.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA