Sabzili tabiiy niqoblar yuz terisini yoshartiradi
“Ilik uzildi” davri, ilk bahor chog‘lari har qanday turdagi teri uchun ham parvarish darkor. Biroq, har kimda ham yuz parvarishi uchun keraklicha vaqt va mablag‘ yetishmaydi. Uy sharoitida tayyorlanadigan niqoblardan foydalanish ham arzon, ham qulay. Quyida biz sizga bir nechta sabzili niqoblarni tavsiya etamiz.
Sabzili niqoblar haqida qiziqarli dalillar:
Ular har qanday yuz terisi uchun mos keladi. Faqat bitta sharti bor: teri qanchalik och rangda bo‘lsa, sabzining to‘qrog‘idan foydalanish kerak.
Sabzidan tayyorlangan niqoblar nafaqat yuz terisini oziqlantiradi, balki uni yoshartiradi ham. Sabzi tarkibidagi beta-karotin va A vitaminlari yuz terisini qurib tortishishdan asrash xususiyatga ega.
Sabzidan tayyorlangan niqoblar qo‘shimcha oziqlantirish mahsulotlari bilan birgalikda (masalan, avokado, limon sharbati, bodring yoki suli) yuz terisini vitaminlar va mikroelementlar bilan oziqlantiradi. Shuningdek, mayda yaralarni bitirib, oqartiradi. Bunday niqoblar yarim soatda tayyorlanadi. Sabzi niqobining nafaqat yuz terisiga, balki qo‘l terisi hamda sochga ham foydasi juda katta. Bugun sizlar bilan sabzili niqoblarni tayyorlash xususida suhbatlashamiz.
Quruq yuz terilari uchun niqob:
- Ikki osh qoshiq sabzi sharbati, bir osh qoshiq yog‘li tvorog va ikki osh qoshiq qaymoqni aralashtirib 20 daqiqaga yuzga surtib qo‘yiladi. Keyin iliq suv bilan yuvib tashlanadi.
- Qaynatilgan sabzini sovugandan so‘ng qirg‘ichning mayda tomonidan chiqarib ikki osh qoshiq asal bilan aralashtiriladi. Bunday niqob yuz terisiga 15 daqiqaga qo‘yiladi so‘ng sovuq suv bilan yuviladi.
- Ikki osh qoshiq sabzi sharbatiga bitta tuxumning sarig‘i, ikki osh qoshiq zaytun yog‘i va smetana, ikki osh qoshiq suli uni qo‘shilib, barchasi aralashtirilgan holda teriga 20 daqiqaga surtib qo‘yiladi, so‘ngra iliq suv bilan yuz yuvib tashlanadi.
O‘rtacha yuz terisi uchun niqob:
- Bir dona sabzi, bir dona olma, qirg‘ichdan chiqazilib bitta tuxumning sarig‘i bilan aralashtiriladi. Bu niqob yuzga surtib qo‘yilgach, 15 daqiqadan keyin iliq suv bilan yuviladi.
- Sabzi qirg‘ichdan chiqazilib kartoshka bo‘tqasi bilan aralashtiriladi. Unga bitta tuxum sarig‘ini qo‘shib, 20 daqiqaga yuz terisiga surtib qo‘yiladi. Keyin iliq suv bilan yuz yuvib tashlanadi.
Yog‘li yuz terisi uchun niqob:
- Qirg‘ichning mayda tomonidan o‘tkazilgan sabzi bo‘tqasiga bir osh qoshiq sut qo‘shiladi. Bu niqob yuzga surtiladi va 15 daqiqadan so‘ng sovuq suv bilan yuvib tashlanadi.
- Bitta tuxumning oqini ko‘pirtirib, unga bir choy qoshiq sabzi sharbati bir tomchidan qo‘shiladi. Uni yuz terisiga surib, 15 daqiqa o‘tgach sovuq suv bilan yuviladi.
Sochga jilo beruvchi va o‘sishi uchun sabzili niqob:
Ikkita sabzidan tayyorlangan sharbat va ikki osh qoshiq katta bargli ko‘k choy, ikki osh qoshiq limon sharbatini aralashtiramiz. Niqob bosh terisi va sochlarga surtilib, sochiq bilan 30 daqiqaga o‘raladi. So‘ngra iliq suv bilan chayiladi.
Turonbeka JABBORLI