MAQSAD SARI YANA BIR QADAM…

Tog‘ etagini binafshalarga burkab navbahor shamoli yelmoqda. Sochlariga jamalak taqqan qizaloqlar ariq bo‘yidan anvoyi yalpizlar terishni boshladi. Yaqindagina ana shu bolalar qatorida o‘yin-kulgu qilib yurgan Veronika qalbidagi cheksiz niyatlarini amalga oshirish maqsadida asta-sekin orzular pillapoyasidan ko‘tarilib, hozirgacha ko‘plab muvaffaqiyatga erishdi. Uni serqirra iste’dod egasi sifatida yoshlarga namuna qilsak arziydi.

Veronika Volodina 1995-yil Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida tug‘ilgan. Bolaligidan har bir sohaga ishtiyoqi baland bo‘lgani sabab maktabdan so‘ng turli to‘garaklarga qatnardi. Sportning tennis turi bo‘yicha bir necha bor viloyat bosqichlarida muvaffaqiyat qozondi. Tasviriy san’atda ham anchagina iste’dodi bor. U ko‘proq tabiat manzarasini chizadi. Tasvirlagan qushlari, cheksiz osmon, moviy suvlar aksidan uning nechog‘li qalbi pok, niyati ezgu ekanini bilish mumkin. Veronikaning asarlari bir necha bor ko‘rik-tanlovlarda yuqori o‘ringa munosib topilgan.

Bundan tashqari u gilam to‘qishni ham maromiga yetkazadi. Mahallasida gilam to‘quvchi ayollarga shogird bo‘lib, bu hunarning sir-asrorlarini ham o‘rgangan. Do‘stlarining aytishicha, u darsdan bo‘sh vaqtlarida doim ustaxona tomon shoshilarkan. Yosh bo‘lishiga qaramay turli hunarlarni egallashga intilayotganini ko‘rib havas qilasan kishi. Mehnatlari o‘z samarasini berib, Veronika 2009 yil “Kamalak yulduzlari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida amaliy san’at yo‘nalishi bo‘yicha gilamlarini namoyish etib g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Orzulari ortidan oshiqayotgan qahramonimiz san’at bilan hamohanglikda yashaydi. Sport, gilamdo‘zlik uning jismoniy va aqliy faolligini charxlasa, san’at, ayniqsa, raqs ruhiyatini tetiklashtiradi. Sakkiz yoshidan o‘zbek milliy raqslarini o‘rganib kelayotgan Veronika ijrosini tomosha qilsangiz, qalbingiz chanqovuzning ohanglariga uyg‘unlashadi.

– Veronikaning shijoatini ko‘rib o‘zim ham tasanno aytaman, – deydi qahramonimizning raqs murabbiyi Sayyora Qosimova. – U o‘ziga xos dunyoqarashi, tashabbuskorlik va tashkilotchilik qobiliyati bilan tengdoshlaridan ajralib turadi. Maqsadiga intilishdan bir zum ham to‘xtamaydi. Unga nafaqat do‘stlari balki, mahalladoshlari, kattalar ham havas qiladi, qo‘llab-quvvatlaydi. Men shogirdim bilan faxrlanaman!

2010 yil u uchun yana ham omadli yil bo‘ldi. Zulfiya nomidagi davlat mukofotini qo‘lga kiritgan Veronika uchun imkoniyatlar eshigi yanada kengroq ochildi. Mehnatlari samarasi o‘laroq 2014 yil O‘zbekiston Davlat San’at va madaniyat institutiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. Hozirda “Xalq ijodiyoti fakulteti”ning birinchi bosqichida ta’lim olmoqda.

Yana o‘qing:  SPORTCHI AYOLLAR BELLASHUVI

– Faylasuf G.Boklning bir gapi bor, – deydi Veronika. – “Ilgarilari tabiati go‘zal mamlakatlar eng boy sanalar edi, endilikda odamlari g‘ayratli, shijoatli davlatlar qudratli hisoblanadi”. Yurtimizda shu qadar imkoniyatlar yaratilmoqdaki bularni so‘z bilan e’tirof etib bo‘lmaydi. Shu kunga qadar nimagaki intilgan bo‘lsam muvaffaqiyatga erishayapman. Bu hukumatimizning biz yoshlarga qaratayotgan g‘amxo‘rligi samarasidir. Tashabbuskor yoshlar hamisha qo‘llab-quvvatlanadi. Men ana shu imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qilyapman.

Inson umrini bejiz oqar suvga qiyoslashmaydi. Hayotning qaytmas daqiqalarini mazmunli o‘tkazish yoki uni behuda sarflash har kimning o‘ziga havola. Bilganimiz shuki, ezgu maqsad sari intilgan odamning har oni fayzli, kelajagi istiqbolli bo‘ladi.

Dildora QARSHIBOYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: