Mehr qo‘rg‘onining mehriboni

Xalqimizda “Qish tog‘dan, bahor cho‘ldan”, degan gap bor. Aslida fasllar kelinchagi insonlarning qalbidan boshlanadi. Qor-qirovli kunlar chekinib, tabiat tobora ko‘rkamlasha borgani sayin ko‘nglimizni iliq kayfiyat egallaydi. Murg‘ak nabirasining jilg‘alar labidan terib kelgan boychechagini omonlik-esonlik deya yuz-u ko‘ziga surayotgan nuroniylarimizning qiyofasida xuddi binafsha singari nurafshonlik aks etadi. Qishi bilan qorda toblangan vujudini bobo quyoshning taftida ilitgan bodomu o‘riklar nafis gullarini ko‘z-ko‘z etadi. Nafaqat tog‘u, cho‘llar, jonajon yurtimizning har bir go‘shasi ko‘rkam manzara kasb etadi.

Ha, bahor ilk qadamlaridanoq mo‘jizalar qilishga kirishib ketadi. Tonggi nasimlarga esh qushlarning sho‘x-shodon xonishi jajji bolajonlarning qiyqiriqlariga ulanadi. Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 5-sonli “Mehribonlik” uyiga ijodiy safar qilarkanmiz, tabiat mo‘jizalarini yo‘l-yo‘lakay zavq bilan kuzatamiz. Qalbimizdagi bahoriy kayfiyat muassasadagi holat bilan beixtiyor uyg‘unlashadi.

Qirq yildirki, ushbu “Mehribonlik” uyida faoliyat yuritayotgan Himoyat Zohidovaning chehrasidagi bolalarcha samimiyatni ko‘rib inson qalbi to‘rt faslda ham gullab turguvchi bog‘ ekanini anglaymiz. Shuning uchunmi, atrofida bolajonlarning g‘ujg‘on bo‘lib unga talpinishlari, “onajon” deya erkalanishlari kishi qalbini munavvar etadi. Himoyat opa muassasa qoshida tashkil etilgan maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

– Bola – ilhom va kuch manbai. Men shirinso‘zlik va mehribonlik bilan ularning qalbiga zavq bag‘ishlagim keladi, – deydi u. – O‘tgan yili fevral oyida “Mehribonlik” uyini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Qarag‘ay, archa singari manzarali, o‘rik, olma, behi, shaftoli kabi turli xildagi mevali daraxtlar ko‘chatlarini o‘tqazdik. Ekilgan anvoyi gullar esa hali zamon kurtak yozib borliqqa chiroy bag‘ishlaydi.

Muassasada hozirgi kunda 92 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ular besh guruhga bo‘linib, har bir guruhning tarbiyachisi bolalarga bosh-qosh bo‘ladi. Bolalar guruhlardan chiqib, saf tortib oshxonaga yo‘l oladi. O‘g‘il-qizlarni kuzata turib, ularning nigohlarida mamnuniyat balqib turganini payqaysiz. Ko‘ngli xotirjam, tunda yaxshi hordiq olgani yuz-u ko‘zidan shundoqqina seziladi. Qaysidir bolakay do‘sti bilan bugungi rejasi xususida muhokama qilsa, yana bir necha qizlarjon qiqirlab allanimalar haqida pichirlashardi. Guruhdagi ba’zi kenjatoylar esa tarbiyachi opasiga bolalarcha erkalik qilar, mehribon opa esa bolani iliq so‘zlar bilan ko‘nglini olishga intilardi.

Яна ўқинг:  “НУДЛИ” ТАОМИ

Muassasadagi oshxona 125 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bolalarning ovqatlanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Keng va yorug‘ oshxonada taomnoma va ovqat mahsulotlari davlat sanitariya vrachi tomonidan qat’iy nazoratga olingan. Bolalarning salomatligini nazorat qilib borish va ularni turli vitaminlarga boy mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida oshxonada “Fitobar” tashkil etilgan bo‘lib, shifobaxsh choy, tabiiy sharbatlar bolajonlarga xush yoqadi.

Ertalabki nonushtadan so‘ng bolalar o‘z guruhlariga qaytib belgilangan maktab formasida muassasada tashkil etilgan maktabga yo‘l olishadi. Biz esa Himoyat opa bilan muassasada ta’lim jarayonidagi ishlar borasida yaqindan tanishish maqsadida maktabga yo‘l oldik. Ta’lim dargohidagi ish sur’ati “Mehribonlik” uyidagi kabi tartib va nazoratda. Bunga muassasa rahbari vazifasini bajaruvchi Shahlo Obidova hamda uning ahil jamoasi birdek mas’ul.

– Bugunning bolasi kechagidek fikrlamaydi. Dunyoqarashi boy, qat’iyatli va dadil, – deydi Himoyat opa. – Ularni kechagi gaplar bilan darslarga qiziqtira olmaysiz. Pirovardida pedagoglarga qo‘yilgan talab ham shunga yarasha. Ammo mazkur dargohda ustozlar ham berilgan vazifaning mas’uliyatini yaxshi anglaydi. Har bir darsga yangiliklar kiritish, bolalarni yuz foiz darsga qamrab olish borasida tinimsiz izlanishadi. Bolalarning bilim va saviyasi yil sayin ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda.

Muassasada keng va shinam xonalar, zamonaviy kompyuterlar o‘quvichilar ixtiyorida. Hamma shart-sharoit muhayyo. Bu yerda tarbiyalangan o‘g‘il-qizlar orasida nufuzli dargohlarda ishlayotgan, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotganlari talaygina. Bundan bir necha yillar oldin Gulchehra shifokor bo‘lish niyatida edi. Mana, hozirda u Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalaridan birida faoliyat yurityapti. Rasm chizib, qator tanlovlarda o‘zini ko‘rsata olgan Yigitali Boqiyev esa Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy dizayner va rassomlik institutida faoliyat olib borayapti. Ko‘paysin Bekmurodov esa Jizzax oliy aviatsiya bilim yurtini tamomlab, Farg‘ona shahridagi harbiy aviatsiya aeroportida bort injeneri vazifasida ishlayapti.

“Mehribonlik” uyida tarbiyalanayotgan bolajonlarning til o‘rgatishga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib ularning chinakam iqtidor egalari ekanligiga amin bo‘lasiz.

Soat kunduzgi o‘n bir. Bolalar sinflaridan chiqib, ikkinchi nonushtaga yo‘l olishdi. So‘ng darsga qaytib, yana tushlikka tayyorgarlik ko‘rishadi. Keyin esa turli to‘garaklarga yo‘l olishadi. “Mehribonlik” uyida ta’lim jarayonidan tashqari jajji bolalarni maktabga tayyorlash ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Яна ўқинг:  Tovusdek xirom aylab...

Qolaversa, tikuvchilik, pazandachilik to‘garaklari qizlarning sevimli mashg‘ulotiga aylangan. Bu yerda ular turli shirinliklar, tansiq taomlarni pishirishni o‘rganish barobarida mehmon kutish odobi, kelinlik ziynati uning ibo, hayo kabi nozik jihatlarini ham ustozlaridan o‘rganib boradi. San’atga oshufta bolalar esa musiqa to‘garagiga, sportga oshno bo‘lganlar ustozi – Farhod Latipovdan uning sirlarini qunt bilan o‘rganib kelmoqda.

– Sport yo‘nalishida 2014-yil “Sog‘lom bola yili” hamda “14-yanvar-Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan mehribonlik uyimizda sportning “Kombat-aykido” turi bo‘yicha Qashqadaryo viloyat saralash ochiq birinchiligi o‘tkazildi, – deydi Himoyat opa Zohidova. – Unda Husan Xoliqov 1-o‘rinni, Umid Ismoilov 2-o‘rinni, Husan Bobonazarov, O‘ktam Qudratov esa 3-o‘rinni egallab muassasamizning nufuzini oshirdi. O‘ylaymizki bunday go‘zal va muhtasham sport zalida hali ko‘plab jahon va Osiyo chempionlari yetishib chiqadi. Buning uchun barcha shart-sharoit yetarli.

Maktabda, shuningdek ingliz tili, matematika, ona tili va adabiyot, tarix va huquq, biologiya, informatika kabi aniq fan to‘garaklari faoliyat ko‘rsatib, ular bevosita o‘quvilarning bilimini oshirishga ko‘maklashmoqda.

– Har bir ishimiz ortida bolalarning yetuk inson bo‘lib kamol toptirish maqsadi mujassam, – deydi Shahlo Obidova. – Berayotgan bilimimiz, yaratilgan shart-sharoitlar, ular orasida o‘tkazilgan turli mavzudagi bayram, tadbir va uchrashuvlar zamirida o‘g‘il qizlarimizning ma’naviy barkamolligi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, mustaqil hayotga qadam qo‘yish arafasidagi bolalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash mavzusi ham chetda qolgan emas. “Mehribonlik” uyida 1993-yil 10-noyabrda qabul qilingan “Fuqarolarining davlat pensiyasi ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 56-moddasiga binoan 7 nafar chin yetim bolaga eng kam oylik ish xaqining 100 foizi, ota-onasining biridan ajralgan 38 nafar bolalarga esa eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida pensiya nafaqasi Kitob tuman ijtimoiy ta’minot bo‘limi tomonidan jamg‘arma bankida bolaning nomiga ochilgan omonatga o‘tkazib borilmoqda.

Shuningdek, “Kamolot” YOIH viloyat kengashi va Muborakneftgaz USHK homiyligida “Biz mustaqil yurt farzandlarimiz” mavzusida bayram tadbiri doirasida tarbiyalanuvchilar uchun bayram dasturxoni bezatilib, 91 nafar tarbiyalanuvchining omonat daftarchasiga 50 ming so‘mdan pul mablag‘i qo‘yildi.

Hamsuhbatim bilan dildan suhbatlashib bolalar kechki ovqatlanishga kirib ketishganini ham payqamay qolibmiz. Endi o‘quvchilarni tunggi navbatchi qabul qilib, ularning sokin orom olishlari uchun parvona bo‘ladi. Biz esa kun davomida 5-”Mehribonlik” uyidagi bolalarning faoliyatini kuzatib bir kuni naqadar sermazmun va qiziqarli tarzda o‘tishiga amin bo‘ldik. Bunda esa Himoyat opa kabi fidoyi, bolalarni jon dili bilan sevuchi o‘qituvchi va tarbiyachilarning o‘rni benihoyat katta.

Яна ўқинг:  “АЙИ”МАС, “АРИ”

Himoyat opa bilan suhbatlashish chog‘ida bu ayol hayotdagi kuch-quvvatni shu go‘shadan olsa kerak deb o‘yladik. Zero, bolalarga bo‘lgan muhabbat bu ayolga g‘ayrat va shijoat bag‘ishlaydi. Himoyat opaning ikki o‘g‘il va ikki qizi bor. U 94 nafar bolasidan ortib oilasidagi sakkiz nafar nabiralariga mehribon buvi bo‘ladi. Uning so‘zlarini tinglay turib, o‘z taqdiridan mamnun ekanligiga, yana takror umr berilsa yana shu go‘shaga qaytib ishlashini aytdi.

Oqshom shabadasi yuzimizni silaydi. Atrofdagi muattar havo ajib sokinlikka uyg‘unlashadi. Oyning yog‘dusi yo‘limizni yoritadi. Osmondagi yulduzlar gumbazi ko‘zni quvnatadi. Beixtiyor muassasa tarbiyalanuvchilarining orzu-o‘ylari, ular uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni, Himoyat opadek fidoyi o‘qituvchilarning ta’lim-tarbiya berayotganini o‘ylab, bag‘rikeng xalqligimizdan faxrlanasan, kishi. Shunday ozod va obod Vatanimizning kelajagi yanada nurofshon bo‘lishiga ishonchimiz qat’iylashadi.

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: