KONSTITUTSIYa VA QONUNNING USTUNLIGI
Mamlakatimizda Istiqlol yillarining dastlabki kunlaridanoq Prezidentimiz tomonidan inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi deb belgilandi. Bu mamlakatimizning asosiy Qonuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham o‘z ifodasini topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining III bobi “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” deb nomlanadi. Ushbu bob 2 ta moddadan iborat bo‘lib, unda konstitutsiyaviylik tamoyili huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan.
Uning 15-moddasida shunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar”.
Ushbu bobning 16-moddasida esa shunday deb belgilab qo‘yilgan: “Mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.
Birorta qonun yoki boshqa normativ huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas”
Aslida, konstitutsiyaviylik zamonaviy demokratik davlatlarning ajralmas belgisi hisoblanadi va davlatchilik asoslarini daxlsiz saqlashga xizmat qiladi. Konstitutsiyaviylikni ta’minlash uchun oliy davlat organlarining faoliyatini Asosiy Qonunga moslashtirish va mamlakatda qonuniylikni o‘rnatish lozim. Demak, konstitutsiyaviylik oxir-oqibatda qonun ustuvorligining muhim ifodasidir.
Mustaqil O‘zbekistonimizning Konstitutsiyasi nafaqat mustaqil demokratik taraqqiyotimizni kafolatlovchi, balki ijtimoiy hayotimizda sodir bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlarni o‘zida aks ettiruvchi asosiy huquqiy hujjat hamdir.
Darhaqiqat, jamiyatimizda mavjud ijtimoiy guruhlar va qatlamlarning manfaat va ehtiyojlari pirovard natijada konstitutsiyaviy tuzumimizning asosiy ustuvor yo‘nalishini belgilab berishini teran anglaganligimiz o‘z navbatida fuqarolik jamiyati yaratishimizga katta imkoniyatlar tug‘diradi.
Konstitutsiyamizning 18-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar”, deb belgilab qo‘yilgan huquqiy norma mamlakatimizda konstitutsiyaviylikning asosiy tayanchlaridan biri ekanligidan dalolat beradi.
Olim Nurillayev,
Yunusobod tuman prokurori
o‘rinbosari