GERANTOLOGIYa VA GERIATRIYa: DONISHMAND IBRAT MAKTABI

Har bir xonadon to‘rida yoshi ulug‘ keksa otaxon va onaxonlarning fayzli qo‘r to‘kib o‘tirishi shu oila baxti. Chunki, navqiron avlod tarbiyasida ularning hayotiy tajribasi ulkan ibrat maktabidir. Keksa ota-onalarimiz, boboyu buvilarimizni asrab-avaylash, ularni e’zozlab, izzat-hurmatini joyiga qo‘yish biz farzandlarning muqaddas burchimizdir. Quyida biz nuroniy qariyalarimiz salomatligiga doir muhim ma’lumotlardan boxabar bo‘lish maqsadida Toshkent Vrachlar malakasini oshirish instituti “Kardiologiya va gerontologiya” kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Gavhar To‘laboyevaga murojaat etdik.

– Inson umrini uzaytirish uchun qanday omillarga ko‘proq e’tibor qaratish zarur?

– Insonlarning ijtimoiy va huquqiy himoyalanganligi, jismoniy va ruhiy muvozanat, faol uzoq umr ko‘rishning jismoniy va ruhiy asoslari, yoshga bog‘liq bo‘lgan patologiya(nuqson)larning patogenezi(kasallikning kechish jarayoni) va bir-biriga bog‘liqligini o‘rganish, oilaning sog‘lom turmush tarzi an’analarini tiklash va mustahkamlash mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining muvaffaqiyatini belgilaydi.

Ovqatlanishda me’yorni saqlash, jismoniy mashqlar bilan yengil va muntazam shug‘ullanish, insonlar bilan samimiy munosabatda bo‘lish, ruhiy poklik, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, bir kecha-kunduzlik uyqu me’yorining 8 soatdan kam bo‘lmasligi va shu kabilar inson umrini uzaytiruvchi asosiy omillar hisoblanadi.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan mahalla institutining insonlarni jipslashtirishi, ma’naviy hamda ruhiy qo‘llab-quvvatlashi kabi vazifalari ham yoshi ulug‘ kishilarning hayotiy farovonligining asosiy omillaridan hisoblanadi.

– Keksalar taomnomasida mijozning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Keksalarning taomnomasi yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar, vitaminlarga boy sabzavot va mevalar, ko‘kat va tabiiy sharbatlardan iborat bo‘lishi zarur. Oqsilga boy bo‘lgan sut mahsulotlari, tuxum, baliq mahsulotlari taomnomaning asosiy qismini tashkil etishi maqsadga muvofiq. Iste’mol qilinayotgan ovqatlarda tuz miqdori kam bo‘lishi zarur. Taomnomada meva va sabzavotlar, meva qoqilari yetarli darajani tashkil etishi nafaqat keksalar, balki yoshlar va bolalar uchun ham muhim sanaladi. Keksalar tez-tez, har 3-4 soatda, oz-ozdan ovqat tanovul qilishlari zarur. Bu ovqatning yaxshi hazm bo‘lishi uchun foydali.

Yosh o‘tgan sari inson tanasida suv miqdori kamayib, u quruq va sovuq mijoz bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham mijozga qarab ovqatlanish sog‘lom bo‘lish kafolatidir.

Mehnatni muhofaza qilish va uni to‘g‘ri tashkil etishda yoshga doir ko‘rsatmalar mavjudmi?

Yana o‘qing:  Ellik yoshdan oshgan ayollar o‘tadigan tibbiy tekshiruvlar

– Mehnatni muhofaza qilishda keksalar salomatligiga zarar yetmaydigan, ularni toliqtirmaydigan mehnat turi tavsiya etiladi. Agar keksa inson jismonan sog‘lom bo‘lib, o‘zini ruhan tetik his etsa o‘z kasbida shu yoshda ham yuqori natijalarga erishishi mumkin. O‘z vazifalarini zo‘riqmay, bir me’yorda bajarishi maqsadga muvofiq. Lekin ularni tungi navbatchiliklardan ozod qilish shart. Qariyalarga og‘ir mehnat turlari tavsiya etilmaydi. Keksalar va qariyalar ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan himoya qilinishini ham alohida ta’kidlash lozim.

– Qariyalarni ko‘proq qanday kasalliklar bezovta qiladi? Ularning oldini olishda qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur deb hisoblaysiz?

– Inson hayoti davomida duch keladigan noqulay shart-sharoitlar, ko‘ngilsiz holatlar, ruhiy zo‘riqish, zararli odatlar va boshqa shu kabi omillar natijasida keksalik vaqtida turli xil kasalliklar kelib chiqadi. Bular yurakning ishemik kasalligi, arterial gipertenziya (xafaqon), insultlar, yurak yetishmovchiligi va uning ritmining buzilishi, qandli diabet, xavfli va xavfsiz o‘sma kasalliklari, artrit(bo‘g‘imlar yallig‘lanishi) va osteoporoz (suyak to‘qimasi g‘ovak bo‘lib, mo‘rtlashib qoladi), ruhiy buzilishlar (demensiya, ruhiy tushkunlik), Alsgeymer kasalligi, ko‘rish va eshitishning buzilishlari va shu kabi kasalliklarni aytib o‘tish joiz.

Geriatr, sotsiolog va psixologlar keksa bemorlarga davo va profilaktika yordamini tashkil etish va amalga oshirishda asosiy e’tibor kasalxonadan tashqarida o‘tkazilishiga qaratilishi lozim deb hisoblaydi. Haqiqatdan ham keksa inson iloji boricha o‘zi yashayotgan muhitda qolishi kerak. Chunki, xotirjam oilaviy muhit hamda farzandlar, nevaralar, yaqinlarining mehru muhabbati ularning ko‘nglini ko‘taradi. Shuningdek, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish keksalarimizning uzoq yashashlariga mustahkam zamin yaratadi. Eng muhimi ular hayotda kimgadir kerak ekanliklarini yurakdan his etib yashashlari zarur.

Gulchehra ShIRINOVA suhbatlashdi


Shu o‘rinda

Gerontologiya – insonning qarish jarayonini o‘rganadigan fan bo‘lib, yunoncha “geros” – qari va “logos” bilim degan ma’nolarni anglatadi. Gerontologiyaning asosiy maqsadi insonning faol va to‘laqonli hayotini uzaytirish yo‘llarini izlab topishdir. U tibbiy biologiya bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, molekula va hujayralardan tortib butun organizmning qarish sabablarini o‘rganadi. Uning ijtimoiy gigiyena sohasidagi ilmiy tadqiqotlari barvaqt qarish sabablarini ijtimoiy sharoitga, kishilarning yashash tarziga bog‘lab o‘rganish hamda ijtimoiy va tibbiy yordam berishning eng maqbul usullarini qidirib topishga qaratilgan.

Yana o‘qing:  BO‘LAJAK ONALAR MAKTABI

Geriatriya – yunoncha “geron” – keksa, qari va “iatreia” – davolash, g‘amxo‘rlik qilish ma’nolarini anglatib, klinik tibbiyotning keksalarga xos kasalliklarini o‘rganadigan, shuningdek, ularning oldini olish va davolash usullarini ishlab chiqadigan bo‘lim bo‘lib, gerontologiyaning muhim bir sohasi hisoblanadi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: