JURNALISTLAR UCHUN SEMINAR
Poytaxtimizdagi “Grand orzu” mehmonxonasida mamlakatimizda OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish, xastalikka chalingan bemorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda bu borada ommaviy axborot vositalarining faolligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan “O‘zbekiston Respublikasida OIV/OITS tarqalishiga qarshi kurashishda doimiy muloqot va ijtimoiy sherikchilikni kengaytirish va kuchaytirish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “OITS, sil va bezgakka qarshi kurash global jamg‘armasi” bilan hamkorlikda tashkil etildi. Seminarda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Respublika OITSga qarshi kurash markazi yetakchi mutaxassislari va shifokorlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar respublikamizda olib borilayotgan izchil islohotlar zamirida inson manfaatlari ko‘zda tutilganligiga to‘xtalib, mazkur soha rivojida O‘zbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinishi muhim dasturilamal bo‘layotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muhbiri