YANGI VEB-SAYT TAQDIMOTI
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014 yil 31 oktyabrdagi “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq shoiraning qutlug‘ yubileyiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Poytaxtimizdagi yoshlar ijod saroyida mazkur sana munosabati bilan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida Zulfiya hayoti va ijodiga bag‘ishlab yaratilgan yangi zulfiyaxonim.uz veb-saytining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sayt o‘quvchilarga shoiraning ijod namunalaridan keng foydalanish imkonini beradi. O‘zbek, rus va ingliz tillarida faoliyat yuritadigan mazkur sayt 10 bo‘lim, 20 rukndan iborat bo‘lib, unga mingga yaqin ma’lumot, shoira she’rlarining matnlari, audio va video materiallar, 100 dan ortiq fotosurat joylashtirilgan.
– Zulfiyaxonim haqidagi veb-saytning tashkil etilishi uning she’rlari, faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlardan yanada keng bahramand bo‘lish imkonini beradi. Qadrli shoiramizning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan bo‘limini rus va ingliz tiliga tarjima qilishda mening ham ulushim borligidan baxtiyorman, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Munisa Sanaqulova.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
M.XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri