Bolasiga musht o‘qtalgan ona yaxshi tarbiyachimi?

Farzand ko‘zimizning nuri, qalbimiz quvonchi, hayotimiz mazmuni. Uning shirin tabassumi nafaqat ota-onani, hatto buva va buvijonlarining ko‘nglini ko‘tarib, butun xonadonni nurga to‘ldiradi. Dunyoga kelishi bilan oiladagilarning barchasi unga g‘amxo‘rlik qilishga harakat qiladi. Shunday ekan, kichkintoylarimiz sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun, ularga e’tiborli bo‘lishimiz hamda hamma harakatlarini kuzatib borishimiz darkor. Ayniqsa, ularni tarbiya qilayotganimizda xatolarga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.

JAZOLASHGA ShOSHILMANG!

U voyaga yetgani sari hamma narsalarga qiziqishi ortadi. Bu nima?Biror buyumning og‘zini ochib ko‘rsa ichidan nima bor, kabi savollar doimo xayolida bo‘ladi. Ba’zi hollarda ruxsat etilmagan narsalarni,bir necha marta ogohlantirishingizga qaramasdan ushlab ko‘rishga harakat qiladi. Ana shunda o‘z-o‘zidan farzandingizga qattiq tanbeh berishga yoki jismoniy jazolashga majbur bo‘lasiz. Hamma ota-onalar bunday o‘ylaydi deya olmaymanu, lekin shunday kattalar ham bor. Ular “Bola meniki, xohlasam uraman, xohlasam so‘kaman”deya farzandlariga zulm yetkazishayotganini o‘zlari bilishmaydi. Yo‘q, go‘dak ham inson, u qonun himoyasida. U jismoniy, emotsional, verbal zo‘rlikka uchramoqda, yana kimdan eng yaqin kishilaridan. Aytaylik, mayli siz asabingiz buzilib farzandingiz xatosi, noma’qulchiligi uchun jismoniy jazo bilan jazoladingiz. Jazolashdan oldin unutmang, bola hech qachon qilgan ishining yomonligini bilmaydi. Unda bunday tajribaning o‘zi yo‘q. Xuddi siz ota-ona bolasini xohlasa uradi, xohlasa so‘kadi deb o‘ylaganingizdek, u ham bu dunyoda ko‘ngliga kelgan ishni qilib ko‘rishi mumkin. Jamiyat sizning qilgan jinoyatingiz uchun sudga bermay, ota-onalik huquqidan mahrum qilmay tushintirib kelayotganidek, siz ham unga tushintiring. Eng avvalo uni shaxs deb hurmat qiling. Shunda hamma narsa o‘z joyiga tushadi.

OG‘IR TARBIYANING MUDHISH XATOSI

Bola jismoniy jazodan so‘ng bu noma’qulchilikni qaytib qilmaydi. Siz esa bu muammoni “osongina hal qildim!” – deb o‘ylaysiz. Lekin bir masalani hal qilib o‘rniga yana mingtasini orttirib olganingizni bilganingizda, balki yugirik qo‘lingiz tiyilarmidi. Dilozorlik ko‘rgan bola sizga qaram, boradigan joyi yo‘q, boshqa mehribon kishisi yo‘q, shuning uchun chidayapti. U ojiz, siz esa uning ojizligidan foydalanayapsiz. Bu bilan katta xatoga yo‘l qo‘yganingizni, kelajakdagi hayotiga qanchalik ta’sir qilishini, uning “men”i sinishini hisobga olmadingiz. Bola sizdan najot kutadi. Har doim og‘ir jazolar takrorlanmasligiga umid qiladi. U sizga nihoyatda bog‘lanib qolgan. U sizni hech qachon yomon deb bilmaydi, og‘ir jazolarni ham noto‘g‘ri deb tushunmaydi. Eng yomoni, bir kuni kelib o‘zi shu ishni qiladi. Jismoniy jazo bolaning jismoniy va aqliy rivojlanishini pasaytiradi. Dunyoga nisbatan salbiy qarash paydo bo‘ladi, odamlarga ishonmaydi, odamovi bo‘lib qoladi. Keyinchalik o‘zaro munosabatlarga kirishishda muammolarga uchraydi.

Yana o‘qing:  MEHR VA E’TIBOR – eng yaxshi muolaja

YO’QOTILGAN BOLALIK

Qattiqqo‘l ona bolasi bilan uyimizga mehmonga chiqdi. Farzandi juda aqlli-tarbiyali, dasturxonga qo‘l cho‘zmas, mumkin emas bo‘lgan narsalarga ruxsatsiz tegmas edi. Doimo onasining ko‘ziga qarab o‘tiradi. Uning yoshi bilan teng qizalog‘im bor, doimo u kelsa xursand bo‘ladi. Ular birga o‘ynashadi, o‘yinchoqlarni talashib, ba’zan kelishmay ham qolishadi. Shunda qo‘shni qiz yig‘lab yubordi. Onasi bir yomon qaragandi qizga darrov yig‘idan tindi. Keyin esa o‘sha qizcha meni qizimni erkalashga, avrashga tushdi. Chunki, unga biror yomon gap gapirsa, onasidan kaltak yeyishini bilardi. Bir ozdan so‘ng narigi xonaga o‘tishdi, sekin borib kuzatsam, qizimni turtkilab, buni men o‘ynayman, yana olib qo‘ysang ko‘rasan deb gapirayotganini guvohi bo‘ldim. Meni o‘ylantirgan narsa nahotki mitti go‘dak, bolaligidanoq ikki yuzlamachilikka o‘rgangan bo‘lsa. Qalbida nafrat, kattalarga nisbatan norozilik paydo bo‘lgan. Bunga uni nima majbur qilgan, albatta hayotga moslashish, yoki kaltakdan qutilib qolish choralarimi?

Ko‘p zo‘ravonlik oqibatida katta bo‘lgan bolalarni psixologlar tilida ikki xil toifada o‘rganamiz. “Sadist” – qonxo‘r, va “mazaxist” – qurbon. Birinchi turdagi bola azob berishni yoqtiradi, yoki azoblanayotgan odamni ko‘rib maza qiladi. U katta inson bo‘lganida, oilali bo‘lib turmush qursa, juftiga yoki bolalariga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lib zarar yetkazishi mumkin. Ikkinchi turdagisi esa azoblanayotganini birovlarga aytib, yoki boshqalarning rahmini keltirib zavq oladi. U o‘zini o‘zidan kuchlilarning oldida qo‘rqoq, kuchsizlarni oldida esa zo‘ravon qilib ko‘rsatadi. Bularning hammasidan ko‘rinib turibdiki, oqibatda ruhiy kasal holatigacha yetib keladi. O‘smir yoshidagi bolalar bir-biriga tan jarohat yetkazgani, yoki arzimagan sabab tufayli noxush holatlarga yetib kelgan ba’zi voqealarni eshitib ham qolamiz. Aslida shu nuqtagacha kelganiga sabab nima? Noto‘g‘ri tarbiya va qattiqqo‘llik oqibatidir. Demak, bunday vaziyatlarning yuzaga kelishiga avvalo ota-ona sababchi bo‘ladi. U bolasini tarbiya qilishdan avval o‘zi yaxshi tarbiya ko‘rgan bo‘lishi lozim.

XULOSA O‘RNIDA

Farzandingizni mehr bilan tarbiyalang. Tushunmagan narsalarini shirin gap bilan, misollar orqali tushuntiring. Yaxshi harakatlarni, shirin so‘zlarni so‘zlashni odat tusiga aylantiring. Shunday ekan farzadlarimizdan mehr-muhabbatimizni ayamaylik. Zero, ular bizning kelajagimiz. Ertamiz egalari sog‘lom va ma’nan yetuk bo‘lib voyaga yetib, kelajakda yurtimizga foydasi tegadigan o‘g‘il-qizlar bo‘lib ulg‘ayishsin.

Yana o‘qing:  Yo‘l harakati qoidalari HUSHYORLIKKA ChORLAYDI

Amaliyotchi psixolog Shahnoza XALILOVA tavsiyalari asosida Charos XUSHVAQTOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: