HARAKATLI O‘YINLAR – BOLALAR BUYRAK KASALLIKLARIDA ShIFOBAXSH OMIL
Bugungi kunda yurtimizda yosh avlodning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk bo‘lib o‘sib-ulg‘ayishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan tub islohot va yangilanishlar hozirda jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotir.
Hozirda urologiya sohasi tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari kabi O‘zbekistonda – jadal rivojlanib borayotgan tibbiyot tarmoqlaridan biridir. Bu sohada bugungi kunda malakali kadrlar tayyorlayotgan, o‘z kasbining fidoyi insonlaridan biri bo‘lgan, O‘zbekistonda bolalar urologiyasiga katta hissa qo‘shayotgan tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar BEKNAZAROV bilan bolalar urologiyasi haqida suhbatlashdik.
– Urologik tizimning inson organizmidagi ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tsangiz. Nefronlar vujudda qanday vazifani bajaradi?
– Bolalar urologiyasi deganda peshob-tanosil a’zolarining peshob ishlab chiqarishi va uni organizmdan chiqarib tashlash tizimi tushuniladi. “Uro” – peshob (siydik), “logos” – fan so‘zlaridan olingan bo‘lib, peshob haqidagi fan ma’nosini bildiradi.
Moddalar almashinuvi jarayonida organizmda keraksiz moddalar paydo bo‘lib, ularni vujuddan chiqarib tashlash talab etiladi. Agar mana shu tizim mukammal ishlamasa, zaharli moddalar organizmda ko‘payib ketishi natijasida inson tanasi halokatga yuz tutishi mumkin. Peshob ishlab chiqarish tizimida, avvalo, buyraklarning ahamiyati katta. Buyraklar 180-200 gramm og‘irlikda bo‘lib, umurtqa pog‘onasining ikki tarafida joylashadi. Ular xuddi loviyasimon ko‘rinishga ega qo‘sh a’zodir.
Buyraklarning asosiy ishchi tizimi – nefronlardir. Nefronlar orqali qon o‘tadi va undan so‘ng qonga o‘xshash suyuqlik kanalchalarga o‘tkaziladi. Har bir buyrakda 1,5-2 millionta nefron mavjud bo‘lib, sog‘lom odamda ular muntazam ishlab turadi. Hatto, zahirada ham bir necha million nefron mavjud. Nefronlar bir kecha-kunduzda katta insonlarda 200-250 litr suyuqlikni o‘zidan kanalchalar sari chiqarib yuboradi. Suyuqlik kanalchalarga tushgach, qayta so‘rilish jarayoni kuzatiladi. Ana shu jarayonda kerakli moddalar organizmga so‘rilib, keraksizlari 1,5-2 litr peshob bo‘lib yig‘iladi. Peshob buyrak jomiga yig‘ilib naychalar orqali qovuqqa tushadi. O‘z navbatida esa qovuq peshobni tashqariga chiqarib tashlaydi. Mana shu jarayonda ishtirok etuvchi a’zolar umumiy urologik tizimga kiradi.
– Tug‘ma urologik kasalliklar paydo bo‘lishiga sabab nima? Qanday orttirilgan buyrak kasalliklari uchraydi?
– Ma’lumki, bolalarda kasallikning ikki xil turi uchraydi, ya’ni: tug‘ma va orttirilgan kasalliklar. Tug‘ma kasalliklarning ikki foizigina naslga borib taqalishi mumkin. Qolgan qismi orttirilgan kasalliklardir. Tug‘ma urologik kasalliklar asosan onaning homiladorlik davrida paydo bo‘ladi. Homila paydo bo‘lgandan to uch oygacha bo‘lgan davrga nisbatan dastlabki homiladorlik deyilsa, ushbu davrda bo‘lajak onaga katta e’tibor qaratib, uni kuchli parvarishlash talab etiladi. Chunki, turli xil ruhiy zo‘riqish(stress)lar, jismoniy zo‘riqishlar, ma’naviy tazyiqlar avvalambor o‘ta sezgir bo‘lgan homilaga, jumladan, to‘ppa-to‘g‘ri uning buyrak tizimiga ta’sir qiladi. Natijada, buyrak koptokchalari yoki kanalchalarining qisman, butunlay ishlamasligi, bitta buyrakning mutlaqo bo‘lmasligi yoki buyraklarning me’yordagidan ko‘proq (3-4 ta bo‘lishi), qovuqning oldingi devori bo‘lmaganligi sababli, oldinga chiqib qolishi kabi noxush holatlar yuzaga keladi. Buning oldini olish uchun homilador onani iloji boricha yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ruhiy va jismoniy zo‘riqishlardan himoya qilish, dastlabki uch oy mobaynida nihoyatda asrash talab etiladi.
Orttirilgan buyrak kasalliklariga esa buyrak koptokchalarining yallig‘lanishi (glomerulonefrit), buyrak kanalchalarining yallig‘lanishi (piyelonefrit) va qovuqning yallig‘lanishi (sistit), buyrak yoki qovuqda tuz va toshlarning paydo bo‘lishini keltirib o‘tishimiz mumkin. Hozirgi kunda yurtimiz aholisi o‘rtasida glomerulonefrit hamda buyrak-tosh kasalliklari ko‘proq uchramoqda.
– Buyrak-tosh kasalliklarining ko‘proq bolalarda kuzatilayotganining asosiy sababi nimada deb o‘ylaysiz?
– Bolalarda uchrayotgan nuqsonlar ming afsuski, so‘nggi yillarda 3-4 barobarga ko‘paydi. Buyrak-tosh kasalligi yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda, 6-8 oylik go‘daklarda ham uchrayotgani juda achinarlidir. Bunga asosiy sabab esa buyraklarda moddalar almashinuvi jarayonining buzilishidir. Makroorganizmda suvda erimaydigan moddalar kompleksi vujudga kelib, kichkina zarralar shakllana boshlaydi. Bu zarralar tabobatda – mikrolitlar deb ataladi. Ular ko‘zga ko‘rinmas bo‘lib, buyrak kanalchalarining tizimida hayot kechirishadi. Tasavvur qilib ko‘rishingiz uchun bir misol keltirib o‘taman. Buyrak kanalchalari tizimi inson soch tolasidan o‘n barobar kichik. Ana shu tizimga zarracha o‘tirib qolsa, peshob dimlanib qoladi va natijada uning tarkibidagi tuzlar shu yerda qolib ketadi. Tuzlar bora-bora toshga aylana borish jarayonida kattalashadi. Oldiniga zig‘irning donasidek kattalikdagi tosh moshning donasidek, chigitdek va nihoyat bodomning danagidek, hatto, undan ham katta bo‘lib ketadi. Ajablanarlisi, tosh peshobning ichida yashab, uning ichida kattalashadi.
Buyrak-tosh kasalliklarining oldini olishning eng asosiy yo‘llaridan biri bu bolaga to‘g‘ri va me’yorida ovqatlanishni o‘rgatishdan iboratdir. Inson organizmidagi ba’zi bir tuzlar nordon muhitda erisa, ba’zilari kislotali (ishqoriy) muhitda parchalanadi. Agar bola har kuni bir xil ovqat iste’mol qilaversa, buyrakda muhit o‘zgarmay qoladi. Ya’ni, kislotali muhitda eriydigan tuz va toshlar hadeb nordon muhit tushaversa, muqim qotib qoladi. Yoki aksincha, nordon sharoitda eriydigan toshlar ishqoriy muhitda eriy olmay, kattalashaveradi. Bolangizni turfa xil ovqatlar bilan oziqlantirib tursangiz, uning buyrak tizimidagi muhit tez-tez o‘zgarib, tuz va toshlar to‘planishiga sabab qolmaydi.
Turmush tarzining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi, buyrak-tosh kasalliklarining paydo bo‘lmasligiga omil bo‘ladi. Shuningdek, to‘g‘ri va xilma-xil ovqatlanishga ham e’tiborliroq bo‘lish talab etiladi.
– Buyrak-tosh kasalliklarining oldini olish, bu kasallikni erta aniqlash va davolash jarayonlari qanday kechadi?
– Hozirda mamlakatimizdagi sog‘liqni saqlash tizimlarida buyrakdagi toshlarni aniqlash uchun ultratovush (UTT) tibbiy uskunasidan keng foydalanilmoqda. Bu uskuna buyrakdagi 2-3 millimetrlik tuz va toshlarni aniqlab berish xususiyatiga ham ega. Agar ota-onalar farzandlarining kelajakda buyrak-tosh kasalliklari bilan kasallanishini istamasa, har 4-6 oyda, hech bo‘lmaganda bir yilda bir marta ultratovush tibbiy uskunasi nazoratidan o‘tkazib turishlari lozim.
Hajmi 0,5 sm kattalikdagi toshlarni dorilar vositasida eritib yuborish mumkindir. Agar bu tosh to‘liq tushirib yuborilmasa, 0,4 smlik tosh to‘rt oy ichida 0,8 smga kattalashadi. Dorilar toshlarning barcha qavatini ham tushira olmaydi. Bunday hollarda faqat operatsiya qilishga to‘g‘ri keladi.
– Buyrakda turli tuz va toshlar uchramasligi uchun tajribali mutaxassis sifatida siz qanday tavsiyalar berasiz?
– Farzandlarimiz bolaligidan qancha ko‘proq harakatda bo‘lsa, o‘rtoqlari bilan turli harakatli o‘yinlar o‘ynasa, ularda ushbu kasallikning paydo bo‘lish ehtimoli shunchalik kamayadi. Buning sababi bolalar harakatda bo‘lganda, uning tana a’zolari, jumladan, buyraklari ham faol bo‘ladi. Shu harakat natijasida buyrakda endigina paydo bo‘layotgan tuz va toshlar tushib ketadi. Yoki ko‘p harakat qilgani tufayli bola ko‘proq suv ichadi va o‘z-o‘zidan buyraklar tez-tez yuvib turilishi natijasida ularda tosh va tuzlarga o‘rin qolmaydi. Bu jarayonda ovqatlanish me’yori hamda sport bilan shug‘ullanish bir maromda olib borilishi quvonarlidir. Sportning naqadar sog‘lom turmush tarziga bevosita aloqadorligini mana shu birgina misol orqali ham bilib olish mumkin.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, qishloqdagi bolalar harakatli o‘yinlarni o‘ynaganliklari, jismoniy mehnat bilan ko‘proq shug‘ullanganliklari bois shaharlik tengdoshlariga qaraganda ularda buyrak-tosh kasalliklari kamroq uchramoqda.
– Bundan kelib chiqadiki, kamharakatlik buyrak-tosh kasalliklariga olib kelishi mumkin ekan-da?
– To‘g‘ri anglabsiz. Gipodinamiya, ya’ni kamharakatlik turli kasalliklar(ortiqcha vazn, yurak qon-tomir kasalliklari va hakozo)ni, xususan, buyrak-tosh kasalliklarini ham keltirib chiqaradi. Shu bois doimo sport bilan jiddiy shug‘ullanish, to‘g‘ri va me’yorida ovqatlanish, vaqti-vaqti bilan shifokor nazoratidan o‘tib turish sog‘lom turmush tarzining asosiy omillaridan biridir.
Davronbek ORIPOV suhbatlashdi.