MEHR-MUHABBAT VA SADOQAT TIMSOLI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan tadbir tashkil etildi.
Unda qo‘mita tomonidan qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti respublika va hududiy komissiyalarining vazifalari belgilab olindi.
Dastur loyihasiga bir qator amaliy takliflar kiritildi. Zulfiyaxonim shaxsi, uning faoliyati va ibratli hayotining yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni, shoiraning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan veb-sayt loyihasi taqdimoti va uni yanada mukammallashtirib ishga tushirish masalasi muhokama etildi.
Zulfiyaxonim ijodi va hayotini yoshlar o‘rtasida yanada targ‘ib etish, shoira uzoq yillar faoliyat yuritgan “Saodat” jurnali qoshida “Zulfiyaxonim maktabi” nomli to‘garak faoliyatini yo‘lga qo‘yish va shoiraning nafaqat she’riyat, balki jurnalistikadagi mahoratini ijodkor yoshlarga o‘rgatish, shuningdek, yurtimizdagi barcha teatrlarda Zulfiyaxonim ijodi, xususan “Xotiram siniqlari” dostoni asosida tayyorlangan spektakllar namoyishini tashkillashtirish hamda shoiraning hayoti va ijodiy faoliyati aks etgan “Sharqning billur ovozi” nomli fotoko‘rgazma tashkil etish va boshqa masalalar xususida kelishib olindi.
Tadbirda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti komissiyasining o‘tgan davrdagi faoliyati va 2015 yilgi mazkur mukofot sovrindorlarini aniqlash maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovlar hamda bu tadbirda ishtirok etayotgan nomzodlarga qo‘yilayotgan talablar, komissiyalar faoliyatini yanada kuchaytirish va sovrindor qizlarning yangi kitoblarini chop etishda ko‘maklashish borasida takliflar kiritildi.
Osiyo JAYLOBOVA,
O‘zDJTU talabasi