PARAOSIYo O‘YINLARI: MEDALLARIMIZ SONI KO‘PAYMOQDA
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilayotgan Paraosiyo o‘yinlarida mamlakatimiz paralimpiyachilari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Qit’amizning 42 davlatidan tashrif buyurgan 4 ming nafardan ziyod sportchi ishtirokida o‘tkazilayotgan ushbu yirik sport anjumanida 27 nafar paralimpiyachimiz sportning yengil atletika, dzyudo, suzish, o‘q otish turlari bo‘yicha musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.
Musobaqaning suzish bahslarida hamyurtimiz Dmitriy Xorlin bir yo‘la uchta oltin medalga sazovor bo‘ldi. U 50 metrga, 100 metrga va 400 metr masofaga suzish bahslarida yuqori natija qayd etib, har uch yo‘nalishda ham Osiyo rekordini o‘rnatdi.
Yana bir sportchimiz Kirill Pankov o‘z shijoati va mahoratini namoyon etib, 50 metr masofaga erkin usulda suzishda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Uning qayd etgan natijasi ham Osiyo rekordi sifatida e’tirof etildi.
Yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan bahslar ham paralimpiyachilarimiz uchun medal va rekordlarga boy bo‘ldi. 800 metr masofaga yugurish bahsida tengsiz ekanini isbotlagan hamyurtimiz Faxriddin Hamroyev Osiyo rekordini yangiladi. Ushbu masofaga yugurish bo‘yicha Damir Pashayev bronza medal bilan taqdirlandi.
Yadro uloqtirish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda Mavlonbek Haydarov yuqori natijani qayd etib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga yana bir oltin medalni keltirdi va Osiyo rekordini o‘rnatdi.
Yengil atletikaning uzunlikka sakrash musobaqalarida ishtirok etgan hamyurtimiz Farrux Mirzaqulov kumush medalni qo‘lga kiritdi. Dzyudo kurashi bo‘yicha vazni 81 kg.gacha bo‘lgan polvonlar musobaqasida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Sharif Xalilov paraosiyo o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa delegatsiyamiz hisobidagi medallar soni 19 taga yetdi. Mardonavor sportchilarimiz hisobida ayni paytga kelib 16 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medali mavjud va O‘zbekiston jamoasi umumjamoa hisobida 4-o‘rinda boryapti.
T.ORTIQOVA