ODDIY MUALLIM
Qadri bilinadi endi menga goh,
Olis maktabimni o‘sha behasham,
Navoiyku bizga ustozdir, biroq,
Kimdir o‘qitganku Navoiyni ham.
Shunday ulug‘ zotga harf o‘rgatgan kim,
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Tuproqday xokisor bezovta jonlar,
Ammo qanoatda tog‘dek ulug‘vor.
Hatto Temurdayin sohibqironlar,
Pirim deb etagin tutgan zotlar bor.
Qaysar jahongirga yo‘l ko‘rsatgan kim,
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Yo‘qdan Beruniylar binolar qilgan,
Mashrabni mashhuri dunyolar qilgan.
Husaynni Ibn Sinolar qilgan,
Abdulloning tilin burrolar qilgan,
Ilon o‘ynatgandek so‘z o‘ynatgan kim?
Oddiy muallim-da, oddiy muallim…
Muhammad YUSUF