Dumbulli dimlama
O‘zbek pazandachiligida dimlamalarning bir-biridan mazali xilma-xil turi uchraydi. Bugungi sizga tavsiya qilmoqchi bo‘lgan dimlama ko‘pchiligimizning sevimli yeguligimiz dumbuldan tayyorlanadi.
Kerakli masalliqlar:
Yog‘ – 200 gr
Go‘sht – 500 gr
Kartoshka – 3 dona
Sabzi – 2 dona
Piyoz – 2 dona
Bulg‘or qalampiri – 3 dona
Pomidor – 2-3 dona
Dumbul (jo‘xori)
bo‘laklari – 3 dona
Sarimsoqpiyoz
bo‘laklari – 2-3 dona
Ko‘kat va ziravorlar, tuz ta’bga ko‘ra.
Tayyorlanishi:
Avval masalliqlarni to‘g‘rab olamiz. Bunda har kim o‘z xohishiga ko‘ra ish tutishi mumkin. Bizning tanlov esa quyidagicha: go‘sht, bulg‘or qalampiri hamda pomidorni to‘rtburchak, piyozni xalqasimon shaklda, kartoshka yarim doira, sabzi doira shaklida, dumbullarni esa to‘rt bo‘lakka bo‘lib to‘g‘raymiz. Taom masalliqlari yirikroq to‘g‘ralsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Qozonga yog‘ni solib qiziganidan so‘ng to‘g‘ralgan go‘shtni solib qovurishni boshlaymiz.
Qovurish jarayonida mayda to‘g‘ralgan sarimsoq piyozni ham qo‘shamiz, u go‘shtga o‘zgacha ta’m beradi. To‘g‘ralgan piyozni solib qovurishda davom etamiz. Yengilgina qovurilgan masalliqlar ustiga avval sabzi, keyin bulg‘or qalampiri va kartoshkani chiroyli qilib teramiz. So‘ng dumbul va pomidorni joylashtiramiz. Eng oxirida esa ko‘kat va ziravorlarni ham sepib, keragicha suv quyamiz hamda 40-45 daqiqaga dimlaymiz. Taom tayyor bo‘lgach, ta’bga ko‘ra bezatib, dasturxonga tortamiz.
Guli NOZ