ASTRONOMLARDAN “GIGAFOTO”
Yevropa Janubiy observatoriyasi astronomlari Somon yo‘li markazining bugungi kundagi eng batafsil suratini olishga muvaffaq bo‘lishdi. To‘qqiz gigapikselli fotosurat observatoriya rasmiy saytida e’lon qilingan (original, 25 Gigabayt; kattalashtirish asboblari bilan qo‘yilgan versiyasi). Shu yerning o‘zida astronomlari ishi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot ham berilgan.
Fotosurat Chilining Atakama cho‘lida o‘rnatilgan VISTA teleskopi yordamida olingan. U to‘rt metrli ko‘zguga ega bo‘lib, infraqizil diapazonda ko‘rish qobiliyatiga ega. Aynan shu diapazon sabab, astronomlar 84 milliondan ziyod yulduzlarning aniq tasvirini olishga muvaffaq bo‘lishdi. Ko‘rinarli yorug‘da ularning aksariyat qismi Somon yo‘lining kosmik changi ortida qolib ketadi.
Olingan fotosuratning hajmi (108 ming 200ga 81 ming 500 piksel) uni astronomiyadagi eng katta rangli rasmlardan biriga aylantiradi. Fotosuratda keltirilgan ma’lumotlar Somon yo‘li markazidagi yulduzlarni rangi va yorqinligi bo‘yicha eng batafsil bo‘linish diagrammasini tuzib chiqish imkonini beradi. Ushbu bo‘linish spiralsimon galaktikalar, xususan, bizning galaktikamiz yulduzlari evolyusiyasi mexanizmlarini tushunishda yordam beradi.
VISTA teleskopida ishlovchi astronomlar, avvalroq, bundan ham batafsilroq – butun Somon yo‘lining 150 gigapikselli fotosuratini e’lon qilishgan edi. Shunga qaramay, galaktikamiz markazi yangi fotosuratda yanada batafsilroq aks etgan.
Internet materiallari asosida Navro‘z NORBOBOYEV tayyorladi.