100 grammga shunchami?!
Bugungi kunda bozorlarimizga tushgan kishining ko‘zi quvnaydi. Savdo rastalarida topilmaydigan mahsulotning o‘zi yo‘q. Istaganingizni harid qilishingiz mumkin. Afsuski, “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek” sotuvchilar orasida ham o‘zgalar haqqiga xiyonat qilayotganlari uchrab turadi. Yaqinda bir onaxondan eshitganlarimni siz bilan baham ko‘rgim keldi:
– Guruch sotayotgan yosh bir yigit mahsulotini tinmay reklama qilardi. Guruch tanlayotganimni ko‘rib, xolajon bir kilogramm bo‘lsayam shu guruchdan olib ko‘ring, keyin yana qaytib kelasiz. Mazasi og‘zingizda qoladi. Ayniqsa, oshni sayratib yuboradi-da, deb rosa maqtadi. Mayli, ozroq olib ko‘raychi deb, ikki kilogramm torttirdim.
Boshqa rastadan ikki kilogramm mayiz oldim. Sumkaga joylayotsam, mayizning vazni ancha og‘ir ko‘rindi.
Tarozingiz, to‘g‘rimi, singlim? Negadir yaqinda olgan guruchim yengilroq, mayiz esa og‘irroq tuyulyapti, dedim.
Tarozim to‘g‘ri, keling guruchingizni tortib ko‘ramiz. Guruch ham ikki kilomidi? Odamlarni aldab, mol sotish gunoh, dedi-da guruchni tarozi posongisiga qo‘ydi.
Naq yarim kilo kam chiqdi-ya, xolajon. Shunchalikka ham boradimi? Olganingizga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa, tezda qaytarib bering. Kilosini to‘g‘ri qilib qayta tortib bersin, deb ayol guruch olgan joyimga borishga undadi.
O‘g‘lim, hozirgina olgan guruchimdan, yarim kilo kam chiqdi. Onangiz tengi ayolni ham aldaysizmi? Yarim kilo ham uradimi, dedim. Bo‘lishi mumkin emas, bering-chi qayta tortib ko‘ray. Sotuvchi yigit guruchni o‘lcharkan, xijolat tortgan odamdek, uzr, xolajon, uzr deb kechirim so‘radi. Tarozining temiri biroz qiyshayib qolgan ekan. Mana, yana qo‘shib, tortib beraman, deb sumkaga bir-ikki hovuch yana guruch tashladi.
Qaytayotsam, mayiz sotuvchi ayol to‘xtatib, xolajon, boshqatdan o‘lchab berdimi, aybini tan oldimi, ishqilib, deb so‘radi.
Baraka topsin, sal xatolik bo‘libdi, qayta tortib berdi, deyishimga qaramay oldiga chaqirib oldi. Nima bo‘lgandayam, yana bir o‘lchab ko‘raylik, deb tarozisiga qo‘ydi. Qarang, yana 100 gramm kam chiqsa deng. Bu safar o‘zimning jahlim chiqib ketdi. Guruchni olib sotuvchi yigitning oldiga qo‘ydim. Pulimni qaytarib ber, noinsoflik ham shunchalik bo‘lar! Axir, ertaga buning jazosi borligini bilmaysanmi? Yana 100 gramm uribsan-a? Yosh bolaga aldangandan ko‘ra, osh yemay qo‘ya qolay. Pulimni ber, dedim.
Voy-bo‘y, buncha maydakash bo‘lmasangiz? 100 grammga shunchami? – deydi-ya uyalmay u. 100 grammdan urayotgan yuzsiz bu sotuvchiga boshqa gap ortiqchalik qilardi.
Nilufar SAPAYEVA