HUQUQSHUNOS ayollar bellashdi
Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Toshkent shahar Adliya boshqarmasi “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” shiori ostida poytaxtda faoliyat yuritayotgan notarius ayollar o‘rtasida tanlov tashkil etdi.
Toshkent shahrida yuzdan ortiq notarial idora bo‘lib, ularning 70 foizida huquqshunos ayollar yetakchilik qiladi. Tanlovning birinchi bosqichida ana shu dilbar ayollarning huquqiy bilimlari, ijtimoiy-siyosiy ongi darajasi sinovdan o‘tkazildi. Ikkinchi bosqichda esa ishtirokchilar iste’dodlarini namoyon etdi. Mazkur bosqichda ular orasidan g‘oliblikka erishgan besh nafar notarial idora rahbarlari tanlab olindi.
“O‘zbegim” restoranida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatlari va senatorlari, Oliy sud sudyalari, Adliya vazirligi xodimlari ishtirok etdi.
Tanlov ishtirokchilari besh yo‘nalishda bellashdilar. Avvalo, har bir qatnashchi o‘zi, oilasi, ish faoliyati haqida hikoya qildi. Ikkinchi yo‘nalishda ular mamlakatimiz mustaqilligi timsoli, ramzi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari asosida huquqiy bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Keyingi yo‘nalishda notariat sohasining poydevori bo‘lib turgan huquqiy asoslarga zamon va xalq istak-xohishi bilan o‘zgartirishlar kiritilishi lozimligi xususida taklif va mulohazalarini bildirdilar.
U hayotda uchrab turadigan hodisalarni, ya’ni notarial idoralarga murojaat qiluvchilarning qonunlar borasidagi mulohazalarini sahna ko‘rinishida ham ifodalab berdi.
Darhaqiqat, eng avvalo, xalq manfaatlarini ta’minlash, ularga har tomonlama ko‘mak berish davlat e’tiboridagi eng muhim vazifalardan biridir. Bellashuvda Gulchehra Qo‘ldoshevaga birinchi o‘rin nasib qildi.
Keyingi yo‘nalishda bellashuvchilar ijtimoiy-siyosiy yetukligini namoyon qildilar.
Butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham OIV va tanosil kasalliklari va giyohvandlik keng tarqalishining oldini olish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Odam savdosi va terrorizmga qarshi kurashda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish uchun zarur ishlar amalga oshirilayotir. Bellashuvda ham ushbu mavzu o‘z ifodasini topdi. Yakkasaroy tuman huquqshunosi Feruza Musayeva ana shu mavzuni o‘ziga xos ifodalab berdi va ikkinchi o‘ringa munosib deb topildi. Mirobod tuman 9-son notarial idora notariusi Aziza Shonazarova esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, voyaga yetmagan bolalarning muammolarini sahna ko‘rinishida mukammal ochib bera olgan, milliy qadriyatlarning xalqimiz hayotida yuksak ahamiyatga egaligini mahorat bilan ifodalay olgan bellashuvning eng yosh ishtirokchisi, Hamza tumani 9-son notarial idora notariusi Shahlo Xo‘jayeva “Tanlovning eng yosh ijodkori” nomiga sazovor bo‘ldi.
Yunusobod tumani 8-son notarial idora notariusi Dilorom Oxunjonova milliy qadriyatlarni ifodalab bergan “Sog‘lom bola – yurt kelajagi“ g‘oyasi orqali tahsinga sazovor bo‘ldi.
Tanlov jarayonida oilaning muqaddasligi, farzand tarbiyasiga yuksak e’tibor qaratish muhimligi, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning noxush oqibatlari, er-xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibi, ularning huquq va majburiyatlari, giyohvandlik va ichkilikbozlik oila zavoli, tibbiy madaniyat sog‘lom avlod garovi ekani, nogiron farzandlar tug‘ilishining oldini olish xususidagi dolzarb vazifalar savol-javoblar, sahna ko‘rinishlari, suhbatlar orqali ochib berildi.
Mamlakatimizning bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini erkinlashtirish, yangilanish odimlari va shiddatlarini, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy va boshqa sohada olib borilayotgan islohotlarni o‘z vaqtida amalga oshirish xalqimizning huquqiy savodxonligi, oilalarning ma’naviy-axloqiy kamolotiga bog‘liq. Shuning uchun ham tanlovda o‘zbek oilasiga xos bo‘lgan milliy qadriyatlar asosida ezgulik eng muhim fazilat sifatida tarannum etildi.
Javlon SA’DULLAYEV