Yurtga sharaf, elga iftixor
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida xalqaro toifadagi hakamni sharaflashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda FIFA referisi Ravshan Ermatovga Vatanimizning yuksak mukofoti – “El-yurt hurmati” ordeni hamda Prezidentimiz sovg‘asi – “Malibu” avtomobili tantanali ravishda topshirildi.
Mamlakatimiz dunyoning rivojlangan davlatlari qatorida e’tirof etilayotgani bejiz emas. Zero, tinchlik-osoyishtalik, adolat hukmron, inson manfaatlari, uning huquq va erkinliklari ta’minlangan mamlakatgina qisqa fursat ichida ana shunday misli ko‘rilmagan natijalarga erisha oladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014 yil 25 iyuldagi farmoniga muvofiq xalqaro maydonda mamlakatimizning sport sohasidagi shon-shuhratini yuksaltirish, o‘zbek futbolining nufuzini oshirish, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish ishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatov “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.
2003 yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarda hakamlik qilib kelayotgan Ravshan Ermatov Osiyoning “Eng yaxshi hakam” nominatsiyasida ketma-ket to‘rt marotaba g‘olib bo‘lgan qit’amizdagi birinchi va hozircha yagona futbol hakamidir. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011 yilda jahonning eng yaxshi hakami, deb e’tirof etdi. O‘zbek farzandining dunyoning tengsiz hakami bo‘lgani futbol tarixida rekord sifatida qayd etilgan. Chunki, hech bir futbol hakami jahon chempionatlari tarixida 9 ta uchrashuvni boshqarmagan.
Tadbirda o‘zbek hakamining bunday yuksak muvaffaqiyati mamlakatimiz mustaqilligi va Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan sportni, xususan, futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy samarasi ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoev so‘zga chiqdi.
T.ORTIQOVA