Koreya – O‘zbekiston: salomatlik borasida samarali hamkorlik
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan xorijiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘rik va muolajalar bolalar salomatligini yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashishda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Janubiy Koreyaning “Save the Children” xalqaro jamg‘armasi, KOFIH jamg‘armasi, “Ewha Womans University” va Inxa universiteti gospitallarida bemor bolalar davolanib kelmoqda.
Yurtimizga tashrif buyurgan Koreya Respublikasining Inxa universiteti gospitali shifokorlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining tibbiy-ijtimoiy markazida bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Janubiy Koreyaning Inxa universiteti gospitali bilan hamkorlikda tashkil etilgan navbatdagi ana shunday tadbir doirasida malakali nefrolog, pediatr, oftalmolog, gastroenterolog, ortoped, neyroxirurg va boshqa mutaxassislar bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
– Mamlakatingizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholi tibbiy madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan tibbiyot markazlari aholining barcha qatlamlarini to‘la qamrab olganini alohida e’tirof etish joiz, – deydi Inxa universiteti gospitali pediatri, professor Kim Sun Ki. – Shifoxonamiz bilan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi o‘rtasidagi hamkorlikdan bag‘oyatda xursandmiz. Biz o‘zbekistonlik shifokorlar bilan aloqalarni yanada rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofazalashdek xayrli ishga hissa qo‘shish tarafdorimiz.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlari birgalikda qator istiqbolli iqtisodiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirayotgani barchaga ma’lum. Istiqlol yillarida mamlakatimizning barqaror taraqqiy etishida jahondagi qator davlatlar bilan o‘zaro do‘stona hamda siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlik muhim omil bo‘lmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda xorijlik ishbilarmonlarning muvaffaqiyatli ish yuritishi uchun barcha sharoit, imkoniyat va imtiyozlar yaratilgani, aloqalarni yanada kengaytirish hamda mustahkamlashga xizmat qilyapti. Zero, mazkur hamkorliklar zamirida inson salomatligi va uning farovon turmushini ta’minlashdek ezgu maqsad yotadi.
– Nabiram Diyorani yurak-qon tomir kasalligi bo‘yicha ko‘rikdan o‘tkazishga keldik. Ushbu xastalik bo‘yicha xorijlik shifokorlarning tavsiyalari asosida muolajalarni olmoqchimiz, – deydi Shohida Po‘latova.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan haftalik doirasida Inxa universiteti gospitali mutaxassislari va mamlakatimiz shifokorlari Toshkent shahri, Toshkent va Navoiy viloyatlarida bo‘lib, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. Yordamga muhtoj bemorlar mamlakatimiz va Janubiy Koreyadagi shifoxonalarda davolanadi.
Navro‘z NORBOBOYEV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri