Shoirlar – bolalarga
Ilyos MUSLIM
Befahm eson
Karam chopig‘iga tushganda Eson,
Hech yerda qolmaydi ekindan nishon.
Kirishdi no‘sh piyoz, sabzi o‘toqqa,
Yovvoyi o‘tdir, deb yuldi u paqqa.
Atirgul ochilsin, deb shoshib-pishib,
G‘unchasin qo‘l bilan ochdi engashib.
Ishkomda uzumni tez yulib oldi,
Yeb ko‘rsa g‘o‘r ekan, uyalib qoldi…
Shukur SA’DULLA
Mitti
Mitti degan mushugim,
O‘taketgan olg‘ir, shum.
Mitti poylab turadi.
Sichqonvoyni ko‘radi.
Sichqon mushukni ko‘rib,
Qochar teshikka urib.
Sichqon qochib qutular,
Mushuk esa tutilar.
Toychoq
Toychog‘im bor – uchqur ot,
Quralay ko‘z – tulpor zot.
Egar-jabduq uraman,
Minib, olg‘a suraman.
O‘zi yog‘och, yoli qil,
Ovunchog‘im, olg‘a yel!
Anvar OBIDJON
Turp
Menga tekkan chog‘ og‘zing,
Tiniq bo‘lar ovozing.
So‘ng ochilar ishtahang,
Bo‘p ketmasang bas, nahang.
Po‘stim osmon rangida,
Qishning sovuq tongidan –
Shimiraman yorug‘lik…
O‘zim – oltiariqlik.
Kalish afsonasi
Seni kiyib olishib,
Rosa kezib yurishdi.
Yo‘lakdagi xaslarni
Dangal ezib yurishdi.
Kalishvoy.
Pisand qilmay qararding
Eh, o‘zingdan pastlarga…
Oxir seni yoqishdi
Qo‘shib o‘sha xaslarga,
Kalishvoy.
Habib RAHMAT
Buloq
Turna ko‘zli buloqcha
Qaynab yotar biqirlab.
Qaynar-u toshib ketmas,
Kulgan bo‘lar qiqirlab.
Tarnovchadan yo‘l ochib,
Oqib-chopib ketadi.
Bog‘ni qumsar, u tomon
Yo‘llar topib ketadi.