Ta’lim muassasalari: zamon bilan hamnafas odimlar

Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda ta’lim tizimini isloh qilish, uni zamon talablari darajasiga yetkazishga alohida e’tibor berilmoqda. O‘tgan davr mobaynida hukumatimiz tomonidan ta’lim tizimiga doir bir qator Qonun va qarorlar, dasturlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Mazkur hujjatlarning izchillik bilan ijro etilishi natijasida mamlakatimizda ta’lim tizimining bugungi qiyofasi dunyo hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida belgilangan vazifalarni og‘ishmay amalga oshirayotgan Samarqand viloyati Urgut tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limida ham ibrat olsa arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtga qadar tumandagi 137 ta umumta’lim maktabining 44 tasi to‘liq qayta qurilib, 3 ta yangi maktab binosi barpo etildi va 2 tasi foydalanishga topshirildi. 32 ta ta’lim maskanida to‘liq, shuningdek, 30 ta maktabda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bolalar va o‘smirlar sport maktabi uchun yangi bino qurish hamda “Barkamol avlod” bolalar markazi va 4 ta ta’lim muassasasi binolarini to‘liq qayta qurish, 1 ta ta’lim muassasasi binosini joriy ta’mirlash ishlari 2014 yilning manzilli dasturiga kiritilgan.

Bugungi kunda tuman umumta’lim maktablarida 4 ming besh yuz nafarga yaqin malakali o‘qituvchi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 180 nafarga yaqin pedagog xodim faoliyat ko‘rsatmoqda.

2014 yilning o‘tgan davri mobaynida qator ta’lim muassasalariga tashkiliy ravishda amaliy-uslubiy yordam uyushtirildi. Bunda ta’lim muassasalari uslubiy birlashmalarining me’yoriy hujjatlari o‘rganib chiqildi va kamchiliklarni joyida bartaraf etish bo‘yicha tegishli maslahatlar berildi.

Joriy o‘quv yilida 12 nafar o‘qituvchining ish tajribasi tuman miqyosida, 1 nafar o‘qituvchining ilg‘or ish tajribasi viloyat miqyosida, shuningdek, 113-umumta’lim maktabi jismoniy madaniyat o‘qituvchisi Barot Ahmedov va 118-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Akram Suyunov respublika pedagogik grant­lari g‘oliblari bo‘lib, tajribalari respublika miqyosida ommalashtirildi.

O‘tgan o‘quv yili davomida maktab kutubxonalari va Axborot-resurs markazlari fondini darsliklar, badiiy va siyosiy, kasbga doir adabiyotlar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan boyitish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, ta’lim muassasalari “Sharq ziyo market” nashriyoti tomonidan nashr etilgan 8 ming 900 dona lotin alifbosidagi badiiy adabiyotlar, “Sharq” nash­riyoti tomonidan chop etilgan 2 ming 136 dona siyosiy adabiyotlar, shuningdek, qo‘llanmalar, darsliklar, badiiy hamda kasb­ga doir adabiyotlar, ensiklopediya to‘plami bilan ta’minlandi.

Yana o‘qing:  SALOMATLIK NAZORATI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2014 yil – Sog‘­lom bola yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan tumandagi barcha ta’lim muassasalarda sog‘lom bolani shakllantirishda ta’lim-tarbiya tizimi va sportning rolini kuchaytirish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, ularni yuqori malakali va tajribali pedagoglar bilan ta’minlash borasidagi ishlarning ko‘lami yanada kengaydi. Jumladan, boshlang‘ich ta’limning yuqori sifatini ta’minlagan holda bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan oshirish, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, bolalar, ayniqsa, qizlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Barkamol avlodni tarbiyalashda “Oila, mahalla, ta’lim muassasalari hamkorligi” konsepsiyasi asosida o‘tkazib kelinayotgan “Sog‘lom bolani tarbiyalash – bizning umumiy vazifamiz”, “Bola tarbiyasida oila va mahallaning roli, ahamiyati va mas’uliyati” kabi mavzulardagi tadbirlar, davra suhbatlari, uchrashuv va kechalar tumandagi barcha ta’lim muassasalarida reja asosida amalga oshirilmoqda. Bunday tadbirlar yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga puxta zamin hozirlaydi. Birgina bu emas, o‘quvchilarning iqtidorini yuzaga chiqarish maqsadida o‘tkazilgan fan olimpiadalari, turli sport musobaqalari, “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzuidagi rasmlar ko‘rgazmasi, “Oras­ta qizlar” ko‘rik-tanlovi hamda bir qator bellashuvlar yangi nomlarni kashf etishda muhim ahamiyatga ega.

Ma’lumki, maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanayotgan bolajonlarning nutqini oshirish, ularning fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, kelgusida bolajonlarning yuksak iqtidor egasi bo‘lib kamolga yetishida muhim o‘rin tutadi. Shu bois ham tumandagi 28 ta maktabgacha ta’lim muassasasi bolalar intellekti, mantiqiy fikr­lashi barvaqt rivojlanishiga ko‘maklashuvchi va harakatlanishni rivojlantiruvchi 6 xil turdagi ko‘rgazmali qo‘llanmalar, didaktik materiallar, mantiqiy o‘yinlar va o‘yinchoqlar bilan ta’minlandi .

Bugungi davr talabi sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishda davlat va jamiyat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam hamda madadni kuchaytirish, ta’lim muassasalarida zamonaviy talablarga javob beradigan shart-sharoitlarni yaratishdan iborat. Shu bois ham sog‘lom bolani tarbiyalash bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar keng ko‘lamda o‘rganinilib, amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, tumandagi 85-umumta’lim muassasasida homiylar tomonidan sun­’iy chim qoplangan zamon talabiga to‘liq javob beradigan sport maydonchasi qurilib foydalanishga topshirildi.

Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etilishini ta’minlash maqsadida futbol, voleybol, stol tennisi, qo‘l to‘pi, basketbol, yengil atletika, badiiy gimnastika, shaxmat-shashka yo‘nalishlarida to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tumanda 73 ta sport zali mavjud bo‘lib, ularda umumta’lim maktablarining 69 ming 880 nafar o‘quvchi yoshlari o‘z mahoratlarini oshirish bilan birgalikda sog‘liklarini ham mustahkamlab borishmoqda.

Yana o‘qing:  Beparvolik boshga tashvish keltirar

Urgut tumanida yoshlarni sog‘­lom va yuqori malakali sportchilar bo‘lib kamol topishlarida 1, 2, 3- Bolalar va o‘smirlar sport maktablari faoliyati ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Malakali murabbiylar boshchiligida o‘zlari qiziqqan sport turlari bilan shug‘ullanayotgan bolajonlar o‘quv yili davomida bo‘lib o‘tayotgan turli sport bayramlari hamda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi dasturi asosida har oyda muntazam o‘tkaziladigan sport musobaqalarida faol ishtirok etib kelishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi ­Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 45 nafar chet tili fani o‘qituvchi kelgusi o‘quv yilida 1-sinfdan xorijiy tillarni o‘rgatishga tayyorlash uchun maxsus kurslarga o‘qishga yuborilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, umumta’lim maktablarining 2-sinflari uchun chet tillaridan darslik majmualarini belgilangan tayanch maktablarida tajriba-sinovidan o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, tumandagi ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ishlar ko‘lami bugunning talabi asosida tashkil etilgan. Zero, talabchanlik bo‘lgan joyda yutuqlar o‘z-o‘zidan kelaveradi.

Abduhalim MELIYEV,

Urgut tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: