Ellar va dillar payvandi

Mamlakatimizda yoshlarni har jihatdan yetuk va barkamol qilib tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ana shunday sa'y-harakatlardan biri 2012 yil 10 dekabrda Prezidentimizning «Chet tillarni o'rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorining qabul qilinishi bo'ldi. Unga muvofiq maktabgacha ta'lim muassasalarida ham bolajonlarga turli chet tillari o'qitilishining joriy etilgani ulardagi iqtidorning yorqinroq yuzaga chiqishiga zamin hozirlamoqda. Qolaversa, yoshlarning chet tillarini puxta o'zlashtirishi uchun ko'plab o'quv markazlari tashkil etilayotir. Xo'sh, ularning faoliyati qanday mezonlarga asoslangan? Bugun xorijiy tillarni o'rgatishga ixtisoslashgan o'quv markazlaridagi yoshlarning bilim saviyasi qay darajada? Shu kabi savollarga oydinlik kiritish maqsadida «RIKS education» o'quv markazi bosh menenjeri, xalqaro ta'lim menenjerlar dasturining O'zbekistondagi eng yosh g'olibi Azimjon Husanovning fikrlari bilan qiziqdik:

– Xalqimizda «Til bilgan el biladi», degan naql bor. Hozirgi axborot texnologiyalari asrida til o'rganishga bo'lgan qiziqish ortib bormoqda. Internet tizimi orqali yoshlar xohlagan ma'lumotni olishi, istagan fanini o'rganishi mumkin. Buning uchun esa til bilish zarur.

Yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning ta'lim olishi, o'qib izlanishi, o'z iqtidorini to'la namoyon etishi uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda xorijiy tillarni o'rgatishga ixtisoslashgan o'quv markazlarining tashkil etilishi, yoshlarimizning til o'rganishlari uchun qulay muhit yaratmoqda.

Farzandlarimizning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish, ularni til o'rganishga yo'naltirish maqsadida 2007 yil «RIKS education» o'quv markazi o'z faoliyatini boshlagan. O'tgan davr mobaynida markazda ko'plab yigit-qizlar chet tillarini mukammal o'rganish imkoniyatiga ega bo'lishdi.

Ma'lumki, barcha kishilar ham chet tilida ravon so'zlasha olmaydi. Boisi, ularning ruhiyati, o'zlashtirish qobiliyati turlicha. O'quvchining salohiyatiga qarab ajratish uchun esa o'qituvchi psixolog bo'lishi zarur. Bu qobiliyati o'quvchilarning ruhiyatini aniqlashda ham qo'l keladi. Ba'zilar nutqi ravon bo'lmagani bois, javob berishga qiynalib, tengdoshlari orasida uyalib qolishi yoki oddiy tanqidlarni ham ko'tarolmay, til o'rganishga bo'lgan ishtiyoqi susayishi mumkin. Shu sababdan bolalarni asta-sekin bosqichma-bosqich bu jarayonga tayyorlab borish kerak. Til o'rganish oson, faqat uning mezonlariga amal qilish kerak.

Bular nimalardan iborat? Avvalo, vaqtni to'g'ri taqsimlay olish zarur. Mashg'ulotlardan so'ng o'tilgan mavzularni oz-ozdan tez-tez takrorlab turish talab etiladi. Eng muhimi esa o'ziga bo'lgan ishonchni yo'qotmaslik kerak. Miyani toliqtirish, zo'riqtirish o'z-o'zidan o'zlashtirish sifatiga ta'sir qiladi.

Яна ўқинг:  ФИДОЙИЛИК ИНСОННИ УЛУҒЛАЙДИ

O'quv markazimizda darslar haftada 3 kun, bir yarim soatdan olib boriladi. Oyda bir marta o'quvchilarning o'zlashtirish darajasi testlar orqali nazorat qilib boriladi. Har bosqich so'ngida yakuniy imtihon olinadi. Testlardan 60 foizdan kam ball to'plagan o'quvchilar keyingi bosqichga o'tkazilmaydi. O'quvchilar orasida qat'iy tartib-intizom o'rnatishga harakat qilamiz. Shu sababdan darslarni sababsiz 3 marta ketma-ket qoldirgan o'quvchilar bilan xayrlashishga majburmiz.

Farzandlarini juda erta qo'shimcha dars to'garaklariga qatnishishlarini istovchi ota-onalar ham yo'q emas. Shuni inobatga olish kerakki, bunday holatda bola katta bosim ostida qoladi va miyaning ortiqcha zo'riqishi bolaning xotirasini susaytirib, ko'p vazifalarni bajara olmasligiga olib keladi. Pirovardida esa uning tilga nisbatan qiziqishlari batamom so'nishi va hattoki aks ta'sir ko'rsatishi ham mumkin. Shu sababdan bolalarni iloji boricha o'zlari qiziqqan yo'nalishda sekin-asta tarbiyalab, ilm berib borish maqsadga muvofiq bo'ladi.

Bundan tashqari ularni uyda mustaqil ravishda ham til o'rganishlariga erishsa bo'ladi. Dunyodagi birinchi sinxron tarjimon Kato Lomb 8 ta tilda bemalol tilmochlik qilgan, 16 tilda esa erkin so'zlasha olgan. O'sha vaqtda audio disklar, quloqchinlar, internet tarmog'i, hattoki til o'rganish maktablari ham bo'lmagan. Biroq, u qanday qilib bir necha xorijiy tillarni mukammal o'rganishga erisha oldi? O'zining «Men tilni qanday o'rganaman?» nomli asarida xorijiy tillarni o'rganishning oddiy va oson yo'llarini 10 ta qoidaga asoslab keltirib o'tgan. Til o'rganmoqchi bo'lganlarga ana shu kitobni topib, o'qishlarini maslahat berardik. Unda til bilan imkoni boricha har kuni muntazam shug'ullanish, o'qish rejasini tuzish, so'zlarni, iboralarni yod olish, muomalada keng qo'llanadigan so'zlar, idioma, ibora va hikmatli so'zlarni yozib borish va xotirada saqlash, nazariya bilan cheklanib qolmay, amaliy mashqlarga ham e'tibor qaratish aytib o'tilgan. Ayniqsa, undagi o'ninchi qoidani o'zlashtirish muhimdir. «O'zingizga ishoning. Hech nimaga qaramay, til o'rganishdan to'xtamang!»

Dilrabo SAYDULLAYEVA yozib oldi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: