Ayol qachon baxtli bo‘ladi?

Biz odatda opa-singillarimizning turli sohalar rivojiga qo‘shayotgan katta hissasini tan olish, ularning hayotimizdagi o‘rni va rolini oshirish, ham siyosiy, ham ijtimoiy nufuzini ko‘tarish, og‘irini yengil qilish haqida ko‘p gapiramiz. Lekin men bu masalaning boshqa tomoniga e’tibor berishni istardim.

Qachon oila baxtli bo‘ladi? Qachonki, ayol baxtli bo‘lsa.

Qachon ayol baxtli bo‘ladi? Avvalambor, uning bolalari, oila a’zolari, turmush o‘rtog‘i sog‘-omon bo‘lsa.

Qachon ayol hayotdan rozi bo‘ladi? Qachonki, oilasi tinch, ro‘zg‘ori farovon bo‘lsa, ertangi kundan ko‘ngli to‘q bo‘lsa.

Islom KARIMOV

Boboquyosh ufqdan zarrin nurlarini sochmoqda. Qaldirg‘ochlar simyog‘ochlarni tutashtirib turgan uzun simlarga tizilishgan. So‘ri ustida soch o‘rimi singari bir tekis taralgan uzum novdalari uzra yoyilgan barglarni elas-elas tebratayotgan shabboda misol ohista yurib kelayotgan ayolning qo‘lida tandirdan endigina uzilgan bir dasta issiq non. Olov taftidan bo‘lsa kerak ikki yuzi qirmizi rang tortgan. Labidagi mayin tabassumi, mehr to‘la qalbi bilan so‘ridagi dasturxon atrofida o‘tirgan turmush o‘rtog‘i va farzandlari davrasiga kelib qo‘shiladi. Chinni choynakdan quyilgan choyni ming bir iltifot bilan dastlab turmush o‘rtog‘iga, so‘ngra o‘g‘il-qizlariga uzatadi. Uning so‘zi shirin, tabassumi jozibali, ko‘zlarida aks etgan quvonch nurlari oila a’zolarining qalbiga ko‘chadi.

Munis ayol so‘ri ustidagi shu mo‘jazgina oila atalmish bebaho ne’matning ilk sahardanoq jamuljamligini ta’minlab, ahil-inoqligiga tirgak bo‘ladi. Ana shu saodat onlari uning baxtu iqbolimikan?!

Xo‘sh, ayol qachon baxtli bo‘ladi?

O‘ktam Mirzayorov,

“Hurriyat” gazetasi bosh muharriri:

Baxt – juda keng tushuncha. U umumiy nuqtai nazardan qaralsa, kishi ehtiyojining har tomonlama qoniqishi bilan bog‘liqdir. Ehtiyoj esa chegarasiz. Demak, baxt umr bo‘yi izlaniladi. Hamma gap, inson uni o‘z vaqtida tanib olishida. Aksariyat hollarda ko‘pchilik biror bir og‘irroq holatga tushib qolganida: “Voy, bir paytlar qanday baxtli ekanman-a”, deb anduh chekadi. Ammo endi kech. Qo‘lingizdan kabutar uchib ketsa, u qaytib qo‘nar, ammo ketgan baxtchi?! Shunday ekan, har bir kunimizga ziyrakroq boqaylik. Baxt o‘zimiz bilan. Ayniqsa, ayollarimizdan baxtliroq inson yo‘q. U ayol sifatida ardoqlanadi. Ona bo‘lib qadrlanadi. Ijtimoiy shaxs sifatida hurmat-e’tiborga sazovor. Turmushimizga bir nazar tashlaylik: Ayol – ustoz, shifokor, deputat, senator, tadbirkor… Ha, bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Oilamizdan tortib, mahalla-ko‘yning, mamlakatimizning tayanchi – Ayol! Ularsiz biror ishimiz bitmaydi. Hamisha yonimizda, ardog‘imizda! Ayol kishi mana shularni sezib, g‘ururlanib, ruhlanib yashasa, undan baxtliroq odam bo‘lmaydi.

Yana o‘qing:  Libosingizda nima yozilgan?

Alohida qayd etishni istardimki, ayol kishi o‘zligini qadrlab yashashi lozim. Qo‘lidagi, bag‘ridagi baxti – inon-ixtiyoriga egalik qilishi, o‘ziga, oilasiga, mahallasiga, vataniga sadoqati uni baxt ko‘shkiga eltishini unutmasligi kerak. Inson atrofidagilarning e’tiboridan qolsa, o‘zini hech kimga keraksizday sezadi. Hamma gap ana shu mehr-e’tiborda. O‘zbek ayollari esa doimo e’tiborimizda. Ularga hamisha jilmayib qarashimizning boisi shu. Shu o‘rinda bir voqeani hikoya qilgim keldi.

Samarqandda, ijodiy safarda edik. San’at ahli, yozuvchilar, olimlar… Uchrashuvlardan qaytgach, kechki ovqatni birga tanovul qilamiz. Biz o‘tirgan dasturxon atrofiga germaniyalik sayyohlar juftligi kelib qo‘shildi. Hamrohlarimdan biri nemis tilida bemalol muloqot qilardi. Suhbat qizib ketdi. Sayyohlar hayron. “Odamlar O‘zbekistonda xorijiy tillarni yaxshi bilishar ekan, gidimiz ham uch-to‘rt tilni bilarkan”, – dedi o‘z taassurotlari bilan bo‘lishib, nemis ayoli. Biz undan yurtimizda yana nimalar diqqatingizni tortdi deb so‘radik. “Ayollari” dedi u va qo‘shni stol atrofida nonushta qilayotgan ikki dugonaga imo qildi. “Xuddi rassom chizgandek, qoshlariga qarang, barvasta, ko‘zlariga qarang, cho‘g‘dek, kiyimlari ham o‘zlariga yarashiqli” Shundagina taqqoslash uchun nemis ayolining yuziga boqdim. Qoshi ham, sochi ham mallarang ekan. Kipriklarigacha. Shu payt “qo‘shnilarimiz” o‘zlariga choy olib kelish uchun yonimizdan o‘tib qoldi. Bu haqda ularga “Sizlarni chiroyli ekan, deyishayapti” deb aytdik. “Sizlar ham mehmonning sha’niga biror narsa deng”, deya gap ham qistirib qo‘ydik. Birdan germaniyalik ayol o‘rnidan turib qizlarning egnidagi atlas kiyimlarini qo‘llari bilan siypalab ko‘rdi. “Juda chiroyli, juda go‘zal” derdi u. Dugonalar ham anoyi emas ekan. Ulardan biri nemischada burro-burro gapirib, germaniyalik ayolning hayratini yanada oshirdi. Zamon bilan hamnafasligi, xorijiy tillarni o‘rganishi, eng muhimi rivojlangan davlat ayollarini o‘zining kiyinish odobi, sharmu hayosi bilan lol qoldirish o‘zbek ayolining yana bir baxti emasmi?!

Shuhrat Qayumov,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, oliy toifali suxandon:

– Akasi, ukasi, o‘g‘li va eng muhimi umr yo‘ldoshi, otasi – ularning barchasi ayol kishi uchun baxt ulashishga kuchi yetadi. Qachonki, ayol kishi ularga kerakligini his etsa, u o‘zini baxtli hisoblaydi.

Agar ayol katta bir qasrday uyda yashasayu yemoq, ichmoq hamda kiyimi ziyoda bo‘lib, sevgan umr yo‘ldoshi, farzandi bo‘lmasa, u qasrning chaylachalik ham qadri qolmaydi. Doimo siz menga keraksiz, yaxshiyam siz borsiz, – degan ikki og‘iz shirin so‘z uchun hatto kasalligini aytmay ham yashayveradi, oilasi uchun jonini ham berishga tayyor turadi.

Yana o‘qing:  HUQUQSHUNOS ayollar bellashdi

Habib Abdunazar, shoir:

Ayol – nafis olam! Uning baxti – ko‘ngil. Ayol ana shu olamdan o‘zi uchun xayoli va ibo nuridan yorug‘ yo‘l izlaydi. Ko‘ngil esa shirin so‘zga doimo ehtiyoj sezadi. Bu anglangan haqiqat, Ammo bu haqiqatga olib boruvchi so‘qmoqlar anchagina. Oila, farzandlar kamoli, ularning sog‘-salomat unib-o‘sib, jamiyat, ota-ona koriga yaraydigan farzandlar bo‘lib voyaga yetishi ham ayolning baxtidir. Ayol oilani bekamu ko‘st ko‘rishni istaydi. Garchi baxt molu dunyo bilan o‘lchanmasada, ammo u hayot kemtiklarini to‘ldiruvchi, orzu-umidlarini qo‘llab-quvvatlab turuvchi dunyoviy vositadir.

Nima bo‘lganda ham so‘z yana yuqorida eslatganimiz ko‘ngilga borib taqaladi. “Shirin so‘z – jon ozig‘i”, – deganlaridek ayolga ozgina e’tibor, bir og‘iz shirin so‘z bo‘lsa, turmushning barcha kamchiliklaridan ko‘z yumadi va dunyoda o‘zini eng baxtli ayol hisoblaydi.

Botir Buzrukov,

tibbiyot fanlari doktori, professor:

Tani sihatlik – jon rohati, shunday ekan, har bir ayol, avvalo sog‘-salomat bo‘lsa, u baxtlidir. Bu yorug‘ olamni munavvar ko‘zlari bilan ko‘ra olayotgan, qo‘llarida bolasini ko‘tarib bag‘riga bosayotgan, eshik yonida turmush o‘rtog‘ini tabassum bilan kutib olayotgan ayolga faqat mehr berib yashamoq lozim.

Er kishi juftihalolining sog‘lig‘iga hamisha e’tiborda bo‘lsa nafaqat oilasi, farzandlari, balki eng avvalo, xonadonidagi o‘z oromini ham aslo yo‘qotmaydi. Samimiy qilib aytganda, gursillab, qarsillab, chopqillab ro‘zg‘or yumushlarini uddalaydigan jufti halolimiz baxtli ekan, biz ham albatta, baxtlilar safidan joy olamiz. Keksalik qaddimizni dol aylab, qo‘llarimizga aso tushganida ham bizni suyaydigan juftihalolimizdir. Ularni baxtiyor aylashni aslo ertaga qoldirib bo‘lmaydi…

Ha, shom cho‘kib birin-ketin dasturxon atrofiga yig‘ilgan farzandlari, turmush o‘rtog‘ining ko‘nglini topishga urinib, yaqinlari uchun qalb quvvati bilan taom tayyorlagan, oila yumushlarini sarishtalagan ayolning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib ham ro‘zg‘orini, ham sevimli kasbini birdek uddalayotgan bekaning diliga ozorlar yaqin yo‘lamasin. Zero, Ayol – mehr-muhabbat ma’budasi, xonadonimizning farishtasi va fayzidir.

Jamila HAYDAROVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: