TIL – NUTQNING QUROLI
Alisher NAVOIY
Agar bir ko‘ngilda til nayzasining jarohati bordir, faqat yaxshi so‘z va shirin til unga malham va rohatdir.
* * *
Muloyim so‘z – vahshiylarni ulfatga aylantiradi; sehrgar – ohang bilan afsun o‘qib, ilonni inidan chiqaradi.
* * *
Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz.
* * *
Tili yomon odam – xalq ko‘nglini jarohatlaydi, o‘z boshiga ham ofat yetkazadi.
* * *
Xushsuxan odam yumshoqlik bilan do‘stona so‘z aytadi; ko‘ngilga tushishi mumkin bo‘lgan yuz g‘am – uning so‘zi bilan daf bo‘ladi.
* * *
So‘zda har qanday yaxshilikning imkoni bor, shuning uchun ham aytadilarki; “nafasning joni bor…”
* * *
Baxt bag‘ishlovchi toza ruh manbayi ham til; yomonliklar keltiruvchi nahs yulduzining chiqar joyi ham til.
* * *
Til shirin va yoqimli bo‘lsa yaxshi; til bilan dil bir bo‘lsa yana yaxshi.
* * *
Til bilan dil – insondagi eng yaxshi a’zolardir. Bo‘stonda – gulsafsar, gulg‘uncha va rayhonlar eng yoqimli gullardir.
* * *
Odam – tili bilan boshqa hayvonlardan imtiyozlidir. Uning tili orqali boshqa odamlardan afzalligi bilinadi.
* * *
Til – shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq noma’qul bo‘lib chiqsa – tilning ofatidir.
* * *
Til shirinligi – ko‘ngilga yoqimlidir; muloyimligi esa – foydali.
* * *
Shirin so‘z sof ko‘ngillar uchun asal kabi totlidir; bolalar uchun muloyim tabiatli odam – halvofurush kabi sevimlidir.